Bugun esa ushbu tarixiy hudud zamonaviy Oʻzbekiston iqtisodiyotining yangi oʻsish nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda sohani qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va biznes uchun qulay sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan izchil siyosatning navbatdagi muhim bosqichi boʻldi.

“Mamlakatimizda zamonaviy fikrlaydigan, oʻz biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda. Bu esa yurtimizning ertangi kuni va taraqqiyoti uchun juda katta kuch va ishonchdir”, dedi davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda.

Mazkur muloqotga oliy taʼlim tizimi nuqtai nazaridan qaraganda, uning ahamiyati yanada kengroq namoyon boʻladi. Chunki bugungi iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili nafaqat investitsiya, kredit yoki yangi korxonalar, balki bilimli, zamonaviy kasb va koʻnikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan inson kapitalidir. Demak, tadbirkorlikning yangi bosqichi taʼlim tizimida ham shunga monand yuksalishni taqozo etmoqda.

Soʻnggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida katta natijalarga erishildi. Prezidentimiz nutqida qayd etilgan 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror, 450 trillion soʻmlik kredit portfeli hamda 650 trillion soʻmlik soliq va bojxona imtiyozlari mamlakatimizda biznes yuritish sharoitlari sezilarli darajada oʻzgarganini koʻrsatadi. Ammo bu raqamlarning ortida yana bir muhim haqiqat bor: har bir yangi korxona, loyiha va ish oʻrinlari uchun malakali mutaxassislar zarur.

Demak, tadbirkor “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni koʻpaytirish” bosqichiga oʻtayotgan bir paytda taʼlim tizimi ham oʻz bitiruvchilarini oʻzlashtirgan bilimlarini amaliyotda qoʻllay oladigan, muammoni tezkor hal qilish koʻnikmasiga ega va yangi qiymat yaratadigan kadrlar sifatida tayyorlashi kerak. Bu jihatdan oliy taʼlim muassasalari oldida turgan vazifa, birinchi navbatda, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashdir.

Fargʻona davlat universitetida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol boʻla oladi. 2026-yilda oliygohni 6890 nafar talaba tamomladi. 2026-yil mart oyi­da bitiruvchilarni barvaqt ish bilan taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” va vaqtincha ishsiz bitiruvchilar bilan ishlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturi orqali 2025-yilda 334 ta loyihaga 8 milliard 64 million soʻm ajratilib, 352 nafar bitiruvchining bandligi taʼminlangan. 2026-yil boshidan esa 286 ta loyiha uchun 5 milliard 563 million soʻm mablagʻ ajratilib, 286 nafar bitiruvchi ishga joylashtirilgan.

Yana bir yoʻnalish 2025-yil 7-8-oktyabr kunlari oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Belarus II taʼlim forumi doirasida universitetning ilmiy-amaliy loyihalari, xususan, agrar yoʻnalishdagi ishlanmalar xorijiy delegatsiya tomonidan yuqori baholandi. Universitetning BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “aqlli” dehqonchilik issiqxonasi resurslarni tejash, raqamli boshqaruv va zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishning muhim namunasidir. Avtomatlashtirilgan tizim asosida 8000 tup bod­ring yetishtirilayotgani ilmiy ishlanmaning amaliy samaradorligini koʻrsatadi.

Asalarichilik kovorking markazida asal­ari oilalarini koʻpaytirish, naslli ona arilar yetishtirish va tabiiy asal ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham taʼlim bilan tadbirkorlikning uygʻunlashayotganidan dalolat. Bundan tash­qari, universitetda tashkil etilgan beshta kovorking markazining umumiy qiymati 1 milliard 170 million soʻmni tashkil etadi. Ushbu markazlar anorchilik, uzumchilik, chorvachilik, asalarichilik hamda tarjima faoliyati yoʻnalishlarini qamrab olgan. Muhimi, bu maskanlarda professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar birgalikda ishlamoqda. Natijada nazariy bilim amaliy tajriba bilan boyib, ilmiy gʻoyalar real loyihalarga aylanmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston — Belarus III hududlararo forumida Fargʻona va Gomel viloyatlari oʻrtasida imzolangan yangi “yoʻl xaritasi” ham iqtisodiy hamkorlikning inson hayoti bilan bogʻliq jihatlarini koʻrsatib berdi. Fargʻonaning Beshariq va Fargʻona tumanlarida belaruslik inves­torlar ishtirokida umumiy qiymati 23 million dollarlik ikki loyiha amalga oshirilishi, natijada 150 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgani shunchaki statistik koʻrsatkich emas. Bu 150 ta oilaning daromad manbai, barqaror ish joyi va ertangi kunga ishonchi deganidir.

Yangi loyihalarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, shok usulida muzlatish va zamonaviy qadoqlashga ixtisoslashgani ham alohida ahamiyatga ega. Ikki korxonaning yiliga jami 15 ming tonna mahsulotni qayta ishlashi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xomashyo sifatida sotishdan tayyor va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga oʻtish imkonini beradi.

Bunday jarayonda esa zamonaviy texnologiyani biladigan agronom, muhandis, texnolog, logist, marketolog va boshqa ­koʻplab mutaxassislarga ehtiyoj ortishi tabiiy. Shunday ekan, investitsiya va taʼlim bir-biridan ajralgan tushunchalar emas. Yangi korxonaga kiritilgan investitsiya ertami-kechmi kadrlarga boʻlgan talabni yuzaga chiqaradi. Kadrlar esa taʼlim tizimida tayyorlanadi.

Fargʻona quritilgan mevalarining Belarusdagi “Smakata” savdo tarmogʻi orqali eksport qilinishi ham ana shu zanjirning yana bir boʻgʻinidir. Eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish rejalari mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi imkoniyatlarini kengaytiradi. Ammo xalqaro bozorga chiqish uchun faqat sifatli mahsulotning oʻzi yetarli emas. Xorijiy til, xalqaro standartlar, sertifikatlashtirish, ­marketing, logistika va xalqaro savdo qoi­dalarini yaxshi biladigan mutaxassislar ham zarur. Bundan chiqdi eksport siyosatining kengayishi oliygohlar oldiga ham yangi vazifalarni qoʻymoqda.

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqotida sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratilgani zamonaviy iqtiso­diyotning qaysi tomonga qarab rivojlanayotganini koʻrsatadi. “10 ming korxona uchun — sunʼiy intellekt hamkor” dasturi doirasidagi imkoniyatlar, AI joriy etish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish, superkompyuter imkoniyatlaridan foydalanish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar sunʼiy intellektning iqtisodiyotdagi rolini kes­kin oshiradi. Bu jarayon universitetlar uchun ham juda katta chaqiriqdir.

Bugungi universitet bir vaqtning oʻzida ikki vazifani bajarishi kerak. Birinchidan, sunʼiy intellekt boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlashi, ikkinchidan, turli soha mutaxassislariga oʻz kasbida AI vositalaridan samarali foydalanishni oʻrgatishi lozim. Chunki kelajak iqtisodiyotida agronom, iqtisodchi, yurist, tarjimon, muhandis, pedagog, shifokor va boshqa koʻplab mutaxassislar oʻz faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanishga majbur boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirish, talabalarni real loyihalarga jalb qilish va professor-oʻqituvchilarning raqamli kompetensiyalarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Fargʻona davlat universitetida soʻnggi yillarda innovatsion loyihalar va startap­larni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor berilayotgani ham shu ehtiyojga javobdir. 2025-2026 oʻquv yilida universitetda 200 dan ortiq uchrashuv, davra suhbati va amaliy treninglar oʻtkazildi. Yirik startap va ideaton tanlovlarda 300 dan ziyod talaba ishtirok etdi. “Eko-innovation – 2025”, “Hult Prize”, “Ideaton” kabi tanlovlarda ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya, sunʼiy intellekt, taʼlim texnologiyalari va boshqa yoʻnalishlarda loyihalar ilgari surildi. “Smart Bin”, “Manussript AI”, “Edu Games”, “ENERGIZE X” kabi loyihalarning shakllanishi esa talabalarda innovatsion fikr­lash va tadbirkorlik koʻnikmalari rivoj­lanayotganini koʻrsatadi.

Kelgusida startaplarni grantlar asosida moliyalashtirishni kengaytirish, “Universitet 3.0” konsepsiyasi doirasida B2S platformasini yaratish, xalqaro akseleratorlarga chiqish va har bir fakultetda ilmiy-innovatsion laboratoriyalar tashkil etish kabi rejalar bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda.

Chindan ham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Biznes start”, “Biznes lift”, “Biznes yuksalish” kabi dasturlar tadbirkorlikning turli bosqichlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Bu tashab­buslar yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi. Biroq undan samarali foydalanish uchun moliyaviy savodxonlik, biznes-reja tuzish, marketing, raqamli texnologiyalar, huquqiy bilim va bosh­qaruv koʻnikmalari zarur.

Shu sababli universitetlarda tadbirkorlik taʼlimini faqat nazariy fan sifatida emas, balki amaliy faoliyat bilan bogʻlangan tizim sifatida rivojlantirish zarur. Talabalar oʻqish davridayoq loyiha tuzishi, uni himoya qilishi, bozorni oʻrganishi, biznes model ishlab chiqishi va oʻz gʻoyasini investor oldida taqdim eta olishi kerak. “Bond sanoat zonalari” doirasida R&D markazlari va laboratoriyalarning tashkil etilishi ham oliy taʼlim uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Universitetlarning ilmiy salohiyatini ishlab chiqarish bilan bogʻlash, olim va tadbirkorni bir loyiha atrofida birlashtirish zamonaviy iqtisodiyotning muhim talabidir.

Prezidentimiz nutqidagi oliy taʼlimga qaratilgan eng muhim topshiriqlardan biri universitetlarning kunning ikkinchi yarmida ham faol ishlashi, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatishidir. Bu topshiriq oliygohlarning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalanish masalasini kun tartibiga olib chiqadi.

Auditoriyalar, laboratoriyalar, kompyuter xonalari, kutubxonalar va boshqa infratuzilmalar kunning ikkinchi yarmida ham yoshlarning kasbiy tayyorgarligi uchun xizmat qilishi mumkin. Mazkur yondashuv universitetni faqat diplom beruvchi muassasadan kasb, koʻnikma, innovatsiya va tadbirkorlik markaziga aylantirish imkonini beradi. Ayniqsa, “yashil” energetika, agronomiya, elektrotexnika, qurilish, AT, sunʼiy intellekt kabi zamonaviy yoʻnalishlarda qisqa muddatli amaliy kurslarni yoʻlga qoʻyish yoshlarning mehnat bozoriga tezroq kirib borishiga yordam beradi.

Bir million yoshni zamonaviy kasblarga oʻrgatishdek katta maqsadning amalga oshishi uchun oliy taʼlim, texnikumlar, tadbirkorlik subyektlari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur. Ushbu jarayonda xorijiy tajriba ham muhim. Xususan, “ACWA” kompaniyasining ayrim hududlarda texnikumlarni jihozlab, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatayotgani taʼlim va biznes hamkorligining amaliy modelini namoyon etadi. Demak, investor faqat korxona qurib, mahsulot ishlab chiqarib qolmasdan, oʻzi uchun zarur kadrlarni tayyorlash jarayonida ham ishtirok etishi muhim.

Shu bilan birga, bugungi iqtisodiy siyo­satda har bir hududning oʻziga xos salohiyatidan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa hududlardagi oliy taʼlim muassasalarining ham oʻz mintaqasi ehtiyojlariga yanada yaqinlashishini talab qiladi. Fargʻona vodiysida toʻqimachilik, mashinasozlik va qishloq xoʻjaligi rivojlanayotgan ekan, bu yoʻnalishlarga mos muhandis, texnolog, avtomatlashtirish mutaxassisi, agronom va boshqa kadrlarni tayyorlash zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun universitet oldida turgan asosiy vazifa bilim berish bilan kifoyalanmasdan, bilimni ­amaliyotga, gʻoyani loyihaga, loyihani biznesga, biznesni esa yangi ish oʻrinlari va ijtimoiy farovonlikka aylantira oladigan avlodni tarbiyalashdir.

Zero, iqtisodiyotning kelajagi korxonalar soni bilangina emas, balki shu korxonalarda ishlaydigan insonlarning bilim va salohiyati bilan belgilanadi. Shunday ekan, universitetlar yangi maqomga — kasb, ilm-fan, innovatsiya va tadbirkorlik markazi maqomiga koʻtarilishi bugungi kunning tabiiy talabi boʻlib bormoqda. Eng muhimi, bu inson kapitaliga tayanadigan yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori