Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Millat Shavkati” sarlavhali maqolasi jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Davlatimiz rahbarining Samarqandga hokimlik yillarida koʻrsatgan shijoati va bunyodkorlik ishlari haqidagi fikrlarni oʻqir ekanman, bugungi jamiyatimizni tubdan yangilayotgan keng qamrovli islohotlarning ildizi oʻsha yillarga borib taqalishiga yana bir bor amin boʻldim.

Muallif “Yangi rahbar ilk ish kunini Samarqand xalqaro aeroportidagi holatni koʻzdan kechirishdan boshladi; bir guruh faollar hamrohligida koʻchama-koʻcha, mahallama-mahalla piyoda aylanib, hududning haqiqiy ahvolini, odamlarning kundalik dardu tashvishlarini bevosita sinchiklab oʻrgandi”, deb qayd etadi. Bu — shunchaki kechagi kunni eslash emas. Bu bugungi bunyodkorlikning teran tomiri oʻsha behalovat va mashaqqatli kunlardan suv ichganini taʼkidlashdir.

Chindan ham, Prezidentimizning tub islohotlari — bunyodkorlik jasorati kabinetdagi hisobotlardan emas, xalq bilan yuzma-yuz muloqotdan boshlangan. Mana shu haqiqat meni ham oʻttiz yildan ortiq vaqt avvalgi xotiralarimni qogʻozga tushirishga undadi.

Birinchi uchrashuv: soʻnmagan hayrat

1992-1995-yillarda Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritganman. Hokimlik oʻsha paytda endi shakllanayotgan yangi boshqaruv instituti edi: biz har kuni izlanib, tinimsiz mehnat bilan tajriba orttirib borardik. 1993-yili tumandan saylangan Oliy Majlis deputati xalq ishonchini oqlamagani bois, tumanimiz va shahar aholisining tashabbusi bilan saylov yoʻli orqali deputatlikdan chaqirib olindi. Ana shunday kunlarning birida tumanimizga Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi, Oliy Majlis deputati va mandat komissiyasi raisi Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Rasmiy suhbat boshlanishidan avval u kutilmagan savol berdi:

— Tumaningiz nega Muborak deb ataladi?

Bu savol meni quvontirdi. Tumanimiz nomi buyuk zot — Movarounnahrda birinchi boʻlib hadis toʻplamini taʼlif etgan muhaddis Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy nomi bilan bogʻlanishini aytdim. 736-yili Marvda tavallud topgan bu alloma muhaddis, faqih va zohid sifatida butun islom olamida nom qozongan, asarlari asrlar osha qoʻldan qoʻyilmay oʻqiladi. Onasi xorazmlik, otasi turkiy xonadondan boʻlgan bu zotning ramziy qabri tumanimizda joylashgan va muborakliklar uchun tabarruk maskan. Jome masjidimiz faoliyat yuritayotganini, kelgusida bu maskanni obod ziyoratgohga aylantirish niyatimiz borligini ham soʻzlab berdim.

Oʻzim yozgan “Buyuk hadisshunos Abdulloh ibn Muborak” nomli risolamni taqdim etdim. Shavkat Mirziyoyev kitobchani diqqat bilan varaqlab chiqdi-da:

— Ijod bilan ham shugʻullanasizmi? — deb soʻradi.

“Qorakoʻz” nomli hikoyalar toʻplamimni koʻrsatdim. Suhbat davomida “Turkistonda milliy mustaqillik uchun siyosiy kurash (1917–1924-yillar)” mavzusida ilmiy ish qilayotganimni aytdim.

— Men ham bu ishga kelgunimga qadar institutda prorektor boʻlib ishlaganman, — dedi. — Ilmiy rahbaringiz kim?

Ustozimning nomini aytdim.

— Rahbaringiz zoʻr ekan. Ishni tezlashtiring, muvaffaqiyatli yakunlab oling.

Soʻng xonadagi kitob javoniga koʻz tashlab, jilmaydi:

— Ijodga qiziqar ekansiz, shuning uchun javoningizda faqat eng sara adabiyotlar turishi bejiz emas ekan-da. Kitobga yoshlarni jalb qilish kerak. Tumanda nechta kutubxona bor, fondida qancha kitob mavjud?

Raqamlarni birma-bir aytib berdim. Keyin Shavkat Mirziyoyev tumanning tarixiy maskanlari bilan qiziqdi. Tumanimizdagi Koʻhna shahar qishlogʻida Amir Temur bobomizga aloqador Zanjirsaroy tarixiy obidasi borligini, bu borada arxeologlar ishlayotganini, yaqinda Arxeologiya instituti rahbari Temur Shirinov Fransiyadagi “Amir Temur” jamiyati asoschisi, professor Lyusyen Keren bilan obidaga kelib tanishganini soʻzlab berdim. Shavkat Mirziyoyev bu maʼlumotlarni zoʻr eʼtibor bilan tingladi.

Oʻsha suhbatda bir narsani aniq his qildim: bu inson uchun tuman deganda faqat raqamlar va hisobotlar emas, uning nomi, tarixi, kitobi, ziyoratgohi va odami bir butun holda koʻrinardi. Bilimdonligi, talabchanligi va shiddatkorligi, eng muhimi, suhbatdoshining gapini boʻlmay, fikrini oxirigacha diqqat bilan eshitishi meni oʻziga tortdi. Togʻdek salobatli bu zotga chin dildan havas qilganim bugungidek esimda.

Birga tuman markazini piyoda aylandik. U kishi suv muammosini darhol sezdi va Qashqadaryodan shaharga beton ariq orqali suv keltirishni taklif qildi. Shu zahoti Toshkentga — oʻsha vaqtdagi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligiga qoʻngʻiroq qilib, kerakli mutaxassislarni tumanga yuborishni soʻradi.

Oradan ikki kun oʻtib, vazirlikdan mutaxassislar yetib keldi va ishni boshlab yubordi. Bugun oddiy tuyuladigan bu tezkorlik oʻsha yillar uchun haqiqiy yangilik, aytish mumkinki, kutilmagan jasorat edi.

Xayrlashar chogʻida Shavkat Mirziyoyev menga tumanda islohotchi hokim boʻlish, mahallalarni faollashtirish, odamlar hayotining haqiqiy holatini oʻrganish zarurligini uqtirdi. Mahalla raisligiga esa el hurmat qiladigan, ortidan odamlarni ergashtira oladigan obroʻli insonlarni saylash lozimligini maslahat berdi.

Oʻsha maslahat meni ruhlantirdi: oradan koʻp oʻtmay, ilmiy ishimni ham muvaffaqiyatli yakunladim. Yillar oʻtib esa aynan shu tamoyillar — mahallaga tayanish, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot, muammoni boricha tan olish va yechimini topish, natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv bugungi yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuniga aylanganini koʻrib, hayratlanmay ilojim yoʻq.

Vatan va xalqni ulugʻlash baxti

Oradan koʻp oʻtmay, bir guruh hokimlar — oʻsha paytdagi Qashqadaryo viloyati hokimi Temir Xidirov, kamina, Buxoro viloyati va Toshkent shahridan ayrim tuman hokimlari — tajriba almashish maqsadida Fransiyaga xizmat safari bilan bordik.

Guruh tarkibida Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi Shavkat Mirziyoyev ham bor edi. Iliq soʻrashgach, birinchi navbatda, suv masalasi qanday hal boʻlganini soʻradi. Men tuman aholisi nomidan minnatdorlik bildirdim.

Fransiyada qator vazirliklar, ishbilarmon va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, “Texnip” kompaniyasida boʻldik, Parij bilan tanishdik, dunyoga mashhur ­muzeylarni koʻrdik, Eyfel minorasiga koʻtarildik.

Har bir uchrashuvda Shavkat Miromonovich faol qatnashib, oʻz takliflarini oʻrtaga tashlab, safimizda alohida ajralib turardi.

Lekin oʻshanda meni hayratga solgan va hanuzgacha hayratlantirib kelayotgan boshqa bir holat boʻldi. Shavkat Mirziyoyev koʻhna Yevropaning olamni lol qoldirgan meʼmoriy obidalari oldida turib, oʻrni kelganida mezbonlarimizni Vatanimizning tarixiy maskanlariga — Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi va Ulugʻbek rasadxonasiga, Hazrati Doniyor, Registon, Shohi Zinda ansambllariga shu yurtning egasidek viqor va ishonch bilan taklif qilardi. Bu nafaqat biz — safdoshlarini quvontirar va ruhlantirar, balki mezbonlarni ham bosh irgʻab, samimiy tabassum qilishga undardi. Goʻyo bu — ulugʻ bir bashoratning ilk nurli daragi, Vatan va uning xalqi bilan faxrlanishning oliy namunasi edi.

Inson qadri — yurt dovrugʻi

Davlatimiz rahbari har bir maʼruzasida, xalq bilan oʻtkazadigan har bir uchrashuvida insonlar ertaga emas, bugun baxtli yashashi lozimligini, bu Vatanda inson aziz va mukarram ekanini alohida taʼkidlaydi. Bu teran fikrning davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani esa oʻzining hayotbaxsh natijalarini bermoqda.

Birgina misol. Bugun minglab yurtdoshlarimiz davlatimiz gʻamxoʻrligi va yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muborak haj ziyoratini ado etmoqda. Menga ham oilam bilan 2023-yilning iyun-iyul oylarida haj safariga borish nasib etdi. Ayniqsa, iyul oyida — Prezident saylovi kunlarida qutlugʻ Makkai mukarramada boʻlish oʻzbekistonlik hojilar uchun oʻzgacha baxt edi. Barcha oʻzbek hojilari Prezidentimiz nomzodini yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlab ovoz berdi. Nuroniy ota-onalarimizning xursandchilik koʻz yoshiga qorishgan duolarini, qalblaridagi shukronani faxr bilan eslayman.

2026-yilda el-yurt koriga yaragan fidoyi vatandoshlarimizdan 100 nafari “Prezident hojisi” sifatida muborak safarga yuborilgani xalqimizga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning yana bir yorqin namunasi boʻldi.

Shu maʼnoda, “Prezident hojilari” tashabbusi, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi va Imom Buxoriy majmuasining yangicha qiyofasi bir-biridan alohida voqealar emas. Bular — yangi Oʻzbekistonda inson qadri, eʼtiqod erkinligi, ajdodlar merosi va maʼrifat gʻoyasi uygʻunlashayotganidan dalolat beruvchi yagona maʼnaviy jarayonning koʻrinishlaridir.

Sakkiz yil davomida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy maʼnaviy va ilmiy merosini chuqur oʻrganish hamda dunyoga keng targʻib qilish yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi. Yurtimiz azaldan buyuk allomalar, muhaddislar va mutafakkirlar yetishib chiqqan tabarruk zamin. Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Margʻinoniy kabi ulugʻ zotlar qoldirgan boy ilmiy meros butun insoniyat maʼnaviy taraqqiyotiga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan.

Bugun mana shu merosni chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim maʼnaviy ustunlaridan biriga aylanmoqda.

“Prezident hojisi” maqomiga musharraf boʻlganlarning muqaddas safar oldidan aynan shu markazga tashrif buyurib, boy maʼnaviy merosimiz bilan yaqindan tanishgani ham ramziy maʼnoga ega. Ishonch bilan aytish mumkinki, bu insonlar Vatan tinchligi, xalq farovonligi va yosh avlod kamolini taʼminlashda doimo kamarbasta boʻlib qoladi. Zero, mehr-muruvvatning javobi sadoqat va fidoyilikdir.

Uzilmagan silsila

Imom Buxoriy qomuslar bosh tahririyati tomonidan 1991-yilda Toshkentda nashr etilgan “Hadis” toʻplamining soʻzboshisida qayd etilishicha, Movarounnahrda birinchi boʻlib hadis toʻplami taʼlif etgan muhaddis Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziydir. Bu — olis oʻtmishda maʼnaviyatimizga qoʻshilgan ulkan hissaning ilmiy eʼtirofi.

Tarix ipini tortsangiz, hayratlanarli silsila namoyon boʻladi. Abdulloh ibn Muborak Imom Buxoriy tavalludidan oʻn uch yil muqaddam vafot etgan — ular yuz koʻrishmagan. Ammo manbalarda yozilishicha, Imom Buxoriy oʻn olti yoshidayoq Abdulloh ibn Muborak va Vaqiʼ ibn Jarroh kitoblarini yod olgan edi. Demak, muhaddislar sultonining ilk ustozlaridan biri — kitob orqali yetib kelgan al-Marvaziy bobomizdir. Ustoz boʻlish uchun bir xonada oʻtirish shart emas ekan: kitob bor joyda ustoz ham bor.

Mana shu silsilaning bugungi halqasi — 2026-yil 19-mart. Oʻsha kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqand viloyati Pay­ariq tumanidagi Xartang qishlogʻida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi ochildi: oʻn toʻrtta moviy gumbaz, 75 metrli toʻrtta minora, innovatsion muzey, kuniga 65 minggacha ziyoratchini qabul qila oladigan qadamjo. Ertasi kuni — Ramazon hayiti arafasida bu yerda ilk bor hayit namozi oʻqildi. Prezidentimiz bu maskan “faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi” kerakligini taʼkidlagan edi.

Biz, muborakliklar uchun bu voqeaning alohida maʼnosi bor. Tumanimizdagi al-Marvaziy bobomizning ramziy qabri ham, Samarqanddagi ulugʻvor majmua ham bir silsilaning ikki halqasi. Ustoz va shogird, kitob va ziyorat, oʻtmish va bugun ana shu ­tariqa tutashadi. Ajdodlar merosiga ehtirom deganimiz — mana shu zanjirni uzilishdan asrash demakdir.

Kitobga mehr — kelajakka ishonch

Yangi Oʻzbekistonda kitob oʻqish madaniyati va kitobga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Kitobxonlik faqat taʼlim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning maʼnaviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini taʼminlaydigan muhim omildir.

Bu haqda oʻqiganimda, har safar oʻsha olis suhbat yodimga tushadi. Oddiy bir tuman hokimining ishxonasidagi kitob javoniga eʼtibor qaratib, “Kitobga yoshlarni jalb qilish kerak”, degan, kutubxonalardagi kitoblar sonigacha soʻragan rahbar oradan yillar oʻtib bu vazifani butun bir mamlakat miqyosida davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Demak, bugungi milliy kitobxonlik harakatining ildizi ham oʻsha yillarda — oddiy bir xonadagi oddiy bir savolda ekan.

2017-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni mutolaaga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirmoqda.

Joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlandi: unda mamlakatimizning barcha hududidan bilimdon va zukko 42 nafar yosh oʻz iqtidorini namoyon etdi. Gʻolib boʻlgan uch nafari esa Prezident sovgʻasi — zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari gʻolib yoshlarni, ularning ustozlari va ota-onalarini samimiy tabriklab, iqtidorli, izlanuvchan va bilimga chanqoq yoshlar — yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagi ekanini taʼkidladi. Zero, kitobga qoʻyilgan mehr kelajakka ishonch va eʼtiqodning suyanch togʻidir.

Soʻz va maʼrifat kunlari

Istiqlolning dastlabki yillari edi. Muborak tumanida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga alohida eʼtibor qaratardik. Oʻsha kezlari birgina nom tanlash ham biz uchun tarixga qaytish edi: xoʻjaliklarimiz “Turkiston”, “Xorazmiy”, “Buxoriy”, “Amir Temur”, “Alisher Navoiy”, “Boʻston”, “Guliston” deb atala boshladi. Har bir nom — oʻzligimizga qaytishning kichik bir qadami edi.

“Turkiston” gazetasi kunlarini oʻtkazishni tashkil qildik. Oʻsha paytda tadbir doirasida tumanimizga Oʻzbekiston xalq shoiri ­Abdulla Oripov, “Turkiston” gazetasining bosh muharriri Jabbor Razzoqov, Salim Ashur, Sirojiddin Rauf va bir guruh jurnalistlar, shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov hamda Erkin Komilov boshchiligidagi sanʼatkorlar keldi. Mehmonlarni tuman chegarasida kutib oldik, neft-gaz sanoati korxonalarida, taʼlim maskanlarida, chorvadorlar va dehqonlar huzurida uchrashuvlar oʻtkazildi, sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar oʻz ijodini namoyish etdi.

Oradan koʻp oʻtmay, tumanimizda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi kunlari ham oʻtkazildi: gazetaning bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev boshchiligidagi jurnalistlar, zahmatkash tarixchi olim Begali Qosimov va boshqa ijodkorlar mehmon boʻldi. Mehmonlarni qadimiy Sardoba obidasi va Zanjirsaroy qalʼasi xarobalariga olib bordik. Bu maskanlar haqidagi rivoyatlardan soʻzlab berdik.

Oʻsha kunlari biz oddiy bir haqiqatga amin boʻldik: odamlar nonga qanchalik muhtoj boʻlsa, soʻzga va oʻz tarixiga ham shunchalik tashna ekan.

“Tuproq ostidagi shahar”

Zanjirsaroy haqidagi izlanishlarim ancha olis yillarga borib taqaladi. 1977-1978-yillarda “Qashqadaryo haqiqati” gazetasining madaniyat boʻlimida adabiy xodim boʻlib ishlagan kezlarim tarixiy manbalarga suyanib, bu qalʼa haqida “Tuproq ostidagi shahar” deb nomlangan turkum maqolalar yoza boshlagan edim. Ammo qalʼaning Amir Temur bobomiz va Saroymulkxonimga aloqadorligi birinchi maqoladan keyinoq shov-shuv koʻtardi: ayrim tazyiqlar tufayli izlanishni toʻxtatishga majbur boʻldim. Oʻsha zamonda Sohibqiron nomini baland ovozda tilga olishning oʻzi jurʼat talab qilardi.

Mustaqillik bu toʻsiqlarni bir zumda olib tashladi. Marhum ustozim, tarixchi olim Poyon Ravshanov bilan hamkorlikda ishni qaytadan boshladik. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining uch sonida “Sohibqiron tugʻilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi” maqolamiz bosildi. 1992-yilda esa shu nomdagi kitobimiz Toshkentda nashr etildi.

Tarixiy manbalarga koʻra, Muborakdan 10-12 chaqirim naridagi Zanjirsaroy Chigʻatoy ulusi hukmdori Qozonxonning oliy qarorgohi boʻlgan. 1346-yilda Amir Qazagʻon Qozonxon ustidan gʻalaba qozongach, poytaxt Zanjirsaroydan Buxoroga koʻchirilgan. Keyinchalik Sohibqiron Amir Temurning oʻzi bu makonni xush koʻrib, yurishlardan soʻng qish faslini bir necha bor shu yerda oʻtkazgan. Demak, Zanjirsaroy shunchaki xarobazor emas, u Movarounnahr tarixining burilish nuqtalaridan biriga shohid boʻlgan makondir.

Yillar davomida bu makonga dunyoga tanilgan olimlar keldi. Fransiyadagi “Amir Temur” jamiyati asoschisi professor ­Lyusyen Keren, shu jamiyatning hozirgi rahbari, Samarqand shahrining faxriy fuqarosi professor Frederik Bressand xonim, arxitektura professori Kyara Silvi Antonini, amerikalik mashhur olima Beatris Mans shular jumlasidan.

2024-yilda Rossiyaning Penza shahrida oʻtkazilgan yirik xalqaro konferensiyada Zanjirsaroy haqida arxeolog olim, tarix fanlari doktori, professor Abdisobur Raimqulov maʼruza qildi. Konferensiya materiallari Qozon shahrida nashr etiladigan nufuzli “Arxeologiya Yevraziyskix stepey” jurnalida eʼlon qilindi. Uni oʻnlab mamlakatdagi mutaxassislar mutolaa qiladi.

Zanjirsaroy nomi millat sheʼriyatiga ham kirib keldi: Toshkentda Amir Temur bobomiz haykali ochilgan tantanada Abdulla Oripov oʻqigan sheʼrda “Zanjirsaroy oʻchin olgan zot” degan misra yangradi. Muborak tumanining shohkoʻchasi Zanjirsaroy nomi bilan yuritila boshladi.

Ming shukrki, ona yurtimiz tarixiga oid bunday izlanishlar bugun xalqimiz hukmiga bemalol havola etilmoqda, yurtimiz va xorijiy olimlar bu tadqiqotlarga munosabat bildirmoqda. Bu — mustaqilligimiz sharofati.

Xulosa

Ortga nazar tashlar ekanman, bir xulosaga kelaman: yangi Oʻzbekiston — inson qadrini ulugʻlash, xalq dardiga sherik boʻlish, ­jamiyatda adolat va teng imkoniyatlar muhitini yaratish yoʻlidagi ulkan bunyodkorliklar nomidir.

Bugun har birimizdan chetdan kuzatuvchi boʻlib qolish emas, daxldor, faol va masʼul fuqaro boʻlib yashash talab etiladi.

Nuroniylarimizning duosi va tajribasi, yoshlarimizning gʻayrati va tashabbusi, ziyolilarimizning fikri va maʼrifati, rahbarlarning masʼuliyati, xalqimizning birligi — yangi Oʻzbekiston binosi mana shu ustunlar ustiga qurilmoqda. Har birimiz bu bunyodkorlikka oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim.

Oʻttiz yildan ortiq vaqt oldin bir tuman markazidagi suv muammosini bartaraf etishdan, tuman nomining maʼnosini soʻrashdan, bir javondagi kitoblarga ­eʼtibor qaratishdan boshlangan yoʻl bugun butun bir mamlakatning taraqqiyot strategiyasiga aylandi. Mana shu — millat Shavkati. Bu sharaf va shavkatni har bir Oʻzbekiston fuqarosi qalbida asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazishi — oliy burch.

Jumaqul QURBONOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,

siyosiy fanlar nomzodi, mehnat faxriysi