“Bu
— Issiqkoʻl. U yerda suv bilan osmon bir-biriga tutashib turardi. Undan narida
hech nima yoʻq. Koʻl harakatsiz, shuʼlador, kimsasiz. Faqat qirgʻoqqa
urilayotgan toʻlqinlarning oppoq koʻpigini arang ilgʻab olish mumkin,” deb
yozadi Chingiz Aytmatov “Oq kema” asarida.
Oʻquvchilik
yillarim “Oq kema”ni negadir qayta-qayta oʻqirdim. Shu nomdagi mashhur badiiy
filmni ham televizordan berilganda har safar qoldirmasdan koʻrib borardim.
Oʻzimcha ularni taqqoslagan, tahlil qilgan boʻlardim.
Men Chingiz Aytmatov asarlarida tasvirlangan badiiy
olam shaydosi edim. Tabiiyki, bu olamdan topganlarim — Jamila, Saidjon, Doniyor, Ilyos, Asal,
Moʻmin chol, uning baliqqa aylangan nabirasi... Tanaboy, uning oti — Gulsari
kabi qahramonlargina emas, keng bugʻdoyzorlar, dashtu yaylovlar, togʻu toshlar,
oʻru qirlar, gulu giyohlar va yana afsonaviy Issiqkoʻl... barcha-barchasi men
uchun gʻoyatda qadrli edi. Bugun esa, mana, Issiqkoʻldaman!..
Chingiz
Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl xalqaro forumining 40 yillik yubiley anjumaniga taklif
xati keldi. Xuddiki, menga bu xatni oq kema yetkazdi. Toʻgʻri, men
Qirgʻizistonga — Bishkekka xizmat yuzasidan uch-toʻrt marotaba borganman.
Issiqkoʻlga esa yoʻlim tushmagan edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, taklif xati
olganimda yosh boladay xursand boʻlib ketganimni aytmaysizmi...
Soat
kechki beshlar chamasi Manas xalqaro aeroportiga qoʻndik. Bizni kutib olgan
yigit oʻzini Mirsaid deb tanishtirdi va darhol shahar markazidagi mehmonxona
tomon mashinani yeldirib ketdi. Uni qarangki, mehmonxona nomi “Oq kema” ekan.
Bir qarashda kemani eslatib yuboradigan binodagi oʻzimizga ajratilgan xonalarga
joylashdik.
“Ota
beyit” — muqaddas ziyoratgoh
Ertalab
xorijdan kelgan mehmonlar, qirgʻiz adiblari jam boʻlib, avtoulovlarga oʻtirib,
Chingiz Aytmatov qabrini ziyorat qilish uchun “Ota beyit” ziyoratgohiga yoʻl
oldik. “Ota beyit” milliy tarixiy-memorial majmuasi — qirgʻiz xalqi tarixining
eng fojiali sahifalarini oʻzida jamlagan ziyoratgoh. Majmua Bishkek shahridan
30 chaqirimcha janubda, Olatov etagida joylashgan. Xalq xotirasi, milliy
oʻzlikni anglash va oʻtmish qurbonlariga boʻlgan cheksiz hurmatning ramzi
hisoblanmish “Ota beyit” soʻzi “otalar qabri” maʼnosini anglatadi.
Majmua
xodimining hikoya qilishicha, ushbu ziyoratgohning tashkil topishi XX asrning
eng mudhish sirlaridan biri ochilishi bilan bogʻliq. 1938-yilning noyabr oyida
sobiq Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) tomonidan 137 nafar millat oydini —
qirgʻiz xalqining fidoyi farzandlari otib tashlangan. Jasadlar esa Chontosh
qishlogʻidagi gʻisht zavodining eski xumiga tashlanib, tuproq bilan koʻmib
yuborilgan. Mustabid tuzum bu jinoyatni sir saqlashga uringan. Ammo bir qizaloq
bu qoʻrqinchli voqealarni koʻrib qolgan. Uning bu mudhish hodisalarga guvoh
boʻlganini otasidan boshqa hech kim bilmagan.
Bu sir oradan 53 yil oʻtib, 1991-yilda oshkor boʻldi.
Oʻsha mashʼum voqealar guvohi boʻlgan Bubuyra Qidiraliyeva ismli ayol otasining
vasiyatiga koʻra, ommaviy qabr joyini Qirgʻiziston davlat xavfsizlik
tashkilotiga maʼlum qilgan. 1991-yil yozida olib borilgan qazishma ishlari
natijasida shahid ketganlarning xoki va shaxsiy buyumlari topiladi. 1991-yil
30-avgustda ular ushbu hududda qayta dafn etiladi. Shahid ketganlar safida
ulugʻ adib Chingiz Aytmatovning otasi — Toʻraqul Aytmatov ham boʻlgan.
Keyinchalik 2000-yilda bu yerda memorial majmua barpo etiladi.
Shu maʼnoda,
“Ota beyit” shunchaki qabriston emas, balki tarixiy haqiqat va adolat
tiklangan maskandir. Qirgʻizistonga tashrif buyuradigan xorijiy davlat
rahbarlari, diplomatlar va rasmiy delegatsiyalar ushbu majmuaga kelib,
qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Bishkekka yoʻli tushgan ziyoli
borki, bu joyni, albatta, ziyorat qiladi. Shuningdek,
8 noyabr Qirgʻizistonda Tarix va ajdodlarni xotirlash kuni etib belgilangan.
Shu munosabat bilan bu yerda davlat darajasidagi tadbirlar oʻtkaziladi va
oʻtganlar haqiga duoyu xayrlar, tilovatlar qilinadi. Biz ham bu maskanni
ziyorat qilar ekanmiz, xayolimizdan oʻzimizdagi “Shahidlar xotirasi” maydoni,
shoʻro qatagʻoni qurboni boʻlgan oʻzbekning gul farzandlari Abdulla Qodiriy,
Abdulhamid Choʻlpon, Tavallo, Munavvarqori Abdurashidxonov singari ulugʻlar
oʻtdi.
Qirgʻiziston
xalq shoiri Xoʻjageldi Kultegin 1991-yilga qadar Chingiz Aytmatov ham otasi
qabri qayerda ekanini bilmaganini, keyinchalik ustoz adib ham oʻz vasiyatiga
koʻra shu yerga qoʻyilganini iztirob bilan hikoya qilib berdi. Forum avvalida
tashkil etilgan bu mahzun ziyorat qalbimizni oʻrtagani rost. Biroq bir taskin
ham borki, bugun ularning qabri topildi. Mustabid tuzumning zulmkor qilmishi
fosh boʻldi. Mustaqillik neʼmatini asrab-avaylash uchun bunday aziz tuproqlarni
ziyorat qilish eng ulugʻ ibratdir.
Qirgʻiziston
durdonasi
Aytmatov
asarlari orqali taniganim — Issiqkoʻlni koʻrish bolalikdan katta orzum edi.
Bugun buni oʻz koʻzlarim bilan koʻrib turibman. Yozuvchi tasvirlaganicha bor
ekan. Musaffo osmon, u yer-bu yerida oppoq parqu bulutlar, oq sochli togʻ
choʻqqilari va ularning bagʻrida sirli ravishda mavjlanib turgan zangori
koʻl... Yoʻgʻ-e, dengiz... Issiqkoʻl dengizi! Oʻzining moʻtadil, yoqimli
iqlimi, musaffo havosi va qaynoq sohillari bilan dunyoga tanilgan, baland
togʻlar bagʻridagi ulkan suv havzasi bugungi kunda mintaqamiz aholisi, xususan,
yurtdoshlarimiz uchun sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi.
Safar davomida bir qancha vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdik. Qirgʻizlar
Issiqkoʻlni “Qirgʻiziston durdonasi” deyishadi. Menga qolsa bu joyni “Markaziy
Osiyo durdonasi” deb atagan boʻlardim.
Issiqkoʻl
dengiz sathidan 1607 metr balandlikda, Tyanshan togʻ tizmalari bagʻrida
joylashgan. U dunyodagi eng yirik baland togʻ koʻllari roʻyxatida Janubiy
Amerikadagi Titikaka koʻlidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Uzunligi 182
kilometr, kengligi qariyb 68 kilometrni tashkil etadi. Ushbu ulkan havzaning
eng chuqur joyi 668 metrga yetadi.
Suv tarkibida tuz miqdori yuqoriligi hamda ulkan suv hajmi
sababli Issiqkoʻl qahraton sovuqda ham muzlamaydi. Issiqkoʻl nomi shundan kelib
chiqqan boʻlsa, ajab emas. Unga yuzdan ortiq katta-kichik togʻ daryosi
quyilsa-da, birortasi oqib chiqmaydi. Bu esa koʻlning oʻziga xos tabiiy sofligi,
ozodaligini va suvining nihoyatda tiniq boʻlishini taʼminlaydi.
Xullas,
bu betakror tabiat moʻjizasini koʻrib, ulugʻ adib Chingiz Aytmatov anjuman
oʻtkazish uchun bejiz Issiqkoʻl boʻylarini tanlamaganiga amin boʻldim.
Dunyo
ziyolilarini birlashtirgan maydon
Issiqkoʻl faqat sayyohlik maskani emas, balki dunyo
ziyolilarini birlashtirib kelayotgan ulkan maʼrifat-maʼnaviyat, fikr-mulohaza,
taklif-tashabbus maydoni hamdir. Bundan roppa-rosa 40 yil avval, 1986-yilda
dunyoga mashhur qirgʻiz adibi va mutafakkiri Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan
birinchi Issiqkoʻl xalqaro forumi tashkil etilgan edi. U paytlarda sobiq
sovetlar mamlakati hukm surib turgan, qizil shoʻro tarkibidagi respublikalar
bir qadargina yengil nafas olishni boshlagan pallalar boʻlgan. Ammo jilov sobiq
shoʻro hukumati qoʻlida boʻlgan. Shu maʼnoda, bu forum Chingiz Aytmatovning
haqiqiy maʼnodagi jasorati mahsulidir.
Birinchi
uchrashuvdayoq forum dunyoning eng taniqli shoir, yozuvchi, dramaturg, olim va
sanʼatkorlari boshini biriktirgan. Aytmatovning shaxsiy taklifi bilan dunyoning
17 mashhur ziyolisi anjumanda ishtirok etgan. Bular orasida Nobel mukofoti
sohibi Klod Simon, mashhur adiblar Artur Miller, Jeyms Bolduin, Yashar Kamol,
mashhur aktyor, dramaturg va rejissyor Piter Ustinov boʻlgan. Anjuman haqida
Chingiz Aytmatov “Biz Issiqkoʻl qirgʻoqlarida shunchaki diydorlashish
uchun emas, balki sayyoramiz taqdiri haqida fikr yuritish, yangicha fikrlash
madaniyatini yaratish va insoniyatni maʼnaviy halokatdan qutqarish yoʻllarini
birgalikda izlash uchun yigʻildik. Bu koʻl dunyo tafakkurini uygʻotuvchi
beshikdir”, degan edi.
Oradan
11 yil oʻtib, 1997-yilda yana Issiqkoʻl forumi boʻlib oʻtadi. Bu tadbirga ham
Aytmatovning oʻzi bosh boʻladi. Anjumanda YUNESKOning oʻsha paytdagi Bosh
kotibi, ispaniyalik olim va yozuvchi Federiko Mayor, mashhur siyosatchi Mixail
Gorbachyov, atoqli shoir va yozuvchilar Yevgeniy Yevtushenko, Muxtor Shaxanov,
habashistonlik mashhur rassom va haykaltarosh Afeverk Tekle faol ishtirok
etgan. Oʻzbekistondan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Toʻlepbergen
Qayipbergenov, atoqli oʻzbek adiblari Ahmad Aʼzam, Salim Ashur, Amirqul Karim
qatnashgan.
2018-yil
boʻlib oʻtgan Issiqkoʻl xalqaro forumi ulugʻ adib Chingiz Aytmatov
tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan edi. Mazkur anjumanda dunyoning 25
davlatidan 155 nafar taniqli yozuvchi, olim va jamoat arbobi ishtirok etgan.
Qozoq
sheʼriyatining yorqin namoyandalaridan biri Oʻljas Sulaymonov, Oʻzbekiston
Qahramoni, adabiyotshunos olim, tarjimon Ibrohim Gʻafurov, Oʻzbekiston xalq
shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist,
aytmatovshunos olim Ahmadjon Meliboyev, filologiya fanlari doktori, professor
Hamidulla Boltaboyev kabi atoqli adib va olimlar ishtiroki oʻz vaqtida forum
nufuzini oshirishga xizmat qilgan deb aytishimiz mumkin.
Birgalikda
kelajak sari
Joriy yilning 18-21-iyun kunlari Issiqkoʻl xalqaro
forumining navbatdagi anjumani boʻlib oʻtdi. Bu yilgi tadbir “Dunyo tamadduni
burilish pallasida: birgalikda kelajak sari” shiori ostida iqlim inqirozi, suv
taqchilligi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sunʼiy intellekt (AI) asrida
umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashga bagʻishlandi. Anjumanni Qirgʻiz
Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ochib berdi. Forum hamisha atoqli davlat
va jamoat arboblari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat namoyandalarini oʻz atrofida
birlashtirib kelgan. Anjumanda 17 mamlakatdan saksondan ortiq vakil ishtirok
etdi. Oʻzbekistondan ham nufuzli delegatsiya qatnashdi.
Bu
galgi Issiqkoʻl forumida qator masalalar kun tartibiga qoʻyildi. Ushbu yubiley
forum yakunida tadbirni har toʻrt yilda bir marta anʼanaviy tarzda oʻtkazish,
yosh olimlar va izlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Chingiz Aytmatov
nomidagi xalqaro stipendiya joriy etish, BMTga Issiqkoʻl forumiga xalqaro maqom
berish hamda uni global gumanizm, yadrosiz va xavfsiz dunyo gʻoyalarini ilgari
surishga xizmat qiluvchi hamkor tuzilmalar qatoriga kiritish masalasini koʻrib
chiqish toʻgʻrisida murojaat etish kabi tashabbuslar boʻyicha maxsus
rezolyutsiya qabul qilindi.
Nufuzli anjumanda adabiyot yoʻnalishidagi Nobel mukofoti
sohibi, xitoylik mashhur adib Mo Yan ham ishtirok etib, forumning tarixiy
maqomiga yuqori baho berdi: “Aytmatov asos solgan bu forum insoniyat oʻzini
anglashi uchun dunyoga ochilgan betakror koʻzgudir. Issiqkoʻlning sof suvi
bizga global ekologik va texnologik inqirozlar davrida qalbimizni toza
saqlashni eslatib turadi”.
Anjumanda
bu kabi fikr-mulohazalar koʻplab ishtirokchilar tomonidan aytildi. Hikmatmonand
soʻzlarni tinglab, bir mulohazaga borasan kishi: adabiyot doimo qalblarni
birlashtirib, qalqib turgan dunyoda ezgulik mangu ekanini eslatib turadi.
Tinchlik, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashni ongu shuurimizga
singdiradi.
Ana shunday xayrli eʼtiroflar koʻngildan kechar ekan,
kechinmalaring beixtiyor tilingga koʻchadi: adabiyot — buyuk moʻjiza! Adabiyot
— buyuk qudrat! Yashasin adabiyot!..
Gʻayrat MAJID,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi