Endigi vazifa — uni zamonaviy O‘zbekiston kino industriyasining milliy brendi va tayanch markaziga aylantirish.

Buning uchun kino sohasida boshqaruv tizimi o‘zgarishi kerak. Bundan buyon davlat filmning ijodiy jarayoniga aralashadigan buyurtmachi emas, sohani rivojlantiradigan va moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydigan strategik hamkor bo‘ladi. Xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va ijodkorlar esa industriyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.

Kinoni ishlab chiqarishdan tomoshabingacha bo‘lgan butun zanjir — moliyalashtirish, distributsiya, prokat, festivallar va eksport — zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Milliy kino merosini saqlash, restavratsiya va raqamlashtirish tizimi kuchaytiriladi, yangi avlod ijodkorlarini tayyorlash va xalqaro tajriba almashinuviga keng yo‘l ochiladi.

Eng muhimi, sohada professional muhit va o‘zini o‘zi boshqarish madaniyati shakllanib, kinoijodkorning fikri, tajribasi va kasbiy obro‘si munosib qadrlanadi.

"Tashrif yakunida Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy film suratga olinayotgan maydonda bo‘ldim. Ulkan dekoratsiyalar va ijodiy jamoaning mehnati menda katta taassurot qoldirdi. Ijodiy jamoaga omad tilayman. Premyerada ko‘rishguncha!", dedi Saida Mirziyoyeva.