Bir qarashda balandparvozday eshitiladigan ushbu fikr zamirida inkor etib boʻlmas hayotiy haqiqat bor. Otamakonga muhabbat zamirida barcha ezguliklar mujassam. Yurtini yaxshi koʻrgan kishi hech qachon shaxsiy manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻymaydi. Nafs izmiga yurmagan kishi qalb xotirjamligiga erishadi. Buni Hazrat Navoiyning:

Nafʼing agar xalqqa beshakdurur

Bilki, bu nafʼ oʻzungga koʻprakdurur,

degan hikmati bilan ifodalash mumkin.

Prezidentimizning shu yil 25-may kuni mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga yoʻllagan tabrigini oʻqiy turib, xayolimdan shu fikrlar oʻtib, koʻz oldimga katta hayot sari oshiqayotgan navqiron avlod keldi. Ayni paytda undan bir muddat oldingi yana bir muhim voqea — Milliy kitobxonlik harakatiga start berilganini esladim. Ha, Uchinchi Uygʻonish davriga poydevor qoʻyish ishtiyoqida yashayotgan xalqimiz uchun Milliy kitobxonlik harakati mustaqillikning 35 yillik toʻyi arafasida tortiq etilgan eng yaxshi sovgʻa boʻldi. Bularning barchasida qandaydir umumiy kayfiyat, mushtarak jihat bor, nazarimda.

Joriy yil maktablarni 472 ming oʻgʻil-qiz bitirib, katta hayotga yoʻllanma oldi. Bu 472 ming orzu, ana shuncha ishonch va tayanch degani! Salkam qirq million nufusli xalqning ishonchi, bobolar makon tutgan tabarruk Vatan tayanchi!

Ularni tayanch deyishga toʻla asosimiz bor. Masalan, bu yil birinchi marta 11 mingdan ziyod oʻgʻil-qiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomladi. Hali maktabni tugatmay turib, yurtimiz va chet eldagi nufuzli oliygohlarga qabul qilingan yoshlar ham talaygina. Ulardan 171 nafari dunyoning yetakchi universitetlariga qabul qilindi. Mana shunday katta yutuqlarga erishayotgan yoshlar Vatanga xizmat qiladigan, uning shaʼnini koʻtaradigan avlod boʻladi-da!

Ularga qarab, shoir doʻstimiz Zohidjon Olovning quyidagi misralari yodga ­tushadi:

Tomirimda oqar daholar qoni,

Kim bilmas Xorazmiy, ibn Sinoni!

Togʻlardan balanddir shavkatu shoni

Shu buyuk millatning umidiman men!

Yangi Oʻzbekiston yoshlari mazkur misralarni shiordek joʻrovoz boʻlib takrorlayotganday, nazarimda. Axir ular yana bir Uygʻonish davrining mustahkam poydevori, elimiz umidi boʻlib ulgʻaymoqda.

Albatta, yutuqlar zamirida islohotlar turibdi. Maktabdagi darsliklar taʼminoti yaxshilanib, oʻqituvchilarga imtiyoz va imkoniyatlar berildi. Oliy taʼlimdagi qabul jarayonidan boshlab ilmiy darajagacha boʻlgan barcha bosqichda qulay muhit yaratildi. Bular jamiyatda ilm olishga ragʻbatni kuchaytirdi. Ha, kuchli jamiyatlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Uni kuchli shaxslar yaratadi.

Masalan, Amir Temur bobomiz dunyoning toʻrt burchidan oʻz kasbining, ishining ustasi boʻlgan shaxslarni Samarqandga olib keldi. Ilm-fan, madaniyatga katta eʼtibor qaratdi. Natijada ana shu imkoniyatlar qanoti ostida Ikkinchi Uygʻonish davriga asos solgan avlod ulgʻaydi.

Yangi Oʻzbekistonda ham xorijning eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatilib, yurtimizda ularning filiali ochilmoqda. Chet eldan tajribali oʻqituvchilar, umuman, barcha sohaning yetakchi mutaxassislari jalb etilyapti. Loʻnda qilib aytganda, bobolarimizning shonli izidan zamonamizga mos tarzda oʻz ­yoʻlimizni ochyapmiz. Ana shunday muhim pallada yoshlarning ilm-maʼrifat yoʻlida sobitqadamligi katta voqea. Ular orasida oʻziga xos poyga — kim kattaroq ilmiy yutuqqa erishadi degan mazmundagi sogʻlom raqobat kuchaygan. Maktablarning oʻquvchilari fanlardan koʻproq milliy sertifikat olgani haqida xabarlar tez tarqaladi. Oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham mazkur yutuqni bir-biriga yetkazib, oʻzlari ham shu darajaga yetishi kerak ekanini taʼkidlaydi. Inson nima haqida koʻp oʻylasa, uni asli, tafakkuri shundan iborat degan fikr bor. Jamiyat ham insonga oʻxshaydi. Uning qaysi yoʻldan ketayotganini koʻrib, kelajagini taxmin qilish mumkin. Jamiyat tanlagan yoʻl esa insonlar orasida eng koʻp muhokama qilinayotgan, qiziqish bildirilayotgan mavzularga qarab aniqlanadi. Bugun jamiyatimizda eng koʻp tilga olinayotgan mavzu oʻqituvchining obroʻsini oshirish, yoshlar taʼlimi, sohalarga sunʼiy intellektni keng joriy etishdir. Mamlakatimiz yetakchisi barcha soha, hatto iqtisodiy koʻrsatkichlarning tahlili jarayonida ham taʼlim, xususan, oʻqituvchining obroʻsi haqida toʻxtalib oʻtadi. Mazkur omilning oʻziyoq yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda ilm-maʼrifat yoʻli tanlangani, bu boradagi islohotlar ortga qaytmas tus olganini anglatadi.

Shu oʻrinda yaqin tariximizni eslamoqchi edim. Bugun qirq yoshning nari-berisida boʻlgan bizning avlod maktabga borganida taʼlimda tarqoqlik boshlangan edi. Oʻtish davrining iqtisodiy qiyinchiliklari sabab sohada chinakam fidoyilar va boshqa ish qoʻlidan kelmaydigan kadrlargina qolgandi. Keyinchalik fidoyilar safi siyraklashib, tajribasiz kadrlar safi kengayib bordi. Yil sayin oʻqituvchining obroʻsi tushar, buning oʻziga xos sabablari bor edi.

Oʻqituvchilar oʻquv yilining yarmidan koʻpini paxta dalasida oʻtkazardi. Chopiq paytida ketmon koʻtarib dalaga chiqar, hosil yetilgach “plan” bajarilmaguncha maktabga yaqin yoʻlamasdi. Paxta rejasi esa ustma-ust qoʻshib borilar, oxir-oqibat sovuq kunlargina fermerlarga majburiyat yuklashni toʻxtatardi. Shuning oʻziyoq alohida katta mavzu! 

Oʻqituvchilar yozgi taʼtilda maktabni taʼmirlashda ustalar qatori ishlar yoki ularning mehnati uchun choʻntagidan haq toʻlardi. Ayni jarayon oʻquvchi va ustozlar oʻrtasida oʻziga xos “oldi-berdi”ni shakllantirgandi. Oʻqituvchilar tekin ishchi kuchi sifatida koʻrilgani kamdek, maoshi ham oz edi. Ular shunda ham ishlashga rozi boʻlardi. Bu favqulodda fidoyilik emas, majburiyat hosilasi edi. Chunki ular boshqa ish topa olmasdi. Shu bois, yillar davomida maktabda erkak oʻqituvchi deyarli qolmadi.

Vaziyat yil sayin yomonlashib boraverdi. Oqibatda jamiyatda taʼlimga ishtiyoq soʻndi. Hatto qoʻshiqlarga olinadigan kliplarda, kinolarda bir oz boʻshang va noʻnoq qahramon qoʻlida kitob va uni oʻqiyverib koʻz nurini yoʻqotgan shaxs sifatida koʻrsatila boshlandi. Kuchli va baxtli qahramonlar esa doim qimmat mashinada yuradigan, biznesi bor poʻrim yigitlar boʻlardi. Ana shu tendensiya jamiyatda ikki xil standart shakllanishiga olib keldi.

Bir tomondan biz kitob oʻqigan anoyilarning ustidan kulardik. Biznesmen, boylarni qahramon deb bilardik. Ammo oʻzaro gurunglarda halol tadbirkorga ham panja orasidan qarab, “Bir balosi boʻlmasa, shuncha pulni qayerdan topadi? Topganiga harom aralashgan”, derdik. Chunki halol ishlab boyishga ishonch yoʻq edi. Shu bois, boylarga havas bilan qarab, ayni damda ulardan nafratlanardik. Bu illat jamiyatning katta qismida ildiz otgan edi. Bugun koʻrib turibmiz: halol ishlab ham boy boʻlish mumkin ekan. Buning uchun tadbirkor bilim olishi, kitob oʻqishi kerak ekan. Jamiyatda kimning qanday boyiganini gʻiybat qilmay, kitobxonlik, tadbirkorlik haqida fikr almashib yashasa ham boʻlarkan. Xoʻsh, oʻsha “boʻlar ekan-ku” degan fikrga qanday keldik? Albatta, ziyolining obroʻsini oshirish, kitob oʻqigan yoshlar jahonda yetakchi kuchga aylanadi degan hayotiy haqiqatni shakllantirish orqali.

Ayni oʻrinda kechagi kunlarimizdan bir hayotiy misol keltirsam. Oʻquvchilik davrimizdagi fidoyi ustozlardan biri qoʻshni mahalladagi maktabda ingliz tilidan dars berardi. Mamasoat domlani uzoqdan koʻrgan kishi birdan tanib olardi. Oriq, qotmadan kelgan domla yilning toʻrt faslida ham doʻppisini yechmas va doim qomatini kamonday egib, velosiped tepkisini bosib, olgʻa intilardi. Domla oʻtish davridayoq zamonidan bir qadam ildamlab, oʻquv kursiga asos solgan edi. Oʻshanda atrofdagilar “Tavba, pul olib dars oʻtar ekan. Indamay maktabingda ishlayver” qabilida gapirardi. Aksariyat odamlar bolasini qoʻshimcha darsga qoʻyganlar haqida ham kinoya aralash: “Puli koʻpayib qolgan boʻlsa kerak-da, bolasi oʻqib dunyo olib berarmidi?!” derdi.

Bir-ikki safar domlaning darsiga qatnaganim uchun yaxshi bilaman: Mamasoat domla darsni erinmay, hijjalab tushuntirar edi. Bilimdonlik va fidoyilik qoʻshqoʻllab tortiq etilgan domla oʻn-oʻn ikki chaqirim naridagi chekka qishloq maktabida ham dars oʻtardi. Qoru yomgʻirda ham darsni qoldirmay, shuncha masofaga velosipedda qatnardi. Chunki bolalar oʻqib dunyoni olib berishiga, bu haqiqat qachondir baribir yuzaga chiqishiga ishonardi. Nazarimda, bu ishonch vatanparvarlikdan quvvat olardi.

Oʻqituvchilarning haq-huquqi tiklanib, majburiy mehnatdan ozod etilishi mana shu quvvatga yangicha kuch berdi. Muhimi, ziyoliga, kitobxonlarga munosabat tubdan oʻzgardi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning ilk qadamlari yoshlarni kitobga doʻst qilish, mamlakatni kitobxon jamiyatga aylantirishga qaratilgan qatʼiy qadamlar bilan boshlandi. Ochiq gap, oʻshanda kitob oʻqib, qimmatbaho sovgʻani Prezident nomidan olish mumkin ekanini tasavvurimizga sigʻdirish qiyin kechgandi. Amaliy saʼy-harakatlar boshlangach, jamiyatda bu tanlovning adolatli boʻlishiga shubha bilan qaraganlar ham uchrar edi. Ammo eng yaxshi kitobxon yoshlar oddiy oilalarning farzandlari ekani aniqlanib, ularga mashina sovgʻa qilingach, qarashlar butkul oʻzgardi. Xalqimiz orasida ushbu tanlov siyosiy imij uchun emas, haqiqatan, jamiyatni ilm-maʼrifatga chorlash, yurtdoshlarimizni kitobga oshno qilish uchun boshlangani haqli ravishda eʼtirof etildi.

2017-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. Ular orasida kim koʻp kitob oʻqib, uqqanlarini bayon qilib bera oladi degan sogʻlom raqobat paydo boʻldi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilyapti. Bunday oilada dunyoga kelgan goʻdaklar olamni kitob oʻqiyotgan ota-onasining nigohi ila idrok etyapti. Eng katta natija shu, aslida. Lekin oldimizga ulkan maqsadlar qoʻyganmiz. Harakatlarimiz, tanlagan yoʻlimiz ham shunga yarasha boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berilgani mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochdi.

Prezidentimizning “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoyishiga koʻra, 2026-yildan har yili umumtaʼlim maktablarida oʻqiyotgan yoshlarning kitob oʻqishga qiziqishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan milliy kitobxonlik harakati oʻtkaziladi. Ushbu dastur har yili 3 bosqichda amalga oshiriladi. Yaʼni 1-bosqich “kitobxonlikharakati.uz” elektron platformasida roʻyxatdan oʻtgan holda onlayn, 2- va 3-bosqichlar esa bevosita ishtirok etish formatida viloyat va respublika darajasida uyushtiriladi. Mazkur tanlov 3 ta yosh toifasida boʻladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi.

Gʻoliblar ham shunga munosib tarzda taqdirlanadi. Yuqori sinf (6-8-sinf, 9-11-sinf) toifalari boʻyicha 1-oʻrinni egallagan 2 gʻolibning har biri 50 ming dollar pul mukofoti va diplom bilan mukofotlanadi. Xuddi shuningdek, 2-oʻringa munosib koʻrilgan bir juft sovrindorning har biri 30 ming dollar pulni qoʻlga kiritadi. Uchinchi oʻrinni olgan 2 sovrindorning har biriga 15 ming dollar beriladi. Yana bir muhim fakt: 5 ta qoʻshimcha nominatsiya boʻyicha sovrindorlarning har biriga 10 ming dollardan taqdim etiladi.

Yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga bunday katta sarmoya kiritish hozirgi geosiyosiy jarayondagi iqtisodiy sinovlar davrida oson emas! Xalqaro maydondagi vaziyatni tahlil qilib, uning iqtisodiy oqibatlaridan ozgina xabardor kishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Buni, ayniqsa, yoshlar teran anglashi, shunga munosib harakatlanishi kerak. Ularga anglatish, toʻgʻri tushuntirish esa biz, kattalarning Vatan oldidagi burchimizdir. Chunki mamlakatimiz yetakchisi ushbu dasturni shunchaki kitob oʻqish musobaqasi emas, balki Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya sifatida qabul qildi. Ayni oʻrinda yana bir mulohazani aytib oʻtish joiz.

Biz tengi avlodning katta qismi maktabning yuqori sinfiga oʻtmaguncha mobil telefon nima ekanini bilmasdi. Oʻsha zamonlarda robot, dunyoni boshqarishga qodir ulkan kompyuter tizimi (biz uni bugun sunʼiy intellekt deb ataymiz) aql bovar qilmas holat edi. Uni faqat xorijning fantastik kinolarida koʻrardik. Oradan 30 yildan kam vaqt oʻtgan bir pallada afsonalar haqiqatga aylandi. Hozir sunʼiy idrok mehnat bozorida inson uchun eng birinchi oʻrindagi raqobatchi boʻlib qoldi. Ushbu holatni ortiqcha taʼriflash shart emas, nazarimda. Demoqchimizki, mana shunday raqobat davrida mamlakatlar sunʼiy intellektdan foydalana oladigan emas, uni boshqarishni biladigan kadrlarga ehtiyoj sezadi. Texnik taraqqiyot yuksalib borgani sari ushbu ehtiyoj ham kuchayaveradi. Shu maʼnoda, bugungi yoshlar mehnat bozoridagi kuchli raqobatga shay boʻlishi kerak. Unga bardoshli boʻlishning yoʻlini ham ajdodlarimiz koʻrsatib ketgan. Maʼrifatparvar bobolarimiz “Ilmdan boshqa najot yoʻq”, degan. Yangi Oʻzbekistonda ilm-fanga, maʼrifatga hozir jiddiy eʼtibor qaratilayotganining tub mohiyati ham shunda.

Ha, islohotlar aynan mana shu ruhda boshlangan edi. Endi u yangi bosqichda, davr ruhiga munosib tarzda davom ettirilmoqda. Milliy kitobxonlik harakati ana shu yoʻldagi eng katta va muhim qadamlardan boʻldi. Prezidentimiz aytgani kabi: “Kitob oʻqiydigan odam teran va sogʻlom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni oʻzgartira oladi”.

Sodda qilib aytganda, oʻzlikni anglash, Vatanimizga, xalqimizga munosib avlod boʻlish yoʻlidagi milliy harakat boshlandi. Unga har birimiz munosib hissa qoʻshishimiz kerak. Farzandlarimiz oʻqib-oʻrganishi uchun sharoit yaratib berishimiz, orzulariga yoʻl ochib, oilada ragʻbatlantirib turish zarur. Bu mehnat, fidoyilik talab qiladi. Shu bois, bu boradagi hissamiz qanchalik vatanparvar ekanimizni belgilab beradi. Zotan, baxtli yashashimiz yurtsevarligimizga bogʻliq. Ayni haqiqat asrlar osha bizgacha yetib kelgan kitoblarda ham oʻz aksini topgan. Masalan, “Avesto”da mehnatsevarlik madh etilgan. Shu bilan birga, yolgʻonchilardan uzoq yurish tavsiya etiladi. Mazkur omillar orqali farzand tarbiyasi koʻrsatib beriladi. Ha, hayotning hech oʻzgarmas qoidalari bor. Ularga amal qilish shaxs, jamiyat iqbolini yuksakka koʻtaradi. Ana shunday oʻzgarmas qoidalar — ustozlarning yuksak obroʻsiga putur yetkazmaslik, yoshlarning ilm-fanda ilgʻor boʻlishi va maʼrifat mayogʻini baland koʻtarishdir!

Shu oʻrinda yana bir hayotiy faktni aytib oʻtmoqchiman. Bir sinfda 27 oʻquvchi oʻqiganmiz. Maktabni tugatganimizdan keyingi toʻrt yillikda sinfdoshlar orasida faqat uch kishiga oliy taʼlimda oʻqishni davom ettirish nasib etdi. Qolgan 25 nafarimiz esa ish topishimiz, tirikchilik yoʻlini izlashimiz kerak edi. Sinfdoshlarimdan ikki nafari 11 yillik taʼlimdan keyin kasb-hunar kollejida oʻqidi. Ammo oʻz yoʻnalishida deyarli ishlamadi. Ishlay olmadi. Chunki taʼlimdagi oqsoqliklar sabab ular kadr sifatida talabga javob bermasdi. Bugun taʼlimning ushbu yoʻnalishi ham tubdan yangilandi. Hozir texnikumlarni oʻz kasbining ustasi boʻlgan, nazariya va amaliyotni birgalikda oʻzlashtirgan mutaxassislar tamomlamoqda. Muhimi, ularning ish boshlashi uchun ham qator imtiyozlar berilgan.

Oʻshanda bizning oʻqishga qabul qilingan yoki qilinmaganimiz hech kimni qiziqtirgan emas. Oʻtgan oʻn yilda bu yondashuv ham tubdan oʻzgardi. Har bir yoshning masalasi uyma-uy yurib oʻrganiladigan boʻldi, taʼlimga, kasb-hunarga yoʻnaltiriladigan tizim yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda taʼlimdagi yangilanishlar sabab maktab oʻquvchilari muddatidan oldin talaba boʻlyapti.

Boz ustiga tadbirkor boʻlishni istaydigan yoshlar uchun banklar joriy yil 25 trillion soʻm past foizli kredit taklif etyapti. Startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilarga esa 100 million dollar mablagʻ ajratilgan. Muhimi, yirik AT kompaniyalari har yili kamida 50 ming bitiruvchini sunʼiy intellekt boʻyicha oʻqitib, yuqori daromadli ishga joylashtirishga tayyor ekani aytildi. Bu davr bilan hamqadamlik, mehnat bozoridagi raqobatda yetakchilik qilish degani!

Shu kabi quvonchli mujdalar fonida har qanday kishi maktabni tamomlagan navqiron avlodga qarab havas qiladi. Ana shu havasni sezgan yigit-qizlar faxr bilan quyidagi misralarni takrorlayotgandek:

Menga yordir omad, men bilan iqbol,

Hali yetti iqlim qolar hayron, lol,

Ey dunyo! Boryapman, meni qarshi ol,

Shu buyuk millatning umidiman men!

Boboravshan GʻOZIDDINOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri