“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xorij fuqarolari qo‘lga olindi.
Xususan, joriy yilning 12 iyun kuni mamlakatimizga kelgan Ukraina davlatining 1994, 1997 va 2001-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqarosi vaqtinchalik istiqomat qilayotgan Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ikkita xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, poytaxtning turli manzillarida “zakladka” tarzida tarqatish uchun kichik bo‘laklarda tayyorlab qo‘yilgan narkotik moddalar borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ular “gashish”, “mefedron” va “alfa-PVP” giyohvandlik vositalari hisoblanib, umumiy og‘irligi 1 kg 945 gr. ni tashkil etadi.
Shuningdek, internet narkodo‘kon tashkilotchilari tomonidan mazkur chet el fuqarolariga kelgusida qayta qadoqlab, poytaxt hududida tarqatishlari uchun xufiya joyda qoldirilgan jami 460 gr “mefedron” va “alfa-PVP” ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.