Uchrashuvda Serbiya Prezidenti Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy va ezgu tilaklarini yoʻllab, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonch va doʻstlik ruhida izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Suhbat chogʻida oliy darajada siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, turizm, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi va energetika kabi yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlik salohiyati yuqori ekani qayd etildi.

Aleksandr Vuchich mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot surʼatlarini yuksak baholab, Oʻzbekistonni Yevroosiyo mintaqasidagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida eʼtirof etdi.

Shuningdek, Serbiya Prezidenti Belgradda oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoq tadbirlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining faol ishtirokini eʼtirof etib, bu yoʻnalishda aloqalarni yanada faollashtirish davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Serbiya Oʻzbekiston bilan barcha yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qatʼiy intilishi bildirildi.