Bunda zamonaviy texnologiyalar alohida o‘rin tutadi. Raqamli yechimlar biznesni tezroq sinab ko‘rish, xaridor ehtiyojini o‘rganish va katta bozorga chiqish imkonini bermoqda. Ammo faqat yaxshi g‘oyaning o‘zi yetarli emas. Uning atrofida ishlaydigan ekotizim — bilim, infratuzilma, investitsiya va aniq huquqiy qoidalar bo‘lishi kerak. Startaplarning ahamiyati ham aynan shu yerda ko‘rinadi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalish bo‘yicha yangi imkoniyatlar paydo bo‘lib, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, venchur kapital bozorini rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni xalqaro bozorga olib chiqishga e’tibor kuchaymoqda.
Startap deganda nimani tushunamiz?
“Startap” so‘zi kundalik hayotimizda tobora ko‘proq ishlatilmoqda. Sodda qilib aytganda, bu muayyan muammoni yangicha yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan, innovatsion mahsulot yoki xizmat yaratadigan va tez o‘sishga intiladigan biznes tashabbusidir. Masalan, fermerga suvni tejashga yordam beradigan sun’iy intellekt dasturi, shifokor va bemor o‘rtasidagi aloqani yengillashtiradigan raqamli platforma, ta’lim uchun yangi mobil ilova yoki eksportga mo‘ljallangan texnologik mahsulotlarning barchasi startap bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, yangi ochilgan har qanday korxonani startap deb atash to‘g‘ri emas. Startapning asosiy jihati — yangilik yaratish, tez o‘sish imkoniyatiga ega bo‘lish va kengroq bozorga chiqishga intilish. Bugun dunyoga mashhur bo‘lgan ko‘plab texnologik kompaniyalar ham o‘z faoliyatini kichik jamoa va oddiyroq ko‘ringan g‘oya bilan boshlagan. Katta biznesning boshlanish nuqtasi ko‘pincha aynan shunday bo‘ladi.
O‘zbekistonda startaplar ko‘paymoqda
O‘zbekistondagi startap ekotizimi hali shakllanish bosqichida. Shunga qaramay, uning rivojlanish sur’atlari e’tiborga molik. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatdagi startaplar soni qariyb 750 taga yetgan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich taxminan 400 ta edi. Bir yil ichida sonning deyarli ikki baravar oshgani sohada faollik kuchayganini ko‘rsatadi. Startaplarga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshgan: 2025-yilda u 329 million dollarni tashkil etgan. Investitsiya bitimlari soni 2024-yildagi 38 tadan 2025-yilda 140 tagacha ko‘paygan. Bu mablag‘larning asosiy qismi xorijiy kapital hisobidan shakllangan. 2024–2025-yillarda O‘zbekiston startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetgani, mamlakatda 15 ta venchur fond faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Bu raqamlar xalqaro investorlarning O‘zbekistonning texnologik loyihalariga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi.
G‘oyani amalga oshirish uchun huquqiy tayanch ham kerak
Startap rivojlanishi uchun faqat qulay biznes muhiti yoki mablag‘ning o‘zi yetmaydi. Qoidalar ham tushunarli bo‘lishi kerak. Ayniqsa, investor, tadbirkor va loyiha muallifining huquq va majburiyatlari oldindan aniq belgilansa, yangi biznesga bo‘lgan ishonch ortadi. Shu nuqtai nazardan, 2026-yil 11-fevralda qabul qilingan Prezidentimizning PQ-59-son qarori muhim qadam bo‘ldi. Hujjatda startapni g‘oya bosqichidan boshlab ishlab chiqish, ishga tushirish va xalqaro bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi to‘rt bosqichli ekotizim nazarda tutilgan. Qarorda 2030-yilgacha startap loyihalar sonini 5 ming taga, jalb qilinadigan venchur investitsiyalar hajmini esa 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Shuningdek, 500 ta startap qiymatini 1 million dollardan, 100 tasini 10 million dollardan, 25 tasini esa 100 million dollardan yuqori kompaniyalarga aylantirish ko‘zda tutilgan. Startaplar hisobidan 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va kamida 400 ta loyihani xalqaro bozorlarga olib chiqish ham rejalashtirilgan. Bunday maqsadlar startaplar endi faqat yoshlar tashabbusi sifatida emas, balki iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.
G‘oyadan ishlaydigan mahsulotgacha
Yangi tizimning e’tiborli jihatlaridan biri — davlat ko‘magining startap rivojlanish bosqichiga qarab berilishidir. Dastlabki bosqichdagi loyihalar uchun davlat venchur jamg‘armalari orqali 20 ming dollargacha konvertatsiyalanadigan qarz ajratish, “Raqamli startaplar” dasturi doirasida esa 10 ming dollargacha grant berish mexanizmlari nazarda tutilgan. Istiqbolli loyihaning MVPsi, ya’ni mahsulotning dastlabki ishlaydigan namunasi uchun zarur xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 50 ming dollardan oshmagan qismi qoplab berilishi mumkin.
IT Park huzurida startaplar uchun moliyaviy va yuridik maslahat xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishi ham muhim. Chunki biznesni boshlayotgan odam uchun mahsulot yaratishning o‘zi kifoya emas. U intellektual mulkini qanday himoya qilishni, investor bilan qanday ishlashni, shartnomalarni qanday tuzishni, soliqqa oid talablarni va xalqaro bozorga chiqish masalalarini ham tushunishi kerak.
“Startaplar to‘g‘risida”gi qonun sari
Startaplarning iqtisodiyotdagi o‘rni oshgani sari ularning huquqiy maqomini aniq belgilash zarurati ham kuchaymoqda. 2026-yil may-iyun oylarida Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Startaplar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi konsepsiyasi muhokama qilindi. Unda startap ekotizimi ishtirokchilarining huquqiy maqomi, startaplarni ro‘yxatdan o‘tkazish, venchur fondlari va investorlarning huquqlari, davlat ko‘magi, intellektual mulkni himoya qilish hamda innovatsiyalarni tijoratlashtirish kabi masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, “startap”, “startap loyiha”, “venchur fond”, “biznes-angel”, “akselerator” va “inkubator” kabi tushunchalarni qonunchilikda mustahkamlash taklif etilmoqda.
Bunday qoidalar shakllansa, ekotizimdagi ishtirokchilar uchun o‘yin qoidalari yanada tushunarli bo‘ladi. Bu esa investor ham, loyiha muallifi ham o‘z manfaatini yaxshiroq himoya qila olishi uchun muhim.
Dunyodagi tajriba nimani ko‘rsatadi?
Startap ekotizimini rivojlantirishda boshqa mamlakatlar tajribasi ham foydali. Masalan, Singapur qisqa vaqt ichida dunyoning yetakchi startap markazlaridan biriga aylandi. 2025-yilgi Global Startup Ecosystem Index reytingida u 4-o‘rinni egallagan. Bunda biznes yuritish uchun qulay muhit, investorlarning mavjudligi, malakali kadrlar va davlat siyosatining izchil qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynagan. Isroil tajribasi esa ilm-fan, universitet va xususiy sektor hamkorligi qanday natija berishini ko‘rsatadi. Mamlakat venchur kapital va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlaridan biri hisoblanadi. Estoniya esa raqamli davlat xizmatlari bilan tadbirkorlik muhitini uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos modelni yaratdi. 2025-yilgi xalqaro reytingda u ham dunyoning yetakchi startap ekotizimlari qatoridan joy olgan. Bu tajribalardan olinadigan asosiy xulosa shuki, davlatning vazifasi har bir startapni doimiy ravishda moliyalashtirish emas. Muhimi, g‘oya paydo bo‘lganidan boshlab uning xalqaro kompaniyaga aylanishigacha bo‘lgan yo‘lda zarur sharoitni yaratishdir.
Eng katta boylik — inson kapitali
Startaplar haqida gapirganda, masalaning eng muhim tomonlaridan biri — inson kapitali. Bugungi yoshlar texnologiyani tez o‘zlashtiradi, yangi bilimni izlashga intiladi va dunyodagi yangiliklardan tez xabardor bo‘ladi. Shu sababli ular uchun tadbirkorlik tushunchasi ham o‘zgarib bormoqda. Endi biznes deganda faqat do‘kon, zavod yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tushunilmaydi. Mobil ilova, raqamli platforma, sun’iy intellektga asoslangan xizmat yoki yangi texnologik mahsulot ham biznesga aylanishi mumkin. Shu sababli startap madaniyatini imkon qadar erta shakllantirish muhim. PQ-59-son qarorida o‘quvchilar uchun “Mohirlik va biznes soati” tadbirlarini tashkil etish, “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovlarini o‘tkazish va istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.
Bugun maktab yoki universitet auditoriyasida tug‘ilgan bir g‘oya ertaga katta kompaniyaning boshlanishiga aylanishi mumkin. Buning uchun yosh odamga faqat g‘oya emas, uni sinab ko‘rish imkoniyati ham kerak.
Kichik g‘oyadan katta iqtisodiy natijagacha
O‘zbekiston oldida yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportni oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va jahon bozorida raqobatbardoshlikni kuchaytirish kabi vazifalar turibdi. Bunday maqsadlarga faqat an’anaviy iqtisodiyot tarmoqlari hisobidan erishish qiyin. Yangi qiymat yaratadigan, intellektual mulkni eksport qiladigan va xalqaro bozorda raqobatlasha oladigan kompaniyalar ham kerak. Startaplar ana shunday bizneslar uchun o‘ziga xos maktab vazifasini bajarishi mumkin. Lekin startaplar sonining ko‘pligi o‘z-o‘zidan muvaffaqiyat degani emas. Muhimi, ularning qanchasi real mahsulot yaratadi, nechta yangi ish o‘rni ochadi, qancha eksport qiladi va iqtisodiyotga qancha qo‘shimcha qiymat olib kiradi. Shu nuqtai nazardan, kelgusi bosqichda uchta masala ayniqsa muhim bo‘ladi: malakali kadrlar, venchur kapital va xalqaro bozorga chiqish imkoniyati vujudga keladi. O‘zbekiston startaplari uchun yana bir katta imkoniyat bor: mahalliy muammoni global bozor uchun yechimga aylantirish. Agar biror yechim mamlakat ichida foydali bo‘lsa, uni boshqa bozorlarga moslashtirish imkoniyati ham bo‘lishi mumkin.
Kelajak bugungi g‘oyadan boshlanadi
O‘zbekistonda startap ekotizimining huquqiy asoslari shakllanmoqda. Venchur kapital bozori rivojlanmoqda, universitetlar bu jarayonga tobora ko‘proq jalb etilmoqda, davlat tomonidan moliyaviy va infratuzilmaviy ko‘mak mexanizmlari yaratilmoqda. Endi masala mavjud imkoniyatlardan qanday foydalanishda. G‘oyani topish — faqat boshlanishi. Uni sinab ko‘rish, ishlamagan joylarini tuzatish, mahsulot yaratish, foydalanuvchi topish, investor jalb qilish va oxir-oqibat xalqaro bozorga chiqish ancha uzoq yo‘l hisoblanadi. Shuning uchun startapni faqat “yangi biznes” deb ko‘rish torlik qiladi. U yangi fikrni amaliy natijaga aylantirish jarayonidir. Agar bu jarayon uchun zarur muhit yaratilsa, bugungi kichik g‘oya ertangi katta iqtisodiy qiymatga aylanishi mumkin. Shu ma’noda, startaplar kelajak iqtisodiyotining bir chekkasidagi yo‘nalish emas. Ular bugundan shakllanayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biriga aylanishi mumkin.
Tojiboyev Akbar,
Toshkent davlat yuridik unioversiteti
Fuqarolik huquqi sho‘basi professori vazifasini bajaruvchi, PhD