Oqibatda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana uch nafari turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilishicha, YTH 6-avgust kuni Mordoviya Respublikasi Lyambir tumanidagi Bloxino qishlog‘i yaqinida, M-5 "Ural" avtomagistralining 180-kilometrida sodir bo‘lgan.
Unda "MAZ" rusumli yuk avtomashinasi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat raqami bilan harakatlangan "Chevrolet Spark" engil avtomashinasi to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi — 1996-yilda tug‘ilgan A.A.P. va 1997-yilda tug‘ilgan B.Sh.A. halok bo‘lgan.
Yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi — 2002-yilda tug‘ilgan A.R.P., 1989-yilda tug‘ilgan B.M.A. va 2006-yilda tug‘ilgan A.M.P. turli darajada tan jarohatlari bilan Mordoviya Markaziy klinik shifoxonasiga joylashtirilgan.
Konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, jabrlangan fuqarolarga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular shifoxonadan chiqarilgan.
Mazkur holat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Konsulxona mahalliy mas’ul va vakolatli organlar bilan aloqani yo‘lga qo‘ygan.
Halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va boshqa zarur jarayonlar yakunlanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytarish ishlari Migratsiya agentligi tomonidan amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Konsulxona halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, jabrlangan fuqarolarga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.