Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy maqsadlari, printsiplari hamda ustuvor yoʻnalishlari belgilanmoqda. Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlari hamda majburiyatlari aniq nazarda tutilgan.
Loyihada “safarbarlik tayyorgarligi” va “safarbarlik” tushunchalari ilk bor aniq va kompleks huquqiy mazmunda ifodalanmoqda.
Hujjatda umumiy yoki qisman safarbarlikni eʼlon qilishning huquqiy mexanizmlari, davlat organlari va tashkilotlarning vazifalari, iqtisodiyot tarmoqlarini urush davri sharoitida ishlashga oʻtkazish tartibi ham belgilab berilmoqda.
Xususan, davlat va aholini oziq-ovqat, yoqilgʻi, tibbiy xizmat, transport va aloqa kabi muhim xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash choralari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun ish joyini saqlab qolish, kredit toʻlovlarini kechiktirish hamda etkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar mazkur qonun loyihasi mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, Qurolli Kuchlarning jangovar va safarbarlik shayligini mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Yakunda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi