Nurobod mahallasi Sayxunobod tumanining eng chekka hududlaridan. Yurtimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi arafasida hududda yangi 50 oʻrinli xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yurita boshladi. Bu mahalla ahli uchun chinakam sovgʻa boʻldi. Endi yaqin-atrofdagi bolalar zamonaviy sharoitga ega, innovatsion usullarda mashgʻulotlar oʻtiladigan yangi bogʻchada taʼlim-tarbiya oladi. Xayrli ish tashabbuskori esa sirdaryolik tadbirkor Zamira Salimova.
Ayolning
oʻzi Mirzaobod tumanida istiqomat qiladi. Tadbirkorlik faoliyatini 2019-yili
shu tumanda 25 oʻrinli oilaviy bogʻcha tashkil etishdan boshlagan. Oradan koʻp
oʻtmay, Guliston shahrida ham 35 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti
faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bugun uchta bogʻchaga rahbarlik qilib kelyapti. Non
va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan sexi ham bor. Hududdagi 50 ga yaqin
xotin-qizni ish bilan taʼminlagan. Ayol koʻzga koʻringan tadbirkorlardan.
Qachonlardir bu ish uning orzusi boʻlgan. Yurtimizda yaratilgan qulay
ishbilarmonlik muhiti, qolaversa, xotin-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar,
xususiy biznesga keng yoʻl ochish, barcha sohadagi katta islohotlar — hammasi
ayolga kuch va ishonch berdi.
—
Bundan oʻn yil oldin oliy maʼlumoti yoʻq, ishsiz, tadbirkorlikni faqat orzu
qiladigan ayol edim, — deydi “Yangi tadbirkor kelajagi” MCHJ rahbari Zamira
Salimova. — Hozir esa koʻp tarmoqli ishbilarmonman, oʻnlab xotin-qizni ish
bilan taʼminlayapman. Hatto oliy maʼlumotli boʻldim. 2020-yili oliy oʻquv
yurtiga oʻqishga kirib, maktabgacha va maktab taʼlimi yoʻnalishida oʻqiy
boshlaganimda 3 farzandim ham talaba edi. Ular qatori men ham oʻqidim, oʻz
ustimda ishlashdan toʻxtamadim. Bular ertak emas, haqiqat. Gapirsa mubolagʻadek
tuyulishi mumkin, ammo yurtimizda tadbirkorlar va xotin-qizlarga bunchalik
sharoit yaratilmaganida hozirgi natijalarga erishishim amrimahol edi.
Qolaversa, tinchlik, barqarorlikda gap katta. Yurti, oilasi notinch ayol
muvaffaqiyatga erisholmaydi. Mana shu xotirjamlik uchun shukrona aytaman. Inson
qadri va manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan davlat va jamiyatning
erkin, tashabbuskor fuqarosi ekanimdan gʻururlanaman. Bugungi tadbirkor,
avvalo, erkin, faqat ishi, rivojlanish haqida oʻylaydi, muammolar boshini
ogʻritmaydi. Tekshiruvlar, soliq yuklamalaridan hayiqmaydi. Davlatimiz rahbari
tadbirkorlarni ana shunday muammolardan, qoʻrquvlardan xalos qildi. Bu
shunchaki gap emas. Har bir sohada xususiy sektorga berilayotgan imtiyoz va
imkoniyatlar haqida esa soatlab gapirish mumkin. Oddiy bir tadbirkor sifatida
oʻzim ham ularning koʻpidan foydalanib kelyapman.
Masalan,
yangi bogʻchani ochish uchun ham 100 million soʻm imtiyozli kredit oldim. Shu
koʻmak ishimni rivojlantirishga katta yordam berdi. Yaʼni bugun tadbirkorlarga
berilayotgan har bir imtiyoz va qulaylik ortida ishbilarmonlikni yanada
rivojlantirish maqsadi turibdi. Bundan samarali foydalanishimiz, oʻz ustimizda
ishlashdan toʻxtamasligimiz kerak. Doim faoliyatimni kengaytirish
harakatidaman. Kelgusida maxsus va xususiy maktablar ochmoqchiman. Hozir
yurtimizda maktabgacha taʼlim tashkilotini klaster shaklida yuritish imkoniyati
mavjud. Bu natijaga ham, albatta, erishaman. Davlatimiz rahbarining har yili
tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtadigan ochiq muloqotida katta imtiyozlar taqdim
etilayotgani bizni yanada ruhlantiryapti. Bu galgi ochiq muloqot oʻzgacha
boʻldi. Kutganimizdan ham koʻproq tashabbuslar ilgari surilib, yangi imtiyozlar
taqdim etildi. Ayrim soliq imtiyozlarining amal qilish muddati uzaytirilgani,
kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil
muddatga moratoriy joriy etilgani, ikki yil davomida soliq va kredit
majburiyatlarini vaqtida bajargan, ish oʻrinlarini saqlagan va sof foyda bilan
ishlagan kichik hamda oʻrta biznes subyektlariga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli
kredit berish mexanizmi belgilangani — bularning barchasi tadbirkor uchun
qoʻshimcha ragʻbat, yangi imkoniyat, yanada rivojlanish uchun qulay sharoit
degani.
Muloqotdan boshlangan
takliflar
Haqiqatan,
oxirgi oylarda ommaviy axborot vositalarida eng koʻp aylanayotgan mavzulardan
biri mamlakatimiz tadbirkorlariga berilayotgan yangi imkoniyat va imtiyozlar
haqida boʻlyapti. Bu yangiliklar toʻgʻrisida dastlab shu yil 18-avgust kuni
davlatimiz rahbarining yurtimiz ishbilarmonlari bilan boʻlib oʻtgan oltinchi
ochiq muloqotida aytilgandi. Oradan koʻp oʻtmay, tadbirkorlarni quvontirib,
hayajonga solgan oʻsha imtiyozlar amalda joriy etilib, huquqiy jihatdan
kafolatlandi.
Gap
davlatimiz rahbarining joriy yil 27-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni
amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni haqida boryapti.
Hujjatda ochiq muloqotlar jarayonida bildirilgan taklif va muammolarning amaliy
yechimlari aks etgan. Uning har bir bandida belgilangan yengilliklarning
aksariyati biznes egalarining oʻzi uchun ham katta yangilik boʻldi. Shu bois,
farmon tadbirkorlar orasida katta shov-shuv bilan kutib olinib, amaldagi
qulayliklar aniq misollar bilan tahlil qilinmoqda. Ushbu voqea tadbirkorlik
uchun yangi imkoniyatlar davri sifatida baholanyapti.
Toʻgʻri,
keyingi yillarda ochiq muloqotdan soʻng har gal ana shunday yangiliklar
boʻlishi, qoʻshimcha imtiyozlar berilishi odatiy holga aylangan. Ammo bu safar
koʻlam ham, qamrov ham ancha keng. Asosiy eʼtibor tadbirkorni ortiqcha maʼmuriy
bosimdan himoya qilish, xarajatini kamaytirish, moliyaviy imkoniyatlarini
kengaytirish va davlat organlari bilan munosabatlarda huquqiy kafolatlarni
kuchaytirishga qaratilgan. Bularning har biriga aniq, samarali yechimlar
berilgan.
Masalan,
farmondagi eng katta yangiliklardan biri kichik tadbirkorlik subyektlari
faoliyatini har qanday turdagi tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy
etilganidir. Shu davr davomida kichik biznes egalari asossiz tekshiruvlardan
ozod boʻladi. Albatta, bu mutlaq daxlsizlik degani emas. Jinoyat ishi
doirasidagi, inson sogʻligʻiga taʼsirini oʻrganish va mehnat qonunchiligiga
rioya etilishi bilan bogʻliq, fuqarolar murojaatlari, qoʻshilgan qiymat
soligʻini qoplash yoki qaytarish hamda tadbirkorlik subyektini tugatish
munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno.
Biroq
boshqa keraksiz tekshiruvlarning boʻlmasligi tadbirkorga anchagina erkinlik
beradi. Qolaversa, bu norma kichik biznes uchun psixologik va iqtisodiy
barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Chunki kichik korxona uchun har bir
tekshiruv nafaqat vaqt va resurs, balki ishlab chiqarish jarayonining izdan
chiqishi, xodimlar eʼtiborining asosiy faoliyatdan chalgʻishi va qoʻshimcha
xarajatlarni anglatishi mumkin. Asosiy jihati esa moratoriy shunchaki
deklarativ norma boʻlib qolmasligi uchun masʼuliyat mexanizmi ham belgilangan.
Moratoriy davrida kichik tadbirkorlik subyektini qonunga xilof ravishda
tekshirish noqonuniy va bunday huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar
javobgarlikka tortiladi.
Bir
necha yil oldin mutasaddilar bilan birga yangi ish boshlagan tadbirkorning
faoliyati bilan yaqindan tanishganmiz. Oʻshanda biznes egasi oʻz ishi haqida
toʻlqinlanib gapirgan. Ketayotganimizda esa mutasaddilarga kun ora korxonasiga
tekshiruv kelayotgani, muammo boʻlmasa-da, vaqti behuda ketayotgani haqida
iymanibgina gapirdi. Mutasaddilar esa bu xavfsizlik talabi ekani, tekshiruvlar
binoning xavfsizlik vositalari va boshqa jarayonlarni koʻzdan kechirish uchun
ekanini aytdi. Tadbirkor tekshiruvchilar har gal hujjat soʻrab, qayta-qayta
kelayotganini yana taʼkidladi. Endi shu kabi huda-behuda tekshiruvlar
boʻlmaydi.
Tadbirkorlarga
ijaraga olingan yerni ikkilamchi ijaraga berish imkoniyati ham taqdim
etilyapti. Farmon asosida ijaraga olingan, jumladan, auksion orqali olingan yer
maydonini boshqa ishbilarmonlarga ikkilamchi ijaraga berish huquqi qoʻllanadi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun koʻchmas mulk ijarasida “tijorat ijarasi” alohida toifasi
joriy etilib, namunaviy shartnomasi ishlab chiqiladi. Bu masalani, yaʼni
tijorat ijarasiga oid huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish taklifini
davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda “Korzinka” supermarketlar tarmogʻi
asoschisi Zafar Hoshimov ilgari surgandi.
Biznesga yangi nafas
Tadbirkor
uchun moliyaviy resurs doim zarur. Hatto yirik bizneslarda ham faoliyatni
kengaytirish uchun qoʻshimcha moliyaviy koʻmakka ehtiyoj boʻladi. Bu boradagi
tizim yurtimizda tobora soddalashtirilib, ishbilarmonlarga qulaylik ortib
borayotgani boisi shunda. Farmon esa tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish
mexanizmlarini sezilarli kengaytiradi. Endi biznes egalariga moliyaviy va
nomoliyaviy koʻmaklarni bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili asosida
taqdim etish uchun yagona raqamli platforma joriy etish koʻzda tutilgan.
Qolaversa,
ikki yil davomida soliq va kredit majburiyatlarini vaqtida bajargan, ish
oʻrinlarini saqlagan va sof foyda bilan ishlagan kichik hamda oʻrta biznes
subyektlariga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit berish mexanizmi
belgilandi. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan kreditlar,
bank kafolatlari, akkreditivlar va lizing boʻyicha 75 foizgacha kafillik,
davlat xaridlarida faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarga shartnomani bajarish
va boʻnakni qaytarish uchun 2,5 milliard soʻmgacha kafolat taqdim etiladi.
Bu
yerda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihat shundaki, tadbirkorlikni
qoʻllab-quvvatlash faqat kam foizli kredit berish bilan cheklanmayapti.
Kafillik, davlat xaridlarida kafolat va aktivlarni sotib olishni
moliyalashtirish kabi instrumentlar biznesning turli bosqichlaridagi moliyaviy
toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ayniqsa, bankdan kredit olishda
yetarli garovga ega boʻlmagan, ammo iqtisodiy jihatdan istiqbolli loyihasi bor
tadbirkorlar uchun kafillik mexanizmi juda muhim.
—
Rivojlanish harakatidagi har qanday tadbirkor uchun moliyaviy resurslar doim
zarur, — deydi Xorazmdagi “Damar” xorijiy kompaniyasi rahbari Feruzbek
Quronboyev. — Oʻzimizdan misol: sutni qayta ishlash zavodlarimizda xorijdan
olib kelingan eng zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari oʻrnatilgan. Ularning
har biri katta mablagʻga baholangan. Oʻz davrida bunday mablagʻni kredit
tarzida olish tadbirkorga oson boʻlmagan. Bugun moliyaviy mexanizmlarning turi ham,
qamrovi ham keng. Tadbirkorlar oʻziga qulayidan foydalanishi mumkin. Korxonamiz
faoliyatini 2000-yili 150 litr sutni qayta ishlashdan boshlagan. Hozir bu hajm
kuniga 40 tonnagacha yetgan. Oʻsha vaqtlarda Oʻzbekistonda birinchilardan
boʻlib golland navidagi pishloq ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygandik. Mana, 26
yildirki, korxonamizda sut mahsulotlari qayta ishlanib, tayyor mahsulot
olinyapti. Hozir 50 dan ortiq sut mahsuloti ishlab chiqariladi. Pishloqning 20
ga yaqin turi mavjud. Mahsulotlarimiz asosan ichki bozorga chiqariladi. 120 dan
ortiq kishining bandligi taʼminlangan. 2016-yili katta loyiha boshladik.
Yurtimizda
barcha sohada islohotlar avj pallaga kirayotgan, tadbirkorlik muhiti
shakllanib, biznes egalariga ishonch bildirilayotgan oʻsha vaqtda yangi zavod
qurishga kirishdik. Ilk odimlardayoq davlatning koʻmagini his qildik. Tuman
hokimligi loyiha uchun 1,5 gektar yer ajratdi. 2018-yilda yangi zavodning
dastlabki liniyalari ishga tushirildi. Loyiha doirasida 2019-yili Yevropa
tiklanish va taraqqiyot banki bilan 2,3 million dollarlik kredit shartnomasi
imzolandi. Bundan tashqari, korxonaga beshta grant mablagʻi ajratildi.
Oʻtgan
yili 5,761 ming kvadrat metr maydondagi yangi zavod ishga tushirildi.
Mahsulotlarimiz yorligʻi qayta nomlanib, “Tillo Domor”dan “Damar” brendiga
oʻzgardi. Bu shunchaki nom almashinuvi emas, uzoq yillik tarixga ega mahalliy
oilaviy korxonaning xalqaro bozorga moʻljallangan, energiya samaradorligi va
ekologik meʼyorlar boʻyicha Yevropa talablariga javob beruvchi zamonaviy kompaniyaga
aylanishidir. Kelgusi rejalarimiz katta. Yaqin yillarda sutni qayta ishlash
hajmini bosqichma-bosqich kuniga 50, soʻng 100 tonnaga yetkazish, 40 dan ortiq
mahsulot turini ishlab chiqarish, milliy brenddagi mahsulotlarimizni dastlab
qoʻshni davlatlar, keyin Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishni
rejalashtirganmiz. Xomashyoni koʻpaytirish uchun fermer va chorvadorlar bilan
hamkorlikda ishlash boʻyicha yangicha yondashuvlar haqida oʻylayapmiz. Sanoat
sayyohligini yoʻlga qoʻyib, “Xorazm sirlari” loyihasini ishga tushirish, zavod
ekskursiyasi, pishloqchilik tarixi ekspozitsiyasini yoʻlga qoʻyish niyatimiz
ham bor. Chunki vohaning sayyohlik imkoniyatlari tobora kengayib boryapti.
Sanoat turizmi bu borada oʻziga xos yoʻnalishga aylanishi mumkin. Qolaversa,
Prezidentimizning mazkur farmonida aynan turizm va xizmat koʻrsatish sohasiga
ham katta eʼtibor qaratilgan. Endi yangi imtiyoz va imkoniyatlardan samarali
foydalanishimiz kerak.
Eksportga yoʻl
Amerikalik
olim Piter Drukerning bir gapi bor: “Tadbirkorning oʻziga xos quroli —
innovatsiya. U oʻzgarishlardan yangi imkoniyat yaratish vositasi sifatida
foydalanadi”. Bundan oʻn yil oldin shu iqtibos haqida gap borsa, ehtimol,
koʻpchilik tadbirkorlik bilan innovatsiyaning bogʻliqligini tushunmasdi. Ammo
bugun hammasi tabiiy — yuzlab innovatsion gʻoyalar startap loyihalarga aylanib,
hayotga tatbiq etilyapti. Sohalar shu
tarzda zamonaviylashib bormoqda.
Mazkur
farmonda innovatsion tadbirkorlik va startaplarni qoʻllab-quvvatlashga ham
alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 2027-2030-yillarda “UzVC” milliy venchur
fondi tomonidan “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi, 8 ta ustuvor
yoʻnalish boʻyicha 30 tagacha startap loyiha ochiq tanlov asosida
moliyalashtiriladi. Har bir loyihaga 5 milliard soʻmgacha investitsiya kiritish
mumkin. Mablagʻ uch yilga foizsiz va garovsiz, kelgusida korxonadagi ulushga
aylantiriladigan qarz yoki SAFE mexanizmi asosida beriladi. Davlat ulushi 49
foizdan oshmasligi, shuningdek, taʼsischilarga davlat ulushini bozor qiymatida
sotib olish huquqining berilishi davlatning startapdagi ishtiroki doimiy
nazorat vositasiga aylanib qolmasligi uchun muhim kafolatdir.
Bu yerda prinsipial oʻzgarish bor:
davlat anʼanaviy “subsidiya beruvchi” rolidan tashqari, innovatsion gʻoyaga
investitsiya kirituvchi sherik sifatida ham maydonga chiqmoqda. Qolaversa, farmon
xususiy investorlarni ham ushbu jarayonga jalb qilishni nazarda tutadi.
Elektr
va gaz uchun toʻlovdagi imtiyozlar ham tadbirkorning aylanma mablagʻiga
yengillik beradi. Farmonning aynan mana shu qismi koʻplab biznes egalarini
quvontirdi. Gap shundaki, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab avtomatlashtirilgan
elektr va tabiiy gaz hisobga olish tizimiga ulangan tadbirkorlar uchun oylik
isteʼmol boʻyicha oldindan toʻlov miqdori 15 foizgacha tushiriladi. Yangi
tartib elektr va gaz hisoblagichlarida masofadan turib oʻchirish va yoqish
funksiyasi mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi boʻyicha yozma hisobotlarni hududiy
taʼminot korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi. Elektr va gaz
taʼminoti shartnomalarini qogʻozda rasmiylashtirish amaliyoti oʻrniga elektron
tuzish tartibiga oʻtiladi.
— Bu
oʻzgarishlarning iqtisodiy samarasi faqat qogʻozbozlikning kamayishida emas, —
deydi Andijon viloyatidagi “Xoʻjaobod fayz-m” MCHJ rahbari Lutfullo Abdullayev.
— Oldindan toʻlov yukining pasayishi tadbirkorning aylanma mablagʻini ishlab
chiqarish, xizmat koʻrsatish yoki tovar xaridiga yoʻnaltirish imkonini
oshiradi. Ayniqsa, bizniki singari yirik korxonalarda bunday imtiyozlar
yaxshigina seziladi. Korxonamiz 2021-yili klaster tizimiga oʻtganidan beri
paxta xomashyosi yetishtirish, paxta tolasi ishlab chiqarish, kalava ip
yigirish, trikotaj xom mato toʻqish, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab
chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda. Yillik ishlab chiqarish
quvvati 1650 tadan ortiq tayyor trikotaj mahsuloti boʻlib, bugun 1300 doimiy
ishchi mehnat qilyapti. Yillik eksport qiymatini 12 million dollarga yetkazdik.
Mahsulotimiz Polsha, Turkiya, Rossiya, Italiya, Qozogʻiston bozoriga kirib
bormoqda. Tadbirkor uchun ichki talabdan tashqari, xorij bozoriga chiqish
koʻproq imkoniyat yaratadi. Ammo bu oson jarayon emas. Mahsulot sifatidan
tashqari, xarajat masalalari biznes egasini koʻproq qiynaydi. Keyingi yillarda
yurtimizda tadbirkorlarga bu borada berilayotgan imtiyozlar eksportyor
korxonalar sonini oshirib, eksport geografiyamizni bir necha barobar
kengaytirdi.
Hatto
chet davlatlarda savdo uylari va doʻkonlarini ochishimizda davlat bevosita koʻmaklashyapti.
Biz ham ana shu yordamdan foydalanib, Rossiya va Qozogʻistonda savdo uylarini
ochdik. Yangi farmonda eksport boʻyicha koʻplab imtiyozlar nazarda tutilganini
koʻrib quvondik. Xususan, xalqaro bozorga chiqadigan milliy brendlarga 50 ming
dollargacha subsidiya ajratilib, xorijdan brendmeykerlarni jalb qilish
xarajatining yarmi — 500 ming dollarigacha qismi qoplab beriladigan boʻldi.
Xalqaro tenderlarda ishtirok etish uchun konsalting kompaniyalarini jalb qilish
va tenderda qatnashish xarajatining 80 foizigacha boʻlgan qismi ham qoplanadi.
Bular shunchaki imtiyoz va yordam emas, balki davlatning tadbirkorga katta
ishonchi, ragʻbati belgisidir.
* * *
Har
gal Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ana shunday amaliy
natijaga oʻtishi isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylanib boʻlgan. Yaʼni
farmonda keltirilgan normalar faqat qogʻozda qolib ketmasligi, belgilangan
muddatlardan boshlab hayotga tatbiq etilishini biznes egalarining oʻzi ham
yaxshi biladi. Endi asosiy masala imkoniyatlardan tadbirkorlarning qay darajada
samarali foydalanishi va masʼul tashkilotlarning mazkur kafolatlarni amalda
taʼminlay olishidir.
Muhimi,
mazkur farmon yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlikka munosabatni yana bir bor aniq
belgilab bermoqda: xususiy biznesga toʻsiq qoʻyish emas, uning qonuniy faoliyat
yuritishi uchun sharoit yaratish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor
vazifalaridan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri