Soliqlar nimaga sarflanishini toʻlaqonli bilganimizda edi, barchamiz oʻz tashabbusimiz bilan toʻlagan boʻlardik. Toʻlamayman, menga yengillik, imtiyoz beringlar demasdik. Aksincha, nima uchun soliq toʻlamayapman, boshqalardan kam joyim bormi, mayib-majruhmanmi deya jar solardik. Soliq toʻlay olish layoqatini bergani uchun Yaratganga shukr aytib, ich-ichimizdan quvonardik, gʻururlanardik.

Soliqni sogʻlom odamlar toʻlaydi. Vatan, seni sevaman, senga jonim fido deb aytish uchun maʼnaviy haqqi bor odamlar toʻlaydi soliqni. Uni toʻlash qahramonlik yoki olijanoblik emas, balki burch.

Xoʻsh, soliq nima oʻzi? Soliq davlat faoliyatini taʼminlash, maktablar, shifoxonalar, yoʻllar va boshqa ijtimoiy infratuzilmalarni moliyalashtirish va iqtisodiyotni boshqarish uchun jismoniy hamda yuridik shaxslardan majburiy, qaytarilmaydigan tartibda undiriladigan pul mablagʻi. U byudjetni shakllantiradi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlaydi.

Vatan qudrati, avvalo, ilmli, maʼrifatli fuqarolarga bogʻliq. Xuddi koinotni quyoshsiz tasavvur qilib boʻlmaganidek, jamiyatni maktabsiz, oʻqituvchisiz, bilimsiz tasavvur qilish qiyin. Ilmu maʼrifat, maʼnaviyat esa maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida beriladi. Inson orzu qilishi, oldiga marralar qoʻyishi, maqsadlar sari intilishi uchun, avvalo, sogʻlom boʻlishi kerak. Buning uchun mamlakatda tugʻuruqxonalar, shifoxonalar, poliklinikalar qurilishi, bu qutlugʻ dargohlarda inson salomatligi uchun masʼul malakali, tajribali tibbiyot xodimlari ishlashi lozim.

Mamlakatda sogʻlom va komil insonga ehtiyoj katta. Soliqlarimiz taʼlim, maʼrifat, maʼnaviyat uchun sarflanayotganini nahotki tushunmaymiz?!

Oliy oʻquv yurtlari, maktablar, bogʻchalar qurilishi, ularning darsliklar, oʻquv jihozlari, laboratoriyalar, kutubxonalar, kompyuterlar, turli zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlanishi soliq tushumlariga bogʻliqligini bilamizmi?

Yaqin oʻtmishda paxta terimi paytida hasharchilarning yotogʻiga aylantirilib, terim tugagach, qanday abgor ahvolda boʻlsa, xuddi shunday holda mashgʻulotlar davom ettirilgan, sport maydonchalarigacha tekislanib paxta ekilgan, tomidan chakka tomadigan maktablar oʻrniga dunyo havas qilayotgan ilm koshonalari qurilishiga hissa qoʻshish nahotki kimlargadir malol kelayotgan boʻlsa...

Jahon ahli boshiga musibat olib kelgan pandemiyadan xalqimizni eson-omon olib chiqish uchun davlatimiz rahbari barcha tizimga soliq imtiyozlarini berish haqida qarorlar qabul qilgani odamlarning yodidan koʻtarilgani yoʻq hali.

Oʻshanda maxsus komissiya tuzildi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin hududlari qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalariga moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun zarur mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻ yigʻilgan soliq tushumi ekanidan nahotki xabaringiz boʻlmasa?

Pandemiya vaqtida mamlakat boʻylab joylardagi muammolar ochiq muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun qaysi hududga qanday texnika va vositalar kerakligi belgilandi. Prezidentimiz mutasaddilarga haqiqiy holatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etib borish boʻyicha qatʼiy topshiriq berganini barchamiz yaxshi bilamiz. Xullas, mamlakatimiz yetakchisining saʼy-harakati tufayli har bir hudud ehtiyojdan kelib chiqib, yetarlicha dori-darmon, tibbiy buyumlar va test tizimlari bilan taʼminlangani, tibbiyot xodimlari moddiy ragʻbatlantirilgani bugun tarix sahifalaridan oʻrin oldi.

Biz toʻlayotgan soliqlarning bir qismi tibbiyotga yoʻnaltirilganini minnatdorlik bilan qabul qilishimiz kerak emasmi?

Tekis va ravon yoʻllar — obodlik belgisi, mamlakatning qiyofasini belgilovchi omil. Uyimizga, ishga, barcha muqaddas joyga, tarixiy osori atiqalarga yoʻllar olib boradi.

Oʻzbekistonga sarmoya kiritayotgan investorlar, avvalo, yoʻllarimizga qaraydi. Yildan yilga karrasiga koʻpayayotgan turizm rivojida yoʻllarning oʻrnini boshqa biror narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi. Boshqacha aytganda, daromad yoʻllardan yurib, kirib keladi. Yoʻllarga qancha koʻp pul sarflasak, shuncha koʻp falokatning oldi olinadi.

Biz toʻlayotgan soliqning bir qismi yoʻl qurilishiga ketishini nahotki tushunishni istamaymiz?

Joriy yil 6-aprel kuni Prezidentimiz soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Unda davlatimiz rahbari soliq tizimini takomillashtirish, nazoratni kuchaytirish va xufiyona iqtisodiyot haqida toʻxtalib oʻtdi.

Soliq tizimidagi shaffoflik va adolat davlatimiz rahbari nazoratida turganining oʻziyoq har birimizning vijdonimizni uygʻotmogʻi shart va zarur.

Eng rivojlangan mamlakatlarda soliq toʻlamagani yoki soliqdan qochgani uchun “erkatoy yulduzlar”, yurti taraqqiyotida oʻrni bor tadbirkorlarga jarima va jazo belgilangan.

Bunga misollar koʻp. Masalan, aksariyat futbol yulduzlari, shou-biznes vakillari soliq toʻlamaslik bilan bogʻliq voqealar sabab javobgarlikka tortilgan.

Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda soliq “ixtiyoriy burch” emas, balki qatʼiy ijtimoiy shartnoma.

Mashhurlik, boylik yoki taʼsir jazodan himoya qilmaydi. Eng muhimi, jazo muqarrarligida.

Xoʻsh, bizda-chi? Biror marta soliq toʻlamagani yoki soliqdan qochgani uchun ishbilarmon, shou-biznes vakili yoki mashhur sportchi jarimaga tortilgani haqida eshitganmisiz? Eshitmagansiz! Chunki bizda ular doimo eʼzozda.

Tadbirkorlik, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, sanʼat, adabiyot, madaniyat rivojiga hissa qoʻshganlar, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlab, nogironligi bor yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlaganlar uchun bosqichma-bosqich soliq imtiyozlari joriy etib kelinmoqda.

Oʻzbekiston bugun jahonga eshiklarini ochdi. Dunyo oʻzbek bilan doʻst boʻlishni istamoqda. Bekligimizni, eng avvalo, yuragimizda, vijdonimizda tiklaylik. Oldimizda turgan ulkan masʼuliyatni sharaf deya qabul qilaylik. Eng asosiysi, top­gan daromadimizdan qonunda belgilangan miqdorda soliq toʻlashni vijdon ishi deb bilaylik.

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi