Nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan 5 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.
Kongress doirasida transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotrafik, korrupsiya va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, shuningdek, bolalarni himoya qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva anjuman doirasida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan ham uchrashdi.
“Biz BMTning ushbu tuzilmasi bilan faol hamkorlik qilib, qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Qayd etilishicha, mazkur kongress Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etgan. Barcha ishtirokchi davlatlar navbatdagi kongressni Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha mamlakat tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan. Bu tashabbus yakuniy deklaratsiyada ham oʻz tasdigʻini topgan.
Saida Mirziyoyeva bu qarorni Oʻzbekistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi yuksak ishonch ramzi sifatida baholadi.
2031-yilda Oʻzbekiston dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan delegatsiyalarni qabul qiladi. Navbatdagi kongressga tayyorgarlik jarayoni besh yil davomida olib boriladi.