Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mansabdor tanishlari orqali “Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” DM balansidagi yer maydonidan joriy yilda foydalanishi uchun mahalliy MChJ va o‘zi faoliyat yuritayotgan boshqarma o‘rtasida ijara shartnomasini rasmiylashtirib, ijara haqini kamaytirgan holda, MChJning 2025-yildagi qarzdorligini tugatib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Muborak tumani Elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari jinoyat ishlari bo‘yicha mazkur tuman sudida mahalliy fuqaroga nisbatan elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati bo‘yicha ko‘rilayotgan jinoyat ishida fuqaroviy da’vogar bo‘lgani holda, korxona manfaatlariga yetkazilgan 103 mln so‘m zararni qayta hisoblab, tanishlari orqali 34 mln so‘mga kamaytirib berganligini aytgan.
Ushbu “xizmat”i evaziga mansabdor shaxs fuqarodan 17 mln so‘m talab qilib, pullarni turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.