Maqolada Malayziya Xalqaro islom universiteti (IIUM) professori Shukron Abdurahmonning “From Samarqand with Love: A Memoir Across Six Cities” (“Samarqanddan muhabbat ila: Olti shahar osha xotiralar”) nomli kitobi nashrdan chiqqani bayon etilgan.

Asar muallifning Samarqanddagi ilmiy faoliyati va O‘zbekistonda orttirgan ma’naviy taassurotlarini o‘zida mujassam etgan muhim memuarlar to‘plami sifatida e’tirof etilmoqda.

Mazkur kitob professor Shukron Abdurahmonning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidagi ilmiy amaliyoti davomida yozilgan bo‘lib, 2025 yil sentyabr oyida yakunlangan hamda Markazdagi yakuniy ilmiy taqdimoti chog‘ida keng jamoatchilikka tanishtirilgan.

Asar an’anaviy ilmiy tadqiqot emas, balki muallif va uning oilasi tomonidan qalamga olingan samimiy xotiralar, kuzatuvlar va hayotiy xulosalardan iborat. Kitobda Samarqand, Toshkent, Buxoro, Makka, Madina va Istanbul shaharlari orqali kechgan safarlar tasvirlanib, ularning tarixiy, ma’naviy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi.

Muallif sayohatni insonning ma’naviy kamoloti, tafakkuri va hayotiy tajribasini boyituvchi muhim omil sifatida talqin etadi. Qur’oni karimning Yer yuzi bo‘ylab safar qilish va Allohning oyatlari haqida tafakkur yuritishga chorlovchi oyatlaridan ilhomlangan holda, turli xalqlar madaniyati, tarixiy merosi hamda oddiy insonlar bilan uchrashuvlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yuksak axloqi bilan bog‘lab talqin qiladi.

Kitob o‘quvchilarni iymon, shukronalik, oilaviy qadriyatlar, do‘stlik, kamtarlik va mehr-oqibat kabi umuminsoniy fazilatlar haqida chuqur mulohaza yuritishga chorlaydi. Shu jihatdan asar nafaqat shaxsiy xotiralar to‘plami, balki ma’rifiy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim manba sifatida ham qadrlidir.

Professor Shukron Abdurahmon kitobda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va jamoasiga samimiy mehmondo‘stlik va yuksak ilmiy muhit uchun alohida minnatdorlik bildirgan.

IslamiCity portalida e’lon qilingan maqolada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi nomidan kitob muallifi muvaffaqiyatli nashr bilan samimiy muborakbod etiladi.

Mazkur asar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlik, o‘zaro hurmat va madaniy muloqotning yana bir yorqin namunasi bo‘lib, Samarqandning boy ilmiy va ma’naviy muhiti xalqaro olimlar uchun benazir ilhom manbai bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

O‘z muxbirimiz