Ma’lum qilinishicha, Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi «Buxgalteriya markazi» davlat muassasasi hisobchisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga hisoblangan 150 million so‘mlik soliq qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berishni va’da qilgan.

U fermer rahbaridan dastlab 3 million so‘m olgan, keyinchalik esa qo‘shimcha 15 million so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur hisobchi Davlat xavfsizlik xizmati va IJQKD xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birga pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yana bir holat Kattaqo‘rg‘on tumanida qayd etilgan.

Unda 2025 yilda tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 14 million so‘m olgani aniqlangan. Biroq u va’dasini bajarmagan.

Tezkor tadbirda hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan mazkur shaxs muqaddam olgan pul hisobidan 1000 AQSH dollarini qaytarib berayotgan vaqtda ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.