Dunyo mamlakatlari oʻrtasida hamkorlik, ochiq muloqot va oʻzaro tajriba almashinuvi tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan bugungi globallashuv va jadal taraqqiyot davrida yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga ochilishi, xorijiy davlatlar bilan doʻstona va manfaatli munosabatlarning kengayishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi oʻrnini yanada mustahkamlamoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining bir guruh xodimlari Yaponiyada boʻlib qaytdi. Bir necha kun mobaynida dunyo Oʻzbekistonning boy tarixi, betakror madaniyati, iqtisodiy salohiyati va ulkan imkoniyatlariga tobora koʻp qiziqish bildirayotganiga yana bir karra amin boʻldik. Safar davomida Tokio, Nagoya va Xirosima shaharlarida oʻnlab uchrashuv, taqdimot va davra suhbatlari oʻtkazildi. Xususan, Yaponiya Milliy parlament kutubxonasi, qator nufuzli universitetlarga tashrif, rasmiy qabullar, vatandoshlarimiz bilan samimiy muloqotlar dasturdan oʻrin olgan edi.
Delegatsiyamiz ushbu mamlakatda boʻlib turgan kezlarda Oʻzbekiston — Yaponiya hamkorligining yana bir yorqin samarasi boʻy koʻrsatdi: Mustaqillik toʻyi arafasida Prezidentimizning farmoniga koʻra “Sojitz” kompaniyasi direktori Masayoshi Fujimoto mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investor sifatida qoʻshgan hissasi, amalga oshirgan yirik loyihalari uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning nafaqat maʼnaviy-maʼrifiy, balki iqtisodiy jihatdan ham qanchalik mustahkam ekanining yaqqol dalilidir.
Janob Kato nima deydi?
Bir paytlar Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi boʻlgan Fumixiko Kato bilan muloqotimiz uzoq davom etdi. Chunki gaplashadigan, muhokama qiladigan mavzularimiz koʻp ekan. Ayni paytda Yaponiya — Oʻzbekiston jamiyati raisi sifatida faoliyat yuritayotgan janob Kato Vatanimizga eʼtibori boʻlakcha ekanini yashirib oʻtirmadi:
— Hozir Oʻzbekiston qiziqish bildirayotgan asosiy yoʻnalishlardan biri — taʼlim. Avval xorijdan keladigan sarmoya taxminan 2-3 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, hozir u 40-50 milliard dollar darajasiga yetdi. Bu juda muhim koʻrsatkich. Taʼlimni ham qamrab olgan koʻplab sohalarga chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Oʻqitish sohasida besh yil avval Japan Digital University tashkil etildi. Universitetda AT va yapon tili oʻqitiladi. Hozir unda koʻplab oʻzbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Dastlabki bitiruvchilarning bir qismi esa yapon kompaniyalariga ishga joylashdi. Bu tashabbus muvaffaqiyatli boʻlgani uchun endi Sukuba universiteti, Okayamadagi Kibi xalqaro universiteti va Okayama tijorat universiteti kabi qator oliygohlar Oʻzbekistonda universitet tashkil etish yoki taʼlim boʻyicha hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Sobiq elchi navbatdagi yana bir eʼtirofini chin dildan aytdi.
— 2013-2016-yillarda Oʻzbekistonda favqulodda va muxtor elchi sifatida faoliyat yuritganim uchun mamlakatingizni juda yaxshi bilaman. Oʻn yil avval oʻz yurtimga qaytganimdan keyin koʻplab kompaniya rahbarlari va doʻstlarim “Oʻzbekiston bozoriga kirish mumkinmi?” deb soʻraganda men ularga “Shoshmanglar, bir oz kutib turinglar”, deb aytganman. Bugun esa oʻsha palla keldi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi qariyb oʻn yillik islohotlar natijasini koʻrib, bugun butunlay boshqa fikrni aytyapman: “Tezroq harakat qiling, Oʻzbekiston bozoriga kirishga shoshiling”. Men bu daʼvatimdan uyalib qolmasligimga ishonaman, — dedi Fumixiko Kato.
Maʼrifiy diplomatiya yutuqlari
Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim qirrasi — xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan maʼnaviy aloqani mustahkamlash. Mustaqilligimizning 35 yillik toʻyini yurtimizdan minglab kilometr uzoqda yashayotgan yurtdoshlarimizga ham his qildirish, ularga Vatan nafasini yetkazish maqsadida Nagoyada “Mustaqillik kubogi” futbol musobaqasi tashkil etildi. Unda sakkizta jamoa kuch sinashdi. Bu oddiy sport tadbiri emas: u bir-biriga notanish, turli shaharlarda yashayotgan yurtdoshlarimizni bir maydonda, bitta bayroq ostida birlashtirdi.
Soʻng vatandoshlarimiz bir piyola choy ustida, dasturxon atrofida jam boʻlib, milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash, chet elda ham oʻzlikni yoʻqotmaslik namunasini koʻrsatdi. Vatandoshlarimizga oʻzbek tilida chop etilgan kitoblar tortiq qilinganida, ular koʻproq adabiyotlarga ehtiyoji borligini bildirdi. Bu esa xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning ona yurt bilan bogʻliq asarlarga naqadar chanqoq ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Xirosima shahrida tashkil etilgan madaniyat kechasi safarning yana bir yorqin sahifasi boʻldi. Unda taniqli sanʼatkorlarning konsert dasturi vatandoshlarimiz va yapon tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olindi. Bu Oʻzbekiston madaniyatini keng jamoatchilikka tanitishning yana bir samarali yoʻlidir.
— Bugungi bayram chindan ham koʻngillarga quvonch baxsh etdi. Unutilmas lahzalarga boy oʻtgani bilan yodimizda qoldi, — deydi tadqiqotchi Nodira Turgʻunova. — Mustaqillik toʻyi nafasini tuyishga imkoniyat yaratib berayotgan mamlakatimiz rahbariga, shuningdek, bizni yoʻqlab kelgan tashkilotchilarga chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz. Bugun biz nafaqat maʼnaviy hordiq chiqardik, balki yillar davomida yuragimiz tubida toʻplanib qolgan yurt sogʻinchiga ham malham topdik. Ayniqsa, “Tanovar” kuylanganida koʻngilda taʼrifi qiyin, boshqacha tuygʻu uygʻondi — koʻz oldimizdan bolalik, butun Vatan manzarasi oʻtgandek boʻldi. Axir biz aynan shunday ulugʻvor ohanglar ostida ulgʻaygan, shu qoʻshiqlar bilan voyaga yetgan avlodmiz. Ishonamizki, bunday uchrashuvlar davomli boʻlib, xorijda yashayotgan har bir yurtdoshimizning qalbiga shu tariqa Vatan tafti kirib kelaveradi.
Shuningdek, Tokioning butun dunyoga mashhur Shibuya chorrahasida maxsus bayram aksiyasi tashkil etildi: yirik ekranlarda Oʻzbekistondagi islohotlar haqidagi roliklar namoyish etildi. Har kuni millionlab odam kesib oʻtadigan bu maydonda mamlakatimizning bugungi qiyofasini koʻrsatish, nazarimizda, maʼrifiy diplomatiyaning zamonaviy va taʼsirchan shakllaridan. Maʼrifiy diplomatiya faqat rasmiy davralarda emas, aynan shunday — xalq qalbida va koʻchalarda ham yashaydi.
Kitob — doʻstlikning boshlanishi
Bugun yangi tushuncha paydo boʻlgan: kitob diplomatiyasi. Biror davlatga borib, turli tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlarda kitob sovgʻa qilinyapti. Zero, kitob — doʻstlik belgisi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan chop etilgan “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi mamlakatimizda turizm, iqtisodiyot, madaniyat va taʼlim kabi qator muhim sohalardagi islohotlarning koʻlamini koʻrsatib beradi. Yaponiya parlamentida kitob-albom taqdimotini oʻtkazdik. Vaqt oʻtishi, vakillar almashishi mumkin, asar esa ishonchli manba sifatida saqlanib qoladi. Ishonamizki, bu asar ham Oʻzbekiston va Yaponiya xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aynan shu nuqtayi nazardan, Yaponiya parlamentidagi ushbu taqdimot, davra suhbatlari va institutsional uchrashuvlar “maʼrifiy diplomatiya” tushunchasining amaliy namunasiga aylandi. Bunda kitob, taʼlim va madaniy meros davlatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlovchi vosita sifatida maydonga chiqdi.
Tadbirda Yaponiya Vakillar palatasi aʼzolari — Tomomi Inada, Yasutaka Nakasone va Karen Makishima, Yaponiya — Oʻzbekiston jamiyati raisi Fumixiko Kato hamda taʼlim, madaniyat va biznes doiralar vakillari qatnashdi. Unda mamlakatimizda soʻnggi 10 yilda Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyot, taʼlim, mahalla va turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ulkan bunyodkorlik ishlari haqida videorolik hamda kitoblar orqali hikoya qilindi.
— Har qanday millat uchun oʻz tarixini, oʻz soʻzini asrab qolish kelajakka qoldiriladigan eng qimmatli merosdir, — deydi Yaponiya Milliy parlamenti kutubxonasi bosh direktori oʻrinbosari Kito Junko. — Biz qariyb 50 millionga yaqin materialni raqamli shaklga oʻtkazish, ularni asrab-avaylash va erkin, soʻz-matnli qidiruv olib borish imkonini yaratish ustida yillar davomida ishlab kelamiz. Biroq bilimning haqiqiy qiymati u faqat bir mamlakat devorlari ichida qolib ketmay, chegaralar oshib, boshqa xalqlarga ham yetib borganda namoyon boʻladi. Shu bois, biz raqamli kontentni xorijdagi kutubxonalarga ham ulashish tizimini yoʻlga qoʻyganmiz. Oʻzbekiston delegatsiyasi bizga taqdim etgan “Mustaqillik zafarnomasi”, “Temurbek”, “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitoblari kutubxonamizdan munosib oʻrin oladi. Bunday kitoblar shunchaki qogʻoz va harflar emas, balki xalqning qalbi, tafakkuri va orzu-umidlari jamlanmasidir. Yapon kitobxoni qoʻliga oʻzbek adibining asarini olganida u orqali butun bir madaniyatni, butun bir xalqning ruhini his qila oladi. Men ishonamanki, bilim va kitob orqali oʻrnatilgan bunday koʻpriklar uzoqroq umr koʻradi, chunki ular inson qalbiga bevosita yoʻl topadi.
Bilim — birlashtiruvchi kuch
Yaponiyaga safar nafaqat rasmiy uchrashuvlar, balki ikki xalq oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlashuvning yangi bosqichi boʻldi. Biz kunchiqar mamlakatga alohida maqsad — taʼlim-tarbiya tizimi, xususan, ularning “tokkatsu” deb ataladigan maktab madaniyati va maʼnaviy-axloqiy tarbiya tajribasini, shuningdek, milliy yozma merosni raqamlashtirish borasidagi yutuqlarini yaqindan oʻrganish uchun ham bordik.
Yaponiyaning taʼlim tizimi va madaniyatidagi diqqatga sazovor jihati shundaki, u yoshlarda bir vaqtning oʻzida mustaqil fikrlash, jamoaviy masʼuliyat, milliy oʻzlikni tarbiyalaydi. Bu yerda hech narsa tasodifiy emas, hatto maktab sayohatlariga ham oʻquv dasturining ajralmas qismi sifatida qaraladi.
Kayetsu Ariake litseyi xalqaro taʼlim boʻlimi direktori, chet el universitetlari boʻyicha maslahatchi Hideo Yamadaning aytishicha, yapon maktablarida odatda tarbiya va intizomga juda jiddiy eʼtibor beriladi. Masalan, darslar tugagach, oʻquvchilar, albatta, maktabni tozalaydi. Bu ishlar navbatchilik asosida bajariladi va bunday amaliyot butun Yaponiya boʻylab qoʻllanadi. Ularning tartibli saf tortishga odatlangani ham maktab tarbiyasining muhim xususiyatlaridan.
Maktablarning alohida jihati shundaki, unda bolalar bilan suhbat va muloqot juda qadrlanadi. Shuningdek, boshqalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish doim yodda tutiladigan tamoyil sifatida oʻquv dasturiga kiritilgan.
Yaponiyada diqqatga molik har bir tajriba — Milliy parlament kutubxonasidagi 48,6 milliondan ortiq materialni raqamlashtirish tizimidan tortib, oʻquvchilarni mustaqillikka oʻrgatuvchi maktab madaniyatigacha — bitta umumiy gʻoyaga xizmat qiladi: bilim insonni ham, xalqni ham birlashtiradi.
“Oʻzbekistonlik talabalarning intilishi yuqori ekaniga guvoh boʻldim”
Safar davomida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardan biri — Nagoya iqtisodiyot universiteti rahbariyati bilan muloqot biz uchun alohida ahamiyatli boʻldi. Uchrashuvda mazkur universitet aynan Oʻzbekistonning sakkizta oliy oʻquv yurti bilan hamkorlik oʻrnatgani, bu esa yapon taʼlim tizimi uchun kamdan-kam uchraydigan hodisa ekani qayd etildi. Qoʻshma diplom dasturlari doirasida bu yerda hozir 27 oʻzbek talaba tahsil olmoqda. Universitetning “Avvalo, shaxs, soʻng mahorat” tamoyili bizni alohida qiziqtirdi. Shu sababli qoʻshma maʼnaviy-axloqiy taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish hamda bu borada memorandum imzolash taklifi ilgari surildi.
Mazkur taʼlim muassasasi prezidenti Haruo Saburi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik haqida bunday deydi:
— 2019-yilda janob Prezident Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetiga tashrif buyurib, faxriy doktorlik unvonini olgan kuni men u bilan bevosita muloqot qilish sharafiga muyassar boʻlgan edim. Oʻshanda u mamlakat kelajagini taʼlimga alohida eʼtibor qaratish orqali qurish qatʼiy azmu qarori ekanini bildirdi hamda Nagoya universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarga har tomonlama koʻmaklashish vaʼdasini berdi. Bu meni juda toʻlqinlantirib, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istagini uygʻotdi. Ayniqsa, oʻz nutqini aynan taʼlim masalasidan boshlagan va maʼruza davomida “taʼlim” soʻzini toʻqqiz marta takrorlagan edi — men nutqni diqqat bilan tinglab, bu soʻzni sanab bordim va hayratda qoldim. Yillar davomida oʻzbekistonlik talabalarning intilishi yuqori ekaniga guvoh boʻldim. Shu bois, bugun Nagoya iqtisodiyot universiteti Oʻzbekistonning sakkizta oliy taʼlim muassasasi bilan qoʻshma diplom dasturlarini amalga oshirmoqda. Ishonchim komilki, bu hamkorlik ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy va taʼlimiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Istiqbolli rejalar orqali yorugʻ manzillar sari
Kelishuvlar va oʻtkazilgan tadbirlar yakunida ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturi, Yaponiyaning “tokkatsu” tajribasini tanlangan maktablarda pilot tajriba tariqasida tatbiq etish, parlament kutubxonasi modelini milliy yozma merosni raqamlashtirishda qoʻllash, shuningdek, Yaponiyadagi vatandosh yoshlar bilan aloqani yanada rivojlantirish kabi yoʻnalishlar qamrab olingan.
Yaponiyadagi Oʻzbekiston turizmi va madaniyati assotsiatsiyasi asoschisi Akane Masaoka ushbu sohada yigirma yildan buyon faoliyat yuritadi. Shu davrda kunchiqar yurt vakillarining mamlakatimizga qiziqishi qanday oʻsib borganini oʻrganib keladi.
— Oʻtgan yili Yaponiyadan Oʻzbekistonga 32 ming sayyoh bordi. Bu yil esa ushbu koʻrsatkich ikki baravar oshishi kutilmoqda va bu tasodif emas, — deydi Akane Masaoka. — Yaponiyalik sayyohlar uchun Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa hududlarning meʼmorchilik obidalari haqiqiy kashfiyotdir. Ularning nafisligi, ranglar uygʻunligi va uzoq tarixga ega ekani bizning mamlakatdagi qadimiy obidalar ruhini eslatadi. Shu bilan birga, butunlay oʻzgacha, sharqona nafosat bilan yoʻgʻrilgan. Milliy taomlaringiz ham alohida oʻrin tutadi. Yaponiyaga qaytgan sayyohlarimiz ularning taʼmi haqidagi esdaliklarini uzoq vaqt gapirib yuradi. Eng muhimi, yurtingizda sayyohlar uchun xavfsiz muhit yaratilgan. Biz endi nafaqat individual sayyohlar, balki maxsus guruh turlarini, jumladan, gastronomik va meʼmoriy marshrutlarni ham tashkil qila boshladik. Ishonamanki, xavfsizlik, mehmondoʻstlik va boy tarixiy-madaniy meros — uchovi qoʻshilib, Oʻzbekiston Yaponiya uchun Markaziy Osiyodagi eng sevimli yoʻnalishlar boʻlib qolishini taʼminlaydi.
* * *
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “taʼlim, taʼlim va yana bir bor taʼlim” tamoyili ushbu safarning asosiy mazmunini tashkil etdi. Har bir yapon mutaxassisi — universitet rahbaridan tortib, maktab oʻqituvchisigacha — bir ovozdan yagona fikrni takrorladi: “Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar, talabalarning bilimga chanqoqligi va yoshlarning intiluvchanligi yorugʻ istiqboldan darak bermoqda”.
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari