Amir Temur fenomeniga oid manbalar va tadqiqotlar uning shaxsiga turli davrlarda turlicha baho berilganini koʻrsatadi. Shu bois, Sohibqiron faoliyatini davlatchilik, adolat, harbiy sanʼat, diplomatiya, maʼnaviy meros va zamonaviy talqin nuqtayi nazaridan, manbalar qiyosi asosida tahlil qilish muhim vazifalardan biridir.

Amir Temur davlatchiligining institutsional negizi

Amir Temur barpo etgan saltanatning barqarorligi tasodifiy kuchga emas, balki muayyan institutsional asoslarga tayangan edi. U hokimiyatni tartibga solingan siyosiy iroda, markazlashgan boshqaruv, xizmat va sadoqat tamoyillari asosida ishlaydigan mukammal davlat mexanizmiga aylantirdi. Bu davlat tizimida markaziy hokimiyat ustuvor boʻlsa-da, uning amaliy faoliyati saroy, devon, harbiy qoʻmondonlik, hududiy boshqaruv va moliyaviy nazorat institutlari orqali samarali yuritildi.

“Temur tuzuklari”da davlat ishlarini yuritishda vazirlar, qoʻshin boshliqlari, amirlar va turli toifa xizmatchilarning vazifalari aniq ajratib koʻrsatilgani bejiz emas. Mazkur manbada davlat xizmatiga qoʻyiladigan talablar — aql-zakovat, tadbirkorlik, sadoqat, hushyorlik hamda el-yurt manfaatini anglash kabi sifatlar alohida tilga olinadi. Shuning oʻziyoq Amir Temur davlatni shaxsiy sadoqat va yaqinlik bilan emas, balki xizmatga loyiqlik hamda masʼuliyat tamoyillari asosida mustahkamlashga intilganini koʻrsatadi.

Amir Temurning boshqaruv tizimida markaz va hududlar oʻrtasidagi munosabatlar ham puxta oʻylangan edi. Saltanat hududi gʻoyat ulkan boʻlgani sababli barcha yerlarni bir xil usulda idora etishning amalda iloji yoʻq boʻlgan. Shu sababli markaziy hokimiyat uchun strategik ahamiyatga ega hududlarda bevosita nazorat kuchaytirilgan boʻlsa, markazdan olis ayrim yerlarda tobelik, vafodorlik, soliq majburiyati va harbiy xizmat orqali siyosiy bogʻliqlik taʼminlangan. Bunday yondashuv Amir Temur davlatchiligining real siyosiy tabiatiga toʻla mos tushardi: u ideal emas, balki amaliy boshqaruv modelini qurdi. Bu holat uning saltanatini qisqa muddatli harbiy ittifoqlardan farqlab, uni haqiqiy davlatchilik anʼanasi darajasiga koʻtaradi.

Soliq, moliya va iqtisodiy nazorat masalalari ham davlat tuzumining muhim qismi boʻlgan. Faqatgina savdo yoʻllari, bozorlar, hunarmandlik markazlari va shaharlar xavfsizligini taʼminlashning oʻzi yetarli emas edi, davlatga, shuningdek, barqaror moliyaviy tayanch ham kerak boʻlgan. Manbalarda Amir Temur davrida taʼmagirlik, narx-navoni asossiz oshirish va jamiyat hisobidan boyishga intilish qattiq jazolangani qayd etiladi. Demak, davlat tartibi faqat harbiy kuch bilan emas, balki iqtisodiy adolat va kuchli maʼmuriy nazorat orqali ham taʼminlangan.

Amir Temur kadrlar siyosatida ham shaxsiy sadoqat bilan kasbiy salohiyatni birdek qadrlagan. “Temur tuzuklari”da vazirlar, sarkardalar va davlat xizmatchilariga nisbatan qoʻyilgan talablar buning yorqin dalilidir. Bugungi til bilan aytganda, davlatning barqarorligi faqatgina rahbar shaxsiga emas, uning atrofidagi boshqaruv elitasining saviyasiga ham bogʻliq ekani oʻsha davrdayoq chuqur anglangan. Shu maʼnoda, Amir Temur davlatchiligining institutsional asoslari haqida soʻz yuritganda, uning kadr tanlash, masʼuliyat yuklash va tartib saqlash madaniyatini alohida taʼkidlash zarur. Buyuk Sohibqiron hatto oila qurish, farzandlarni uylantirish va kelin tanlash masalalariga ham xuddi davlat yumushlaridek jiddiy eʼtibor qaratgan.

Bu davlatchilik modelida iqtisodiy tartib-qoidalar alohida ahamiyat kasb etgan. Shahar va qishloq bozorlarining jonlanishi, xalqaro savdo xavfsizligi, hunarmandlikning rivojlanishi hamda narx-navo ustidan oʻrnatilgan nazorat markazlashgan boshqaruvning bevosita natijasi sifatida namoyon boʻldi. Shu jihatdan olib qaraganda, Amir Temur saltanati faqat harbiy-siyosiy emas, iqtisodiy va bunyodkorlikka asoslangan davlatchilik modeli ham edi.

Qurultoy, kengash va mashvarat: qaror qabul qilish taomili

Amir Temur davlatchiligining mustahkamligi faqatgina markazlashgan siyosiy iroda bilan emas, balki qaror qabul qilishning muayyan siyosiy madaniyati shakllangani bilan ham izohlanadi. Bu madaniyatning oʻzagini qurultoy, kengash va mashvaratlar tashkil etgan. “Temur tuzuklari”da maslahat, kengash, tadbirkorlik va hushyorlik orqali muvaffaqiyatga erishish mumkinligi taʼkidlanishi bejiz emas.

Qurultoy davlat hayotidagi eng muhim masalalar muhokama qilinadigan oliy siyosiy maydon vazifasini oʻtagan. Unda harbiy boshliqlar, maʼmurlar, ulamolar va hududiy vakillar ishtirok etgan boʻlib, qabul qilingan qarorlar farmon shakliga keltirilgan va mamlakatning turli nuqtalariga yetkazilgan.

Kengash davlat boshqaruvida doimiy ahamiyatga ega boʻlgan. Amir Temur turli fikrlarni tinglab, ularning yaxshi va yomon tomonlarini chuqur oʻylab koʻrgan holda eng toʻgʻri yoʻlni tanlar edi. Demak, mashvarat soʻzsiz qabul qilinadigan jamoaviy hukm emas, balki hukmdorning irodasini puxtalashtiruvchi aqliy saralash jarayoni boʻlgan.

“Kuch — adolatda” tamoyili va fozil jamiyat gʻoyasi

Amir Temur davlatchilik tafakkurining eng muhim oʻzaklaridan biri adolat gʻoyasidir. Shu oʻrinda adolat mavhum axloqiy shior emas, balki davlatni saqlab turuvchi amaliy meʼyor sifatida namoyon boʻladi. Bozorlardagi savdo suiisteʼmolliklariga yoʻl qoʻymaslik, narx-navo ustidan nazorat oʻrnatish, zaiflarni himoya qilish va umumiy tartibni taʼminlash kabi yondashuvlar ham aynan shundan dalolat beradi.

“Kuch — adolatda” tamoyili kuchning asl manbai zoʻravonlik emas, qonuniylik, tartib va haqqoniy boshqaruv ekanini ham anglatadi. Amir Temur davlatning qudratini xalq manfaatlarini himoya qilish, boshboshdoqlikni jilovlash va jamiyatda muvozanat oʻrnatishda deb tushungan. Shu maʼnoda, adolatsiz kuch yemiruvchi omilga, adolat bilan boshqariladigan kuch esa bunyodkor qudratga aylanadi.

Fozil jamiyat gʻoyasi ham aynan shu mantiqning uzviy davomidir. Bu qandaydir utopik jamiyat emas, balki tartib, mehnat, savdo xavfsizligi, ijtimoiy masʼuliyat va axloqiy meʼyorlarga tayangan real davlat hamda jamiyat tasavvuridir. Bunday muhitda davlatning vazifasi faqat hukmronlik qilish boʻlmay, tinch iqtisodiy muomala, hunarmandlik, farovon shahar hayoti va ijtimoiy muvozanat uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir.

Ushbu tarixiy gʻoyalar bugungi yangi Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy modeli bilan mazmunan hamohangdir. Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida barqaror taraqqiyot, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya va samarali davlat boshqaruvi ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Shu maʼnoda, Amir Temur davridagi adolat va fozil jamiyat gʻoyasi bugungi kunda huquqiy va ijtimoiy davlat tamoyillarida yangicha mazmun bilan davom etmoqda.

Diplomatiya va Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishi

XIV asr oxiri hamda XV asr boshlarida Samarqand nafaqat poytaxt, balki qitʼalararo muloqot, karvonlar qatnovi, elchilarning kelib-ketishi va madaniy almashinuvlarning ulkan markaziga aylandi. Bu holat Amir Temur davlatining tashqi dunyoga yopiq emasligini, aksincha, muloqot uchun ochiq va strategik jihatdan toʻgʻri yoʻnaltirilgan siyosiy makon boʻlganini koʻrsatadi.

Amir Temur davrida savdo yoʻllari xavfsizligini taʼminlash davlat siyosatining markaziy masalalaridan biriga aylangan edi. Ichki tartibni saqlash, karvon yoʻllarini muhofaza qilish, bozorlar ustidan nazorat oʻrnatish va shaharlarning barqarorligi savdo rivojining asosiy shartlari boʻlib xizmat qildi. Xitoy, Hindiston, Xuroson, Eron, Misr, Rum va Yevropa davlatlari bilan tovar almashinuvi kuchaygani, Samarqand bozorlariga turli mamlakatlardan mahsulotlar keltirilgani haqidagi tarixiy maʼlumotlar Amir Temur saltanatining ulkan geoiqtisodiy qudratidan dalolat beradi.

Diplomatiya ham ushbu tizimning ajralmas qismi hisoblangan. Amir Temur saroyiga Misr, Turkiya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarining tashrif buyurishi, Ispaniyaga elchilar yuborilishi va Klavixo safarining amalga oshirilishi uning tashqi siyosati naqadar keng qamrovli boʻlganini koʻrsatadi. Bu munosabatlar shunchaki diplomatik protokol boʻlib qolmay, balki savdoni rivojlantirish, siyosiy jihatdan tan olinish va strategik muloqot vositasi vazifasini ham bajargan.

Sohibqiron turli davlatlar bilan munosabatlarda nafaqat qoʻshin kuchiga tayangan, balki maktub almashish, elchilar yuborish, qabul marosimlari va siyosiy ramzlar orqali ham oʻz taʼsirini oʻtkaza olgan. Klavixo elchiligi, Misr va Turkiya tomonidan yuborilgan elchilar, shuningdek, Xitoy va Hindiston bilan oʻrnatilgan aloqalar haqidagi maʼlumotlar Samarqandning chinakam xalqaro siyosiy muloqot markaziga aylanganini tasdiqlaydi. Bu holat Amir Temur davrida diplomatiya va savdo bir butun siyosiy-iqtisodiy tizim sifatida muvaffaqiyatli ishlaganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Buyuk ipak yoʻli Amir Temur davrida shunchaki tarixiy yoʻnalish boʻlib qolmay, davlatchilikning asosiy geoiqtisodiy ustuniga ham aylangan edi. Karvonlar qatnovi, bozorlar faoliyati, hunarmandlik mahsulotlari keng tarqalishi va shaharlar yirik tranzit markazlariga aylanishi saltanatga faqatgina iqtisodiy foyda keltirib qolmasdan, ulkan siyosiy nufuz ham bagʻishlagan. Samarqand, Buxoro va Shahrisabz kabi yirik markazlar aynan shunday qulay sharoitda iqtisodiy va madaniy yuksalish choʻqqisiga chiqdi. Shu bois, Amir Temur siyosatida yoʻllar va shaharlar ustidan nazorat oʻrnatish xuddi harbiy gʻalaba qozonish kabi oʻta muhim ahamiyat kasb etgan.

Ibrat maktab

Yangi Oʻzbekistonda Amir Temur merosi faqatgina tarixiy xotira obyekti sifatida emas, davlatchilik, maʼnaviyat, yoshlar tarbiyasi va milliy taraqqiyot gʻoyalari bilan uzviy bogʻliq boʻlgan tirik maʼnaviy-siyosiy resurs sifatida ham anglanmoqda. Prezidentimiz qarorida Sohibqiron tavalludining 690-yilligini keng nishonlash, har yili aprelni “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilish, shuningdek, barcha taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mahallalar va tashkilotlarda keng qamrovli maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish belgilangani ham aynan shundan dalolat beradi.

Bu jarayon shunchaki ramziy ulugʻlashdan iborat emas. Mazkur qarorda xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazish, nodir qoʻlyozma va tarixiy manbalarni nashrga tayyorlash, yangi kitoblar chop etish, tarjimalar qilish, hujjatli va badiiy filmlar yaratish hamda turli koʻrgazmalar tashkil etish kabi muhim vazifalar ham belgilab berilgan. Demak, bugungi kunda Amir Temur merosiga shunchaki hissiy xotira obyekti deb emas, keng ilmiy muomalaga kiritilishi lozim boʻlgan ulkan tarixiy meros sifatida ham qaralmoqda.

Sohibqiron merosining eng dolzarb qirralaridan biri, shubhasiz, yoshlar tarbiyasi bilan bogʻliq. Ulugʻ bobokalonimizga xos qatʼiyat, adolatparvarlik, ilm-fanga hurmat, yuksak intizom va masʼuliyat kabi ezgu fazilatlar bugungi yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi sifatida talqin qilinmoqda. Shu maʼnoda, Amir Temur obrazi bugun faqatgina oʻtmish qahramoni boʻlib qolmay, milliy oʻzligimiz, vatanparvarlik tuygʻusi va davlatchilik madaniyatimizni yanada mustahkamlovchi buyuk maʼnaviy ramzga aylangan.

Bugungi kunda Amir Temur obrazi vatanparvarlik, yuksak intizom, adolat, tarixiy gʻurur va davlatchilik madaniyati gʻoyalari bilan chambarchas bogʻlangan holda talqin qilinmoqda. Biroq bu ishni faqatgina quruq targʻibot darajasida qoldirmaslik zarur, tarixiy meros qanchalik koʻp manbalar, teran qiyosiy tahlillar va jiddiy ilmiy izlanishlar asosida oʻrganilsa, u shunchalik mazmunli va samarali oʻzlashtiriladi. Shuning uchun Amir Temur merosini anglash jarayoni asosan ikki yoʻnalishda kechmoqda deyish mumkin: birinchisi — maʼnaviy-ramziy, ikkinchisi — ilmiy-manbashunoslik. Bu ikki yoʻnalish aslo bir-biridan ajralib qolmasligi kerak. Negaki, ilmiy asosdan uzilgan quruq ulugʻlash tezda balandparvoz shiorga aylanib qoladi, milliy xotiradan uzilgan sof ilmiy tadqiqot esa keng jamiyat ongiga yetib bormaydi. Demak, eng toʻgʻri va oqilona yoʻl ushbu ikki yoʻnalishni muvofiq holda birlashtirishdir.

Amir Temur merosining tarixiy ahamiyati faqatgina uning shaxsi bilan cheklanib qolmaydi. U keyingi temuriylar Renessansi uchun zarur boʻlgan mustahkam siyosiy va madaniy poydevorni yaratib berdi, Shohrux Mirzo va Mirzo Ulugʻbek davrida esa bu meros ilm-fan, madaniyat va maʼrifat nuri bilan yanada boyidi. Bugun mazkur boy meros huquqiy va ijtimoiy davlat tamoyillari, Uchinchi Renessans poydevori va “Oʻzbekiston — 2030” taraqqiyot strategiyasi bilan oʻziga xos maʼnaviy-gʻoyaviy muloqotga kirishgan holda butunlay yangicha mazmun kasb etmoqda.

Shuning uchun Amir Temurni anglash faqatgina oʻtmishni ulugʻlash emas, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar, adolat va qudrat muvozanati, tarixiy vorisiylik, maʼnaviy yuksalish hamda kelajak strategiyasi haqida chuqur oʻylab koʻrish ham demakdir. Agar tarixiy xotira toʻgʻri oʻqilsa va anglansa, u millatni faqat oldinga yetaklaydi.

Naim OBLOMURODOV,

tarix fanlari doktori, professor