Yer sayyorasida hayotning paydo boʻlishida ham bosh omil suv boʻlganini yaxshi bilamiz.
Bugun ana shu
tiriklik manbai zaxirasi tugab borayotgani oʻta tashvishli va xavotirli
muammoga aylangan. Buni faqat OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilayotgan
fakt va raqamlar orqaligina emas, balki kundalik turmushda, yil sayin
choʻllanish, qurgʻoqchilik kuchayib borayotgan muhitda yashab, koʻrib, oʻz
hayotimizda his etib turibmiz. Xullas, tiriklik manbaining oʻzi bugun xavf
ostida.
Yer yuzining 71
foizi suv bilan qoplangan. Jami suv miqdorining 97 foizdan ortiqrogʻi
okeanlardagi shoʻr suvdan iborat. Chuchuk suv esa atigi 3 foizdan ham kam.
Uning 70 foizga yaqini qutblardagi muzliklarda jamlangan. Ichishga yaroqli suv
manbaining asosiy qismi yer ostida toʻplangan. Yer yuzasidagi ochiq chuchuk
suv manbalari 1 foizdan ham kamroq.
“Ekologiya”
milliy axborot agentligi (NIA-ECO) tadqiqot natijalarida qayd etilishicha,
chuchuk suv yoʻqotilishining 68 foizi yer osti manbalariga, 18 foizi yer usti
suvlariga, 5 foizi qor zaxiralari kamayishiga toʻgʻri kelayotir. Global isishning
yil sayin kuchayib borayotgani barcha suv manbalari — yer osti va yer usti
suvlari, hatto “abadiy”lik maqomini yoʻqotayotgan qutb muzliklarining yuqori
surʼatda kamayib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Sabablar
Sanoatning
rivojlanishi, atmosferaga toʻxtovsiz va haddan ziyod miqdorda issiqxona
gazlari chiqarilayotgani iqlim oʻzgarishini keltirib chiqardi. Bu esa, oʻz
navbatida, barcha sohalar, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi, sanoatda suv isteʼmolini
kuchaytirgan. Ayni paytda dunyo aholisi soni 8 milliard 250 milliondan oshib
ketgan.
Suv
resurslarining kamayishi tabiiy ravishda hosildorlik tushib ketishi,
oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi hamda taqchillikka sabab boʻladi.
Xullas, eʼtibor berilsa, bular barchasi
oʻzaro bogʻliq masalalar. Buning ustiga suvdan samarasiz foydalanish,
yer osti va yer usti resurslarining inson omili tomonidan ifloslanishi
muammoni battar chuqurlashtirmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, oilada bir kishi
har kuni yuz-qoʻl yuvishga oʻrtacha
8 litr, joʻmrakni ochib qoʻyib tish tozalashga 6-8 litr, yuvinishga bir
daqiqada
15-20 litr, vannada choʻmilishga 150 litr suv sarflaydi. Endi raqamlarni oila
aʼzolari soniga, undan soʻng 365 kunga koʻpaytirib koʻring. Yurtimizdagi
xonadonlar va aholi sonini ham esdan chiqarmang. Ana shunda goʻyo arzimasdek
koʻringan muammo qay darajada ulkan xavotirni, aniqrogʻi, suv isrofgarchiligini
keltirib chiqarayotganini tasavvur etish qiyin emas.
Qanday
chora-tadbirlar koʻrilayotir?
Dunyo hamjamiyati
suvni asrab-avaylash uchun texnologik, infratuzilmaviy va boshqaruv choralari
yordamida kurashmoqda. Jumladan, gidrotexnik inshootlar va tomchilatib
sugʻorish qurilmalari tatbiq etilyapti, qishloq xoʻjaligida suvdan samarali
foydalanishning ilgʻor usullari keng koʻlamda joriy etilmoqda. Suv resurslarini
mahalliy va xalqaro miqyosda boshqarish sifatini oshirishga harakat qilinyapti.
Eng muhimi, kun tartibiga chiqqan bu “qaynoq” masalani bir mamlakat yoki bir
mintaqa doirasida hal qilib boʻlmasligini hamma anglab, davlatlar
hamjihatlikda, hamkorlikda kutilgan maqsadga erishish mumkin degan mantiq bilan
harakatlanayotir.
Tashabbus
va xalqaro eʼtirof
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat
uchrashuvida suv xavfsizligi masalasini strategik ustuvor yoʻnalish sifatida
belgilab,
2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy
harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu ezgu
tashabbusga hamohang tarzda boʻlib oʻtgan konferensiyada Oʻzbekistonning yangi
Suv kodeksi taqdim etildi. Mazkur huquqiy hujjatda mamlakatimizda suvdan
oqilona foydalanish, sohani tartibga solish, muhofaza qilish, yer usti va yer
osti suvlarini oʻzaro bogʻliq holda boshqarishga oid masalalar majmuaviy
holatda yoritib berilgan. Bu hujjatni chet ellik ekspertlar “tarixiy qadam”
sifatida baholagani ham OAV va ijtimoiy tarmoqlarda qayd etildi.
Odatda masʼullar
hisobotiga koʻra, tajribali ekspertlar bahosi xolisroqdir. Shu maʼnoda,
tadbirda ishtirok etgan hamkor mutaxassis — Osiyo taraqqiyot bankining
Loyihalarni boshqarish boʻlimi rahbari Januar Laude fikrlarini keltirib
oʻtishni joiz deb bildik. U Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosiga
strategik yondashuv, yetakchilik va hamkorlik zarurligini aytib, bunday dedi:
— Osiyo
taraqqiyot banki Oʻzbekiston hukumati va Suv xoʻjaligi vazirligi bilan suv
sektorini zamonaviy, samarali va iqlimga chidamli tizimga aylantirish yoʻlida
uzoq yillik loyihalar va dasturlarda, jumladan, yangi Suv kodeksini
tayyorlashda faol ishtirok etdi. Ushbu hujjatlar suv resurslarini
integratsiyalashgan boshqarish, shaffof taqsimot, raqamlashtirish va
barqarorlik prinsiplari asosida tizimni tubdan yangilashga zamin yaratdi. Yangi
kodeks institutsional vakolatlarni aniq belgilab, suv foydalanuvchilari
ishtirokini kengaytirdi va ekologik hamda iqtisodiy tamoyillarni boshqaruvga
integratsiya qildi. OTB kelgusida ham vazirlik bilan yaqin hamkorlikni davom
ettirib, 2050-yilgacha moʻljallangan suv sektorini rivojlantirish strategiyasi
va milliy suv xavfsizligi dasturini ishlab chiqishda amaliy yordam beradi.
Oʻzbekiston hukumati yetakchiligi va olib borayotgan islohotlarini yuqori
baholaymiz. OTB esa bu boradagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Suv tanqisligi
muammosi ayrim mamlakatlar emas, butun dunyo aholisiga xavf solayotgani
aniq-ravshan koʻrinib qoldi. Bu mavzuda gapirganda baʼzi koʻllar qurib
qolayotgani, ayrimlari qurgʻoqchilik va ifloslanish xavfi ostida ekani haqida
tashvishli maʼlumotga tez-tez koʻzimiz tushadi. Dunyo boʻyicha bunday
oʻnglanmas holatga tushgan jami irmoqlar, anhoru buloqlarni hisoblab chiqish
mushkul ekanini taʼkidlamoqda mutaxassislar.
Albatta, dunyo hamjamiyati bunday salbiy oʻzgarishlarning oldini olish uchun birgalikda turli loyihalarni amalga oshirishga kirishgan. Tabiatni asrash, muhofaza qilish borasida turli darajada imkoniyatga ega mamlakatlar tobora jipslashayotir. Mavjud texnologiya va ilm-fan yutuqlari, ilmiy tadqiqot xulosalari ushbu muammoni hal etishga yoʻnaltirilayotgani ham koʻngilga qisman taskin beradi. Ammo bu masalani barchamizning burchimiz sifatida qabul qilar ekanmiz, uni keyingi avlodlarga qay darajada yetkazib bera olyapmiz degan savol tugʻiladi. Axir suv bilan bogʻliq yuksak qadriyatlar va qarashlarimiz susayib ketganini ham tan olish kerak. Kelajakda shunday davom etaversa, yana qanday ogʻir muammolarga duch kelamiz? Tabiat esa bu muammolarga eʼtiborsizlikni kechirmaydi.
Rustam
BOYTOʻRA,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri