Saida Mirziyoyeva, shuningdek, 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktabda ham bo‘ldi. Bog‘cha 1970-yillarda qurilgan oromgoh o‘rnida joylashgan. Maktab binosi undan ham eski — 1960 yilda barpo etilgan bo‘lib, sig‘imi o‘quvchilar soniga mos kelmaydi. Har ikki obyekt yangidan quriladi.

Gap tibbiyot va ta’lim haqida ketar ekan, shifokor va o‘qituvchining ish joyi, yaratilgan sharoit, farzandini maktab yoki bog‘chaga kuzatayotgan ota-onaning ko‘ngli to‘q bo‘lishi — eng muhim, birinchi galdagi masaladir. Odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar o‘n yillab cho‘zilmasligi kerak. Jarayonni tezlashtirish, aniq va sezilarli natija tez fursatda amalda ko‘rinishi lozim.