Ayniqsa, tarixiy ildizlari, tili, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari va dunyoqarashi bir-biriga yaqin xalqlarning hamjihatligi nafaqat ikki davlat taraqqiyoti, balki butun mintaqadagi tinchlik va barqarorlik uchun juda muhim. Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarining koʻp asrlik qardoshligi ana shunday mustahkam maʼnaviy poydevorga ega.
Bugun
esa bu qardoshlik strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning muhim tayanchiga
aylanmoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning yurtimizga navbatdagi
tashrifi ham ana shu strategik hamkorlikning eng yorqin ifodasi desak,
yanglishmaymiz. Mazkur tashrif nafaqat siyosiy va iqtisodiy aloqalarni
mustahkamlash, balki inson kapitalini rivojlantirish, madaniyat, ilm-fan va
taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish jihatidan ham
katta ahamiyatga ega boʻldi. Xususan, tashrif doirasida oliy darajadagi
muzokaralar, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishi oʻtkazildi.
Qator muhim hujjatlar imzolanib, yangi investitsiyaviy va iqtisodiy loyihalar
boshlandi. Madaniy-maʼrifiy tashabbuslar amalga oshirildi.
Har
bir mamlakatning taraqqiyoti taʼlimga berilayotgan eʼtibor bilan oʻlchanadi.
Pedagog sifatida meni, tabiiyki, Oʻzbekiston — Ozarbayjon hamkorligining taʼlim
va ilm-fan yoʻnalishi alohida qiziqtiradi. Chunki ikki davlat oʻrtasidagi
bugungi hamkorlikning uzoq muddatli samaradorligi ayni shu bilan bevosita
aloqador.
Hamkorlikning
ustuvor yoʻnalishi boʻlgan taʼlim sohasi davlat rahbarlarining nazaridan chetda
qolgani yoʻq. Bungacha 2024-yilda ikki tomon oʻrtasida maktabgacha taʼlim,
kasbiy taʼlim, oʻrta maxsus, oliy taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikka
oid hujjatlar imzolangan edi. Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi
maktabning ochilishi esa taʼlim sohasidagi hamkorlikning oʻziga xos ramzi
boʻldi. Oʻzbekiston tomonidan qurilgan ushbu maktab nafaqat oʻquv maskani,
balki ikki xalq doʻstligining yosh avlod qalbidagi timsolidir.
Endi
Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi
ana shu maʼnaviy koʻprikning yana bir salmoqli boʻgʻiniga aylandi. Yangi
Toshkent hududida 40 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu zamonaviy taʼlim
maskanining birinchi bosqichida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va
ilgʻor laboratoriya majmuasi foydalanishga topshirildi. Prezidentlar ochilish
marosimida ramziy lentani kesib, universitet hovlisiga koʻchat oʻtqazganini esa
ikki davlat oʻrtasidagi maʼrifiy bogʻliqlik va kelajakka ishonch ramzi sifatida
talqin etish mumkin.
Shubhasiz,
Nizomiy Ganjaviy — birgina Ozarbayjonning emas, butun turkiy va Sharq
adabiy-estetik tafakkurining buyuk namoyandasi. Uning nomi Oʻzbekiston
poytaxtidagi pedagogik taʼlimning yirik dargohiga berilgani ikki xalq
oʻrtasidagi maʼnaviy rishtalarning naqadar teranligini anglatadi. Buyuk
ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy merosiga bagʻishlangan muzey
ekspozitsiyasida esa adibning boy maʼnaviy merosi, hayoti va ijodi, shuningdek,
oʻzbek va ozar xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy va adabiy aloqalar aks
etgani bilan diqqatga sazovor.
Navbatdagi
qadam ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan borasidagi yangi imkoniyatlarni
ochish va oʻzaro ilmiy hamkorlik masalalarini chuqurlashtirishdan iborat.
Pedagogika universiteti kelajak avlodga taʼlim-tarbiya beradigan muallimlar
tayyorlanadigan maskan. Shu jihatdan uning zamonaviy infratuzilmaga ega
boʻlishi, xalqaro hamkorlikka ochiqligi, ilm-fan va innovatsiyalarga tayanishi
butun jamiyatning kelajagiga daxldor masala.
Madaniyat
sohasidagi hamkorlik ham oʻzining yorqin natijalarini koʻrsatmoqda. Ushbu
qardosh xalqlar asrlar davomida adabiyot, musiqa, sanʼat, ilm-fan va maʼnaviyat
sohalarida bir-birini boyitib, toʻldirib kelgan. Alisher Navoiy va Nizomiy
Ganjaviy ijodiy merosi, mumtoz adabiyot anʼanalari, Sharq tafakkuri, umumiy
turkiy-madaniy qadriyatlar xalqlarimizni birlashtiradigan ulkan maʼnaviy
makondir.
Oʻzbekistonning
Ozarbayjondagi madaniyat kunlari, oʻz navbatida, Ozarbayjonning
mamlakatimizdagi madaniyat kunlari, Shusha kunlarining Xivada oʻtkazilishi, sanʼat
festivallari, adabiy anjumanlar doʻst xalqlarning bir-birini yanada teran
anglashiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Buxoro va Lochin, Urganch va Xonkendi,
Urganch va Naxchivon shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlari oʻrnatilishi
toʻgʻrisidagi bayonnomalar imzolandi. 2027-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon
birgalikda FIFA U-20 jahon chempionatiga mezbonlik qilishi esa ikki davlat
madaniyat va sport sohasidagi hamkorligining yorqin namunasi sifatida alohida
eʼtiborga molik.
Bugun
juda yuqori darajaga koʻtarilgan oʻzaro doʻstona munosabatlar va birgalikdagi
saʼy-harakatlar zamirida 2024-yil avgustda tomonlar oʻrtasida Ittifoqchilik
munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani, taʼlim, fan, madaniyat,
turizm, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga
qaratilgan koʻplab hujjatlar qabul qilingani, davlat rahbarlarining oqilona
siyosati mujassam.
Bu
galgi tashrif esa ushbu munosabatlarning institutsional asoslarini yanada
mustahkamlab, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishi davlatlar
oʻrtasidagi strategik muloqotni muntazam va tizimli shaklda davom ettirish
uchun muhim mexanizmga aylanganini koʻrsatdi. Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz
rahbari haqida fikr bildirarkan, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning
yuksalishida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oʻrnatilgan samimiy doʻstlik
va oʻzaro ishonch alohida oʻrin tutishini, uning birodarlik, birlik va
ittifoqchilikni mustahkamlash yoʻlidagi tinimsiz saʼy-harakatlari qardosh
yurtda chuqur hurmatga sazovor ekanini taʼkidladi. Bu esa mamlakatlar
oʻrtasidagi aloqalar qanchalik mustahkam huquqiy asosga ega boʻlmasin, ularning
amaliy samarasi, avvalo, siyosiy iroda, oʻzaro ishonch va insoniy
munosabatlarga bogʻliqligining amaliy isbotidir.
Shu
bilan birga, davlatlararo munosabatlar faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib
qolmay, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar ham izchil kengayishi
muhim. Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash qiymati 2025-yilda 795
million dollar boʻlgan. 2026-yilning besh oyida esa bu koʻrsatkich yana 33 foiz
koʻpayib, 144 million dollarni tashkil etdi. Eng katta maqsadlardan biri
2030-yilga borib oʻzaro tovar ayirboshlash qiymatini 1 milliard dollarga
yetkazish boʻlib, bu ikki qardosh xalqning iqtisodiy integratsiyasi va oʻzaro
manfaatli hamkorlik sari dadil qadam tashlayotganidan dalolat, albatta.
Transport-logistika
sohasida ham muhim yutuqlarga erishildi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi
tranzit yuk tashish hajmi 2025-yilda 1,4 million tonnani tashkil etgan boʻlsa,
2026-yilning birinchi yarmida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga
nisbatan 12,2 foiz oshdi.
Markaziy
Osiyo bilan Kavkaz va Yevropa bozorlarini bogʻlovchi transport yoʻlaklarining
rivojlanishi har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtayi
nazardan, Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi, temir yoʻl va dengiz
logistikasini rivojlantirish, yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi
transport infratuzilmasini yaratish kun tartibidagi masalalardan.
Ikki
davlat Oʻrta yoʻlak — Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va
Yevropa bilan bogʻlovchi tranzit tarmogʻi orqali bogʻlanishni kuchaytirishga
kelishib oldi. Davlatimiz rahbari Kaspiy dengizida qoʻshma flot yaratish
boʻyicha ishlarni jadallashtirish rejalarini ham maʼlum qildi. Bu esa mintaqaviy
transport-logistika tizimini tubdan yangilashga xizmat qiladigan qaror.
Shuningdek, Oʻzbekiston uchun parom qurilishi masalasida ham kelishuvga
erishilgani maʼlum qilindi.
Buxoro
— Sharq sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan, ilm-maʼrifat va maʼnaviyat
shahri. Prezidentlarning 24-avgust kuni Sharif shaharga tashrifi ham ushbu
tarixiy jarayonning mantiqiy davomi boʻldi. Buxoro bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi
aloqalar ham shunchaki zamonaviy diplomatik munosabatlar mahsuli emas. Bu
tarixiy shahar ikki xalqning qadimiy savdo yoʻllari, ilmiy-maʼrifiy aloqalari,
adabiy va madaniy mushtarakligini namoyon etadigan muhim markazdir.
Menimcha,
bugungi Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlarining eng katta kuchi odamlar
qalbiga, hududlar hayotiga, oliy taʼlim muassasalariga, ilmiy jamoalarga,
madaniyat va sanʼat maydonlariga kirib borayotganida. Biz — taʼlim sohasi
xodimlari qardosh va doʻst xalq bilan ilmiy, madaniy hamkorlikni yanada
rivojlantirishga oʻz hissamizni qoʻshishni sharafli vazifa deb bilamiz.
Professor-oʻqituvchilar
va talabalar almashinuvi, qoʻshma ilmiy loyihalar, qiyosiy tadqiqotlar,
pedagogik tajriba almashinuvi, turkiy tillar va adabiyotlarni oʻrganish, yosh
olimlar hamkorligini kuchaytirish — bular oldimizda turgan muhim vazifalardan.
Chunki ikki davlat oʻrtasidagi bitimlar kelishuvlarni mustahkamlab,
investitsiyalar iqtisodiy aloqalarni rivojlantirsa, madaniyat xalqlar qalbini
bogʻlaydi. Ammo kelajakni birlashtiradigan nuqta taʼlimdadir. Bu sheriklik
kelajakda yanada kengayib, ikki davlat farovonligi va mintaqaviy
barqarorlikning muhim omiliga aylanishiga ishonchimiz komil.
Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika
instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali