“Issiqlikta’minoti” aktsiyadorlik jamiyati hamda Koreya Respublikasining Housing Service and Communal Management Technology (HSCMT) kompaniyasi o‘rtasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2 million 300 ming AQSh dollarlik Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalariga asoslangan aqlli boshqaruv tizimi pilot tarzda Angren shahrida joriy etiladi. Loyihada issiqlik ta’minoti tizimini raqamlashtirish, energiya sarfini optimallashtirish va xizmatlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Memorandumga muvofiq, Koreya tomoni issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti sohasi uchun zamonaviy ultratovushli hisoblagichlar, avtomatlashtirilgan nazorat qurilmalari hamda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy yechimlarni taqdim etadi.
Shuningdek, Koreya konsortsiumi tizimni texnik qo‘llab-quvvatlash, monitoring qilish va mahalliy mutaxassislar uchun maxsus o‘quv treninglarini tashkil etishni o‘z zimmasiga oladi.
Kelishuv ikki yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu davr mobaynida texnologiyalarni mahalliy sharoitga moslashtirish va ularni kelgusida respublika miqyosida keng joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Mazkur loyiha issiqlik ta’minoti sohasida shaffoflikni oshirish, resurslarni tejash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish hamda xizmat sifati va barqarorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu hamkorlik issiqlik ta’minoti tizimini raqamlashtirish va uni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.