Davlatimiz rahbari bo‘lib o‘tgan saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik hamjihatligini yana bir bor yaqqol namoyon etganini ta'kidladi.

Saylovchilarning rekord darajadagi ishtiroki va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolari Prezident Vladimir Putin rahbarligida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni davom ettirish va milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan strategik yo‘nalishga yuksak ishonch bildirayotganini hamda uni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat berishi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari misli ko‘rilmagan sur'atlarda rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan ta'kidladi. Ko‘p qirrali aloqalarimizda alohida o‘rin tutadigan parlamentlararo hamkorlik bundan buyon ham ikki tomonlama loyiha va dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Birgalikdagi sa'y-harakatlar orqali O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini har tomonlama rivojlantirishga kuchli sur'at bag‘ishlash, uni mamlakatlarimiz ravnaqi va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yangi tashabbuslar bilan boyitishga ishonch bildirildi.

Yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Vladimir Putinga mustahkam sog‘lik va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.