Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonda keyingi yillarda sohada yuz bergan sifat oʻzgarishlarini alohida taʼkidlash joiz. 2017-2025-yillarda hududda “Bir qadam” tamoyili asosida 76 ta oilaviy shifokorlik punkti,

89 ta oilaviy poliklinika, 87 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan markazlarning hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 bemorning Toshkent va chet elga bormay, hududning oʻzidayoq yuqori texnologik yordam olish imkoniyati yaratildi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, bemorlarga joylarning oʻzida shoshilinch va malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, 6 yoshli bolalar orasida virusli gepatit “A” kasalligining oldini olish maqsadida bepul rejali emlash oʻtkazildi. Tegishli farmon asosida faqat 2025-yilning oʻzida Qoraqalpogʻistonda yashovchi bolalar uchun zarur mablagʻ ajratilib, 47 ming 220 doza vaksina sotib olindi va yosh koʻrsatkichi boʻyicha kasallanish darajasi yuqori boʻlgan bolalar orasida gepatit “A” kasalligiga qarshi bepul emlash ishlari bajarildi. Natijada aholining ushbu kasallikka chalinish koʻrsatkichi 2024-yildagiga nisbatan 1,6 barobar, maqsadli guruh bolalari oʻrtasidagi kasallanish holatlari 3,7 barobar kamayishiga erishildi.

Joriy yilda kasallikka qarshi emlash uchun byudjetdan yana 8 milliard soʻm ajratildi. Shuningdek, bugunga qadar faqat Toshkent shahrida oʻtkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endi shu yerning oʻzida bajarilmoqda. Jumladan, sunʼiy qon aylanish apparati orqali bemorlarning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti oʻtkazilyapti. Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya ­uskunalari esa kasalliklarga erta tashxis qoʻyish imkonini bermoqda.

Tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish, olis va chekka hududlarga shifokorlarni jalb etish maqsadida bunday hududlar roʻyxati 297 taga kengaytirilib, Qoraqalpogʻistondan 38 ta mahalla ushbu roʻyxatga kiritilgan. Viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan hududning Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Moʻynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama davlat byudjeti hisobidan toʻlab borilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 221 muassasada “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari shakllantirilib, bemorlarni oilaviy shifokorlarga biriktirish, onlayn qabulga yozilish, patronaj, profilaktik koʻriklar, skrining dasturlari va ularning natijalarini tahlil qilish, bemorlarni qoʻshimcha tekshirish, konsultatsiya va davolashga yoʻnaltirish hamda qayta bogʻlanish imkoniyatlarini qamrab olgan “Yagona tibbiyot tizimi” joriy etildi. Nukus shahri tibbiyot birlashmasida markazlashgan laboratoriya tashkil etilib, shahardagi barcha laboratoriyalar bilan integratsiya qilindi hamda DMED axborot tizimi negizida ish boshladi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalari samaradorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tumanlarimizdagi tugʻuruq kompleksi va perinatal markazlarda fertil yoshdagi ayollar, onalar va bolalar uchun zarur qulay sharoit yaratildi.

Shahar va tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida barcha qulaylikka ega markaziy shifoxonalar, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan tez tibbiy yordam boʻlimi, koʻp tarmoqli markaziy ­poliklinika, shuningdek, hududlarda qishloq oilaviy poliklinikalari, chekka qishloqlarda esa mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilgan. Aholining salomatligi shifokorlarning doimiy nazoratida.

Keyingi yillarda xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda xususiy klinikalarning ulushi sezilarli darajada ortgan. Hozir Qoraqalpogʻistondagi 392 ta xususiy tibbiyot muassasasida 346 ta ambulator va 45 ta statsionar sharoitda 57 turdagi mutaxassislik boʻyicha aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotir.

Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash sohasida xorijiy klinikalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, qator xalqaro memorandumlar imzolandi. Xususan, Xitoyning CSADI kompaniyasi yordamida Nukus shahrida bolalar tibbiyot klasteri qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ayni hududda onalar va bolalar uchun BAA yordami bilan shifoxona qurilishi yakunlanmoqda.

Yaponiyaning “Digital knowledge” kompaniyasi tomonidan homilador ayollar uchun moʻljallangan raqamlashtirilgan platformani birlamchi tibbiyot boʻgʻini xodimlari amaliyotiga joriy etish qoʻshma loyihasi bilan birga AQSHning TIFO tashkiloti yordamida hududda “Orol fojiasining mintaqaviy aholi salomatligiga salbiy taʼsirini oʻrganish” loyihasi doirasida suv namunalari olish va oʻrganish ishlari bajarilmoqda.

Bugun Qoraqalpogʻistonda tibbiyot sohasida kuzatilayotgan oʻzgarishlar muayyan tarmoq doirasidagi yangilanishlar bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Ularning mazmun-mohiyati inson qadrini ulugʻlash, aholi salomatligini saqlash va hayot sifatiga daxldor eng muhim masalalarni hal etishga qaratilgan.

Ayni paytda tibbiyot sohasi oldiga qoʻyilayotgan vazifalar tobora murakkablashib, talablar yuksalib borayotgan bir sharoitda Qoraqalpogʻistonda shakllanayotgan yangi tajriba va yondashuvlar kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam zamin hozirlamoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar markazida inson qadri va manfaatlari turibdi. Fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan bahramand boʻlishi, oʻz vaqtida tashxis va davolanish imkoniyatlari kengayishi, malakali tibbiy yordamning aholiga yanada yaqinlashayotgani esa islohotlarning hayotiy ahamiyatini yaqqol namoyon etayotir.

Murad QURBANOV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri