Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, nitratlar o‘simliklar o‘sishi uchun zarur tabiiy birikma bo‘lsa-da, ularning me’yordan ortiq to‘planishi inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Sanitariya qoidalariga muvofiq, tarvuzda nitratlarning ruxsat etilgan miqdori 60 mg/kg, qovunda esa 90 mg/kgdan oshmasligi kerak.
Nitratlar mahsulotning tashqi ko‘rinishi yoki ta’mi orqali har doim ham aniqlanmaydi. Ular organizmga tushgach, nitritlarga aylanishib, qondagi gemoglobinning kislorod tashish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. Bu esa bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, holsizlik kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Mutaxassislar nitratlar miqdorini aniqlash maxsus laboratoriyalarda ionometriya, spektrofotometriya va xromatografiya kabi usullar orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi. Iste’molchilar esa nitrat-testerlar yoki ekotesterlar yordamida mahsulotlarni dastlabki baholashlari mumkin.
Tarvuz tanlashda po‘stlog‘ining butunligi, bandining qurigani va yerga tekkan qismidagi dog‘ning to‘q sariq rangda bo‘lishiga e’tibor berish tavsiya etiladi. Qovun esa xushbo‘y hid taratishi, po‘stlog‘i qattiq va tashqi ko‘rinishi shikastlanmagan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, poliz mahsulotlarini faqat rasmiy savdo nuqtalari va dehqon bozorlaridan xarid qilish, kesilgan tarvuz va qovunni sotib olmaslik hamda mahsulotlar laboratoriya nazoratidan o‘tganligi haqidagi ma’lumot bilan qiziqish tavsiya etilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy mavsumda tarvuz va qovunlarda nitratlar miqdorining belgilangan me’yordan oshgan holatlari aniqlanmagan. Ayni paytda bozorlar va savdo nuqtalarida profilaktik nazorat tadbirlari muntazam olib borilmoqda.