Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati oldi. Ularga zudlik bilan zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Ayni paytda korxona mutaxassislari tegishli tashkilotlar bilan birgalikda inshoot konstruksiyalarini vizual va texnik ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shiftning dekorativ qismi shikastlangan. Hodisa sabablarini aniqlash maqsadida maxsus komissiya tuzilgan, ayni vaqtda tiklash ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi ilk daqiqalardanoq metropoliten rahbariyati bilan aloqada bo‘lib, aholi xavfsizligi va qulayligini ta’minlash uchun zarur ko‘makni ko‘rsatmoqda.

Bekatga tutash hududda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari transport harakatini tartibga solib, xavfsizlikni ta’minlamoqda.

Tekshiruv va ta’mirlash ishlari davomida Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan "Toshshahartransxizmat" AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi:

— 13 va 14-bekatlar oralig‘ida 4 ta avtobus;

— 13 va 12-bekatlar oralig‘ida 4 ta avtobus.

Harakatlanish intervali 3 daqiqani tashkil etadi.

Shuningdek, voqea joyida shahar va favqulodda xizmatlarning faoliyati ta’minlanib, yo‘lovchilarni jamoat transporti harakatidagi o‘zgarishlar haqida tezkor xabardor qilish yo‘lga qo‘yilgan.

"Toshkent metropoliteni" DUK yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

Toshkent shahar hokimligi aholining xavfsiz va uzluksiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan vaziyatni nazorat qilishda davom etmoqda.