Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Millat Shavkati” sarlavhali maqolasi jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Davlatimiz rahbarining Samarqandga hokimlik yillarida koʻrsatgan shijoati va bunyodkorlik ishlari haqidagi fikrlarni oʻqir ekanman, bugungi jamiyatimizni tubdan yangilayotgan keng qamrovli islohotlarning ildizi oʻsha yillarga borib taqalishiga yana bir bor amin boʻldim.
Muallif “Yangi
rahbar ilk ish kunini Samarqand xalqaro aeroportidagi holatni koʻzdan
kechirishdan boshladi; bir guruh faollar hamrohligida koʻchama-koʻcha,
mahallama-mahalla piyoda aylanib, hududning haqiqiy ahvolini, odamlarning
kundalik dardu tashvishlarini bevosita sinchiklab oʻrgandi”, deb qayd etadi. Bu
— shunchaki kechagi kunni eslash emas. Bu bugungi bunyodkorlikning teran tomiri
oʻsha behalovat va mashaqqatli kunlardan suv ichganini taʼkidlashdir.
Chindan ham,
Prezidentimizning tub islohotlari — bunyodkorlik jasorati kabinetdagi
hisobotlardan emas, xalq bilan yuzma-yuz muloqotdan boshlangan. Mana shu
haqiqat meni ham oʻttiz yildan ortiq vaqt avvalgi xotiralarimni qogʻozga
tushirishga undadi.
Birinchi uchrashuv: soʻnmagan hayrat
1992-1995-yillarda
Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritganman.
Hokimlik oʻsha paytda endi shakllanayotgan yangi boshqaruv instituti edi: biz
har kuni izlanib, tinimsiz mehnat bilan tajriba orttirib borardik. 1993-yili
tumandan saylangan Oliy Majlis deputati xalq ishonchini oqlamagani bois,
tumanimiz va shahar aholisining tashabbusi bilan saylov yoʻli orqali
deputatlikdan chaqirib olindi. Ana shunday kunlarning birida tumanimizga
Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi, Oliy Majlis deputati va mandat komissiyasi
raisi Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.
Rasmiy suhbat boshlanishidan avval u kutilmagan savol berdi:
— Tumaningiz nega Muborak deb ataladi?
Bu savol meni quvontirdi. Tumanimiz nomi buyuk zot —
Movarounnahrda birinchi boʻlib hadis toʻplamini taʼlif etgan muhaddis Abu
Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy nomi bilan bogʻlanishini aytdim.
736-yili Marvda tavallud topgan bu alloma muhaddis, faqih va zohid sifatida
butun islom olamida nom qozongan, asarlari asrlar osha qoʻldan qoʻyilmay oʻqiladi.
Onasi xorazmlik, otasi turkiy xonadondan boʻlgan bu zotning ramziy qabri
tumanimizda joylashgan va muborakliklar uchun tabarruk maskan. Jome masjidimiz
faoliyat yuritayotganini, kelgusida bu maskanni obod ziyoratgohga aylantirish
niyatimiz borligini ham soʻzlab berdim.
Oʻzim yozgan “Buyuk hadisshunos Abdulloh ibn Muborak” nomli
risolamni taqdim etdim. Shavkat Mirziyoyev kitobchani diqqat bilan varaqlab
chiqdi-da:
— Ijod bilan ham shugʻullanasizmi? — deb soʻradi.
“Qorakoʻz” nomli hikoyalar toʻplamimni koʻrsatdim. Suhbat
davomida “Turkistonda milliy mustaqillik uchun siyosiy kurash
(1917–1924-yillar)” mavzusida ilmiy ish qilayotganimni aytdim.
— Men ham bu ishga kelgunimga qadar institutda prorektor
boʻlib ishlaganman, — dedi. — Ilmiy rahbaringiz kim?
Ustozimning nomini aytdim.
— Rahbaringiz zoʻr ekan. Ishni tezlashtiring, muvaffaqiyatli
yakunlab oling.
Soʻng xonadagi kitob javoniga koʻz tashlab, jilmaydi:
— Ijodga qiziqar ekansiz, shuning uchun javoningizda faqat
eng sara adabiyotlar turishi bejiz emas ekan-da. Kitobga yoshlarni jalb qilish
kerak. Tumanda nechta kutubxona bor, fondida qancha kitob mavjud?
Raqamlarni birma-bir aytib berdim. Keyin Shavkat Mirziyoyev
tumanning tarixiy maskanlari bilan qiziqdi. Tumanimizdagi Koʻhna shahar
qishlogʻida Amir Temur bobomizga aloqador Zanjirsaroy tarixiy obidasi
borligini, bu borada arxeologlar ishlayotganini, yaqinda Arxeologiya instituti
rahbari Temur Shirinov Fransiyadagi “Amir Temur” jamiyati asoschisi, professor
Lyusyen Keren bilan obidaga kelib tanishganini soʻzlab berdim. Shavkat
Mirziyoyev bu maʼlumotlarni zoʻr eʼtibor bilan tingladi.
Oʻsha suhbatda bir narsani aniq his qildim: bu inson uchun
tuman deganda faqat raqamlar va hisobotlar emas, uning nomi, tarixi, kitobi,
ziyoratgohi va odami bir butun holda koʻrinardi. Bilimdonligi, talabchanligi va
shiddatkorligi, eng muhimi, suhbatdoshining gapini boʻlmay, fikrini oxirigacha
diqqat bilan eshitishi meni oʻziga tortdi. Togʻdek salobatli bu zotga chin
dildan havas qilganim bugungidek esimda.
Birga tuman markazini piyoda aylandik. U kishi suv muammosini
darhol sezdi va Qashqadaryodan shaharga beton ariq orqali suv keltirishni
taklif qildi. Shu zahoti Toshkentga — oʻsha vaqtdagi Melioratsiya va suv
xoʻjaligi vazirligiga qoʻngʻiroq qilib, kerakli mutaxassislarni tumanga
yuborishni soʻradi.
Oradan ikki kun oʻtib, vazirlikdan mutaxassislar yetib keldi
va ishni boshlab yubordi. Bugun oddiy tuyuladigan bu tezkorlik oʻsha yillar
uchun haqiqiy yangilik, aytish mumkinki, kutilmagan jasorat edi.
Xayrlashar chogʻida Shavkat Mirziyoyev menga tumanda
islohotchi hokim boʻlish, mahallalarni faollashtirish, odamlar hayotining
haqiqiy holatini oʻrganish zarurligini uqtirdi. Mahalla raisligiga esa el
hurmat qiladigan, ortidan odamlarni ergashtira oladigan obroʻli insonlarni
saylash lozimligini maslahat berdi.
Oʻsha maslahat meni ruhlantirdi: oradan koʻp oʻtmay, ilmiy
ishimni ham muvaffaqiyatli yakunladim. Yillar oʻtib esa aynan shu tamoyillar —
mahallaga tayanish, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot, muammoni boricha tan olish
va yechimini topish, natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv bugungi yangi
Oʻzbekiston siyosatining ustuniga aylanganini koʻrib, hayratlanmay ilojim yoʻq.
Vatan va xalqni
ulugʻlash baxti
Oradan koʻp oʻtmay, bir guruh hokimlar — oʻsha paytdagi
Qashqadaryo viloyati hokimi Temir Xidirov, kamina, Buxoro viloyati va Toshkent
shahridan ayrim tuman hokimlari — tajriba almashish maqsadida Fransiyaga xizmat
safari bilan bordik.
Guruh tarkibida Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi Shavkat
Mirziyoyev ham bor edi. Iliq soʻrashgach, birinchi navbatda, suv masalasi
qanday hal boʻlganini soʻradi. Men tuman aholisi nomidan minnatdorlik
bildirdim.
Fransiyada qator vazirliklar, ishbilarmon va tadbirkorlar
bilan uchrashuvlar tashkil etildi, “Texnip” kompaniyasida boʻldik, Parij bilan
tanishdik, dunyoga mashhur muzeylarni koʻrdik, Eyfel minorasiga koʻtarildik.
Har bir uchrashuvda Shavkat Miromonovich faol qatnashib, oʻz
takliflarini oʻrtaga tashlab, safimizda alohida ajralib turardi.
Lekin oʻshanda meni hayratga solgan va hanuzgacha
hayratlantirib kelayotgan boshqa bir holat boʻldi. Shavkat Mirziyoyev koʻhna
Yevropaning olamni lol qoldirgan meʼmoriy obidalari oldida turib, oʻrni
kelganida mezbonlarimizni Vatanimizning tarixiy maskanlariga — Samarqanddagi
Amir Temur maqbarasi va Ulugʻbek rasadxonasiga, Hazrati Doniyor, Registon,
Shohi Zinda ansambllariga shu yurtning egasidek viqor va ishonch bilan taklif
qilardi. Bu nafaqat biz — safdoshlarini quvontirar va ruhlantirar, balki
mezbonlarni ham bosh irgʻab, samimiy tabassum qilishga undardi. Goʻyo bu — ulugʻ
bir bashoratning ilk nurli daragi, Vatan va uning xalqi bilan faxrlanishning
oliy namunasi edi.
Inson qadri — yurt
dovrugʻi
Davlatimiz rahbari har bir maʼruzasida, xalq bilan
oʻtkazadigan har bir uchrashuvida insonlar ertaga emas, bugun baxtli yashashi
lozimligini, bu Vatanda inson aziz va mukarram ekanini alohida taʼkidlaydi. Bu
teran fikrning davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani esa oʻzining hayotbaxsh
natijalarini bermoqda.
Birgina misol. Bugun minglab yurtdoshlarimiz davlatimiz
gʻamxoʻrligi va yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muborak haj ziyoratini ado
etmoqda. Menga ham oilam bilan 2023-yilning iyun-iyul oylarida haj safariga
borish nasib etdi. Ayniqsa, iyul oyida — Prezident saylovi kunlarida qutlugʻ
Makkai mukarramada boʻlish oʻzbekistonlik hojilar uchun oʻzgacha baxt edi.
Barcha oʻzbek hojilari Prezidentimiz nomzodini yakdillik bilan
qoʻllab-quvvatlab ovoz berdi. Nuroniy ota-onalarimizning xursandchilik koʻz
yoshiga qorishgan duolarini, qalblaridagi shukronani faxr bilan eslayman.
2026-yilda el-yurt koriga yaragan fidoyi vatandoshlarimizdan
100 nafari “Prezident hojisi” sifatida muborak safarga yuborilgani xalqimizga
koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning yana bir yorqin namunasi boʻldi.
Shu maʼnoda, “Prezident hojilari” tashabbusi, Islom
sivilizatsiyasi markazi qurilishi va Imom Buxoriy majmuasining yangicha
qiyofasi bir-biridan alohida voqealar emas. Bular — yangi Oʻzbekistonda inson
qadri, eʼtiqod erkinligi, ajdodlar merosi va maʼrifat gʻoyasi
uygʻunlashayotganidan dalolat beruvchi yagona maʼnaviy jarayonning
koʻrinishlaridir.
Sakkiz yil davomida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi
markazi xalqimizning boy maʼnaviy va ilmiy merosini chuqur oʻrganish hamda
dunyoga keng targʻib qilish yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi. Yurtimiz azaldan
buyuk allomalar, muhaddislar va mutafakkirlar yetishib chiqqan tabarruk zamin.
Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy,
Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Margʻinoniy kabi ulugʻ zotlar qoldirgan boy
ilmiy meros butun insoniyat maʼnaviy taraqqiyotiga ulkan hissa boʻlib
qoʻshilgan.
Bugun mana shu merosni chuqur oʻrganish va keng targʻib
qilish yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim maʼnaviy ustunlaridan biriga
aylanmoqda.
“Prezident hojisi” maqomiga musharraf boʻlganlarning muqaddas
safar oldidan aynan shu markazga tashrif buyurib, boy maʼnaviy merosimiz bilan
yaqindan tanishgani ham ramziy maʼnoga ega. Ishonch bilan aytish mumkinki, bu
insonlar Vatan tinchligi, xalq farovonligi va yosh avlod kamolini taʼminlashda
doimo kamarbasta boʻlib qoladi. Zero, mehr-muruvvatning javobi sadoqat va
fidoyilikdir.
Uzilmagan silsila
Imom Buxoriy qomuslar bosh tahririyati tomonidan 1991-yilda
Toshkentda nashr etilgan “Hadis” toʻplamining soʻzboshisida qayd etilishicha,
Movarounnahrda birinchi boʻlib hadis toʻplami taʼlif etgan muhaddis Abdulloh
ibn Muborak al-Marvaziydir. Bu — olis oʻtmishda maʼnaviyatimizga qoʻshilgan
ulkan hissaning ilmiy eʼtirofi.
Tarix ipini tortsangiz, hayratlanarli silsila namoyon
boʻladi. Abdulloh ibn Muborak Imom Buxoriy tavalludidan oʻn uch yil muqaddam
vafot etgan — ular yuz koʻrishmagan. Ammo manbalarda yozilishicha, Imom Buxoriy
oʻn olti yoshidayoq Abdulloh ibn Muborak va Vaqiʼ ibn Jarroh kitoblarini yod
olgan edi. Demak, muhaddislar sultonining ilk ustozlaridan biri — kitob orqali
yetib kelgan al-Marvaziy bobomizdir. Ustoz boʻlish uchun bir xonada oʻtirish
shart emas ekan: kitob bor joyda ustoz ham bor.
Mana shu silsilaning bugungi halqasi — 2026-yil 19-mart.
Oʻsha kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqand viloyati Payariq tumanidagi
Xartang qishlogʻida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi ochildi: oʻn
toʻrtta moviy gumbaz, 75 metrli toʻrtta minora, innovatsion muzey, kuniga 65
minggacha ziyoratchini qabul qila oladigan qadamjo. Ertasi kuni — Ramazon
hayiti arafasida bu yerda ilk bor hayit namozi oʻqildi. Prezidentimiz bu maskan
“faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi”
kerakligini taʼkidlagan edi.
Biz, muborakliklar uchun bu voqeaning alohida maʼnosi bor.
Tumanimizdagi al-Marvaziy bobomizning ramziy qabri ham, Samarqanddagi ulugʻvor
majmua ham bir silsilaning ikki halqasi. Ustoz va shogird, kitob va ziyorat,
oʻtmish va bugun ana shu tariqa tutashadi. Ajdodlar merosiga ehtirom deganimiz
— mana shu zanjirni uzilishdan asrash demakdir.
Kitobga mehr —
kelajakka ishonch
Yangi Oʻzbekistonda kitob oʻqish madaniyati va kitobga
eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Kitobxonlik faqat taʼlim
masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning maʼnaviy qudrati va mamlakat
raqobatbardoshligini taʼminlaydigan muhim omildir.
Bu haqda oʻqiganimda, har safar oʻsha olis suhbat yodimga
tushadi. Oddiy bir tuman hokimining ishxonasidagi kitob javoniga eʼtibor
qaratib, “Kitobga yoshlarni jalb qilish kerak”, degan, kutubxonalardagi
kitoblar sonigacha soʻragan rahbar oradan yillar oʻtib bu vazifani butun bir
mamlakat miqyosida davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Demak, bugungi milliy
kitobxonlik harakatining ildizi ham oʻsha yillarda — oddiy bir xonadagi oddiy
bir savolda ekan.
2017-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon”
tanlovi millionlab yoshlarni mutolaaga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila”
tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirmoqda.
Joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol
kitobxonlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda
“Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlandi: unda
mamlakatimizning barcha hududidan bilimdon va zukko 42 nafar yosh oʻz
iqtidorini namoyon etdi. Gʻolib boʻlgan uch nafari esa Prezident sovgʻasi —
zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari gʻolib yoshlarni, ularning ustozlari va
ota-onalarini samimiy tabriklab, iqtidorli, izlanuvchan va bilimga chanqoq
yoshlar — yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagi ekanini taʼkidladi. Zero, kitobga
qoʻyilgan mehr kelajakka ishonch va eʼtiqodning suyanch togʻidir.
Soʻz va maʼrifat
kunlari
Istiqlolning dastlabki yillari edi. Muborak tumanida
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga alohida eʼtibor qaratardik. Oʻsha kezlari birgina
nom tanlash ham biz uchun tarixga qaytish edi: xoʻjaliklarimiz “Turkiston”,
“Xorazmiy”, “Buxoriy”, “Amir Temur”, “Alisher Navoiy”, “Boʻston”, “Guliston”
deb atala boshladi. Har bir nom — oʻzligimizga qaytishning kichik bir qadami
edi.
“Turkiston” gazetasi kunlarini oʻtkazishni tashkil qildik.
Oʻsha paytda tadbir doirasida tumanimizga Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla
Oripov, “Turkiston” gazetasining bosh muharriri Jabbor Razzoqov, Salim Ashur,
Sirojiddin Rauf va bir guruh jurnalistlar, shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti
Zikir Muhammadjonov hamda Erkin Komilov boshchiligidagi sanʼatkorlar keldi.
Mehmonlarni tuman chegarasida kutib oldik, neft-gaz sanoati korxonalarida,
taʼlim maskanlarida, chorvadorlar va dehqonlar huzurida uchrashuvlar
oʻtkazildi, sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar oʻz ijodini namoyish etdi.
Oradan koʻp oʻtmay, tumanimizda “Oʻzbekiston adabiyoti va
sanʼati” gazetasi kunlari ham oʻtkazildi: gazetaning bosh muharriri Ahmadjon
Meliboyev boshchiligidagi jurnalistlar, zahmatkash tarixchi olim Begali Qosimov
va boshqa ijodkorlar mehmon boʻldi. Mehmonlarni qadimiy Sardoba obidasi va
Zanjirsaroy qalʼasi xarobalariga olib bordik. Bu maskanlar haqidagi
rivoyatlardan soʻzlab berdik.
Oʻsha kunlari biz oddiy bir haqiqatga amin boʻldik: odamlar
nonga qanchalik muhtoj boʻlsa, soʻzga va oʻz tarixiga ham shunchalik tashna
ekan.
“Tuproq ostidagi shahar”
Zanjirsaroy haqidagi izlanishlarim ancha olis yillarga borib
taqaladi. 1977-1978-yillarda “Qashqadaryo haqiqati” gazetasining madaniyat
boʻlimida adabiy xodim boʻlib ishlagan kezlarim tarixiy manbalarga suyanib, bu
qalʼa haqida “Tuproq ostidagi shahar” deb nomlangan turkum maqolalar yoza
boshlagan edim. Ammo qalʼaning Amir Temur bobomiz va Saroymulkxonimga
aloqadorligi birinchi maqoladan keyinoq shov-shuv koʻtardi: ayrim tazyiqlar
tufayli izlanishni toʻxtatishga majbur boʻldim. Oʻsha zamonda Sohibqiron nomini
baland ovozda tilga olishning oʻzi jurʼat talab qilardi.
Mustaqillik bu toʻsiqlarni bir zumda olib tashladi. Marhum
ustozim, tarixchi olim Poyon Ravshanov bilan hamkorlikda ishni qaytadan boshladik.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining uch sonida “Sohibqiron
tugʻilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi” maqolamiz bosildi. 1992-yilda esa shu
nomdagi kitobimiz Toshkentda nashr etildi.
Tarixiy manbalarga koʻra, Muborakdan 10-12 chaqirim naridagi
Zanjirsaroy Chigʻatoy ulusi hukmdori Qozonxonning oliy qarorgohi boʻlgan.
1346-yilda Amir Qazagʻon Qozonxon ustidan gʻalaba qozongach, poytaxt
Zanjirsaroydan Buxoroga koʻchirilgan. Keyinchalik Sohibqiron Amir Temurning
oʻzi bu makonni xush koʻrib, yurishlardan soʻng qish faslini bir necha bor shu
yerda oʻtkazgan. Demak, Zanjirsaroy shunchaki xarobazor emas, u Movarounnahr
tarixining burilish nuqtalaridan biriga shohid boʻlgan makondir.
Yillar davomida bu makonga dunyoga tanilgan olimlar keldi.
Fransiyadagi “Amir Temur” jamiyati asoschisi professor Lyusyen Keren, shu
jamiyatning hozirgi rahbari, Samarqand shahrining faxriy fuqarosi professor
Frederik Bressand xonim, arxitektura professori Kyara Silvi Antonini,
amerikalik mashhur olima Beatris Mans shular jumlasidan.
2024-yilda Rossiyaning Penza shahrida oʻtkazilgan yirik
xalqaro konferensiyada Zanjirsaroy haqida arxeolog olim, tarix fanlari doktori,
professor Abdisobur Raimqulov maʼruza qildi. Konferensiya materiallari Qozon
shahrida nashr etiladigan nufuzli “Arxeologiya Yevraziyskix stepey” jurnalida
eʼlon qilindi. Uni oʻnlab mamlakatdagi mutaxassislar mutolaa qiladi.
Zanjirsaroy nomi millat sheʼriyatiga ham kirib keldi:
Toshkentda Amir Temur bobomiz haykali ochilgan tantanada Abdulla Oripov oʻqigan
sheʼrda “Zanjirsaroy oʻchin olgan zot” degan misra yangradi. Muborak tumanining
shohkoʻchasi Zanjirsaroy nomi bilan yuritila boshladi.
Ming shukrki, ona yurtimiz tarixiga oid bunday izlanishlar
bugun xalqimiz hukmiga bemalol havola etilmoqda, yurtimiz va xorijiy olimlar bu
tadqiqotlarga munosabat bildirmoqda. Bu — mustaqilligimiz sharofati.
Xulosa
Ortga nazar tashlar ekanman, bir xulosaga kelaman: yangi
Oʻzbekiston — inson qadrini ulugʻlash, xalq dardiga sherik boʻlish, jamiyatda
adolat va teng imkoniyatlar muhitini yaratish yoʻlidagi ulkan bunyodkorliklar
nomidir.
Bugun har birimizdan chetdan kuzatuvchi boʻlib qolish emas,
daxldor, faol va masʼul fuqaro boʻlib yashash talab etiladi.
Nuroniylarimizning duosi va tajribasi, yoshlarimizning
gʻayrati va tashabbusi, ziyolilarimizning fikri va maʼrifati, rahbarlarning
masʼuliyati, xalqimizning birligi — yangi Oʻzbekiston binosi mana shu ustunlar
ustiga qurilmoqda. Har birimiz bu bunyodkorlikka oʻz hissamizni qoʻshishimiz
lozim.
Oʻttiz yildan ortiq vaqt oldin bir tuman markazidagi suv
muammosini bartaraf etishdan, tuman nomining maʼnosini soʻrashdan, bir
javondagi kitoblarga eʼtibor qaratishdan boshlangan yoʻl bugun butun bir
mamlakatning taraqqiyot strategiyasiga aylandi. Mana shu — millat Shavkati. Bu
sharaf va shavkatni har bir Oʻzbekiston fuqarosi qalbida asrab-avaylab, kelajak
avlodlarga yetkazishi — oliy burch.
Jumaqul QURBONOV,
Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
siyosiy fanlar nomzodi, mehnat faxriysi