Bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan ushbu shaxsning sumkasida sportchilar ozuqasi sifatida iste’mol qilinadigan 2 quti biologik faol qo‘shimchalar bojxonachilarning diqqatini tortdi.
Mazkur qutilarga qadoqlangan kapsulalar aslida oq rangda ishlab chiqariladi. Va qadoigiga ko‘ra, ularda jami 760 dona kapsula bo‘lishi lozim edi.
Ammo har ikkala qutidagi jami kapsulalar soni 920 donani tashkil qildi. Boz ustiga, kapsulalar ham oq rangda emas, balki sariq va qizil ranglarda edi. Bu esa qutilarga joylangan kapsulalar qo‘lbola tarzda qadoqlanganini anglatadi.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining ekspert xulosasiga ko‘ra, mazkur kapsulalarga joylangan modda «Alfa PVP» turidagi sintetik narkotik modda ekanligi fosh bo‘ldi.
Mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozorida chakana narxi 350 ming dolllargacha yetadi!
Faqatgina shu emas, «Toshkent AERO» Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan tadbir Yuqorichirchiq tumanida davom ettirilib, ushbu yo‘lovchi keyinchalik «zakladka» usulida tarqatish uchun mo‘ljallangan giyohvandlik vositasini yashirib ketgan manzil-havola ham aniqlandi.
Ko‘zdan pana, chet va xilvat joydagi ushbu manzil belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, 1 dona polietilen paket ko‘mib qo‘yilgani fosh bo‘ldi. Unda esa bir necha bo‘laklarda og‘irligi taxminan yarim kilogram «gashish» moddasi borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.