Shu ma’noda, zamonaviy dunyoda sarmoya uchun raqobat oddiy kapital jalb qilish kurashi emas, balki ishonchli muhit va samarali institutlar yaratish raqobatiga aylandi. O‘zbekiston ham aynan shu tamoyildan kelib chiqib, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, xorijiy sarmoya uchun qulay va ishonchli muhit shakllantirish yo‘lidan bormoqda.

So‘nggi besh yilda yurtimiz iqtisodiyotiga 123 milliard dollar investitsiya jalb etilgani amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro ishonch ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Endi ushbu ishonchni yanada mustahkamlaydigan yangi huquqiy va institutsional mexanizmlarni hayotga tatbiq etish muhim bo‘lib bormoqda. “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ana shu yo‘ldagi muhim strategik qadamlardan biri bo‘ldi.

Ishonch — kapitalning eng katta kafolati

— Bu qonun O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish va yangi turdagi inves-titsiyalarni jalb qilish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratadi. Eng muhimi, mamlakatimiz Markaziy Osiyoning yetakchi moliyaviy markazlaridan biriga aylanishi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

Bu esa yuqori malakali ish o‘rinlari, yangi bilim va xalqaro hamkorlik deganidir, — deydi Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘ofurov.

Mazkur maqsadga erishishda Toshkent xalqaro moliya markazining vazifalari keng qamrovli bo‘ladi. Markaz bank xizmatlari, investitsiya faoliyati, aktivlarni boshqarish, sug‘urta, islom moliyasi, raqamli aktivlar va boshqa zamonaviy moliyaviy yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani shakllantiradi. Natijada mamlakatga xorijiy kapital bilan birga yangi moliyaviy bilimlar, ilg‘or tajriba va zamonaviy biznes madaniyati ham kirib keladi.

Toshkent xalqaro moliya markazining eng muhim jihati — investorlar uchun xalqaro amaliyotga mos, ishonchli huquqiy muhit yaratishidir. Chunki bugungi kunda global kapital uchun asosiy mezon faqat daromad hajmi bilan cheklanmaydi. Sarmoyaning himoyalangani, huquqiy kafolatlarning barqarorligi va nizolarni hal qilish mexanizmlarining aniqligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda markaz hududida Angliya va Uels huquqi tamoyillariga asoslangan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Xalqaro investorlar uchun tanish va tushunarli huquqiy mexanizmlarning shakllanishi shartnomalar tuzish, investitsiya kiritish, biznes yuritish va mulkiy huquqlarni himoya qilish jarayonlarini jahon standartlariga yaqinlashtiradi.

Tizimning muhim bo‘g‘ini — Toshkent xalqaro tijorat sudi. Milliy sud tizimidan alohida faoliyat yuritadigan ushbu sudda ish yuritish ingliz tilida amalga oshiriladi. Sud qarorlarining O‘zbekiston hududida tan olinishi va ijro etilishi investorlar uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi, mamlakatda xalqaro huquq amaliyoti va zamonaviy biznes muhitining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, markazga xalqaro moliya ins¬titutlari bilan hamkorlik qilish, ularning litsenziyalari va rezidentlarini tan olish, zamonaviy axborot tizimlarini integratsiya qilish kabi muhim vakolatlar berilmoqda. Natijada Toshkentning global moliyaviy infratuzilmadagi o‘rni mustahkamlanib, mamlakatning xalqaro kapital bozori bilan aloqalari kengayadi.

Maxsus huquqiy rejimga ehtiyoj zamonaviy kapital harakatining o‘ziga xos xusu-siyatlari bilan bog‘liq. Yirik investorlar o‘z faoliyati uchun aniq qoidalar, barqaror institutlar va xalqaro tajribaga mos huquqiy muhitni izlaydi. Dunyodagi nufuzli moliya markazlari tajribasi ham ishonch¬li institutlar mavjud hududlar uzoq muddatli sarmoyalar uchun jozibador yo‘nalishga aylanishini ko‘rsatadi.

Shu nuqtayi nazardan, Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekistonning investitsiya siyosatida yangi bosqichni ifodalaydi. Uning asosiy ahamiyati ishonch muhitini shakllantirish, xalqaro standartlarni joriy etish va mamlakat iqtisodiyotini global moliya tizimi bilan yanada chuqur bog‘lashdan iborat.

Dunyo tajribasi nimani ko‘rsatmoqda?

Xalqaro moliya markazlari oddiy banklar yoki investitsiya kompaniyalari jamlangan hudud emas. Ular global kapital harakatini boshqaradigan, investitsiya oqimlarini yo‘naltiradigan va mamlakatlarning iqtisodiy raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik platformalar hisoblanadi. Bugun transchegaraviy investitsiyalarning salmoqli qismi aynan ana shunday markazlar orqali jamlanadi va qayta taqsimlanadi. Shu bois, rivojlangan davlatlar uchun xalqaro moliya markazini barpo etish iqtisodiy emas, balki strategik taraqqiyot masalasiga aylangan.

Buning yorqin misolini London tajribasida ko‘rish mumkin. Asrlar davomida shakllangan moliyaviy infratuzilma, mus¬tahkam huquqiy tizim va investorlar ishonchini qozongan institutlar tufayli London xalqaro moliya markazi Buyuk Britaniya iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biriga aylangan. Bugun ushbu markaz mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb

12 foizini, London shahri iqtisodiyotining esa 27 foizini shakl¬lantiradi. Moliyaviy xizmatlar eksporti orqali mamlakat iqtisodiyotiga har yili 88 milliard dollardan ortiq daromad keltiriladi hamda davlat soliq tushumlarining qariyb 12 foizi aynan ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar moliya markazining ¬butun mamlakat iqtisodiy ¬o‘sishining drayveriga aylanganini anglatadi.

Yevropaning yana bir yirik moliyaviy markazi — Frankfurt ham bu borada o‘ziga xos tajribaga ega. Mazkur markaz har yili Germaniya iqtisodiyotiga qariyb 100 milliard dollar miqdoridagi kapital oqimini jalb qiladi. Buning natijasida o‘n minglab yuqori malakali ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirning o‘zida 70 mingdan ziyod kishi aynan moliya markazi faoliyati bilan bog‘liq sohalarda mehnat qilayotir. Keltirilgan raqamlar bilim, innovatsiya va yuqori malakali inson kapitali uchun ham muhim platforma ekanini tasdiqlaydi.

Ushbu misollardan ko‘rinadiki, xalqaro moliya markazlarining qiymati faqat jalb qilingan investitsiyalar hajmi bilan o‘lchanmaydi. Ular yuqori malakali kadrlarni tarbiyalaydi, innovatsiyalarni rag‘batlantiradi, zamonaviy huquqiy madaniyatni qaror toptiradi va mamlakatning xalqaro iqtisodiy nufuzini mustahkamlaydi. Eng muhimi, ular iqtisodiyotni tashqi xatarlarga nisbatan barqaror qiladigan yangi o‘sish nuqtalarini yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ham shunchaki yana bir iqtisodiy loyiha emas. Bu O‘zbekistonning global kapital harakatida faol ishtirok etish, mintaqada moliyaviy xizmatlar eksportini kengaytirish va mamlakatni xalqaro investitsiyalar uchun ishonchli manzilga aylantirishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan strategik qarordir. Agar xalqaro tajribada sinovdan o‘tgan institutlar va huquqiy mexanizmlar samarali ishlasa, kelgusida Toshkent ham Markaziy Osiyoning yirik moliyaviy markazlaridan biri sifatida shakllanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Toshkentning yangi iqtisodiy missiyasi

Xalqaro ekspertlar ham ushbu ¬xalqaro moliya markazining tashkil etilishini - O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim burilish nuqtasi sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, mazkur tashabbus mamlakatning global moliya tizimiga integratsiyalashuvini jadallashtirish, xususiy kapital oqimini kengaytirish hamda xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

— Qanday tarixiy lahza! Yillar o‘tib, “O‘zbekistonning iqtisodiy o‘zgarishi aynan qachon jadallashgan edi?” degan savol tug‘ilsa, ko‘pchilik aynan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingan kunni eslaydi. Bu hujjat nafaqat huquqiy asos, balki investorlar uchun ishonch muhitini shakllantiradigan muhim poydevordir, — deydi “Frankfurt Main Finance” moliya markazi boshqaruv direktori Xubertus Vet.

Ekspertning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatli xalqaro moliya markazi faqat kapitalni emas, balki bilim, texnologiya, xalqaro tajriba va yuqori malakali kadrlarni ham jalb qiladi. Natijada mahalliy biznesning global investorlar bilan hamkorlik imkoniyatlari kengayadi, moliyaviy resurslarga kirish osonlashadi va iqtisodiyotning raqobatbardoshligi yanada ortadi.

Frankfurt moliya markazi rahbarining ushbu fikrlari xalqaro ekspertlar ham O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lini ijobiy baholayotganini ko‘rsatadi. Mazkur munosabat mamlakatimizda shakllantirilayotgan huquqiy va institutsional muhit nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro darajada ham e’tirof etilayotganining muhim ifodasidir.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga qadar Toshkent xalqaro moliya markazi orqali mamlakat iqtisodiyotiga 20-25 milliard dollar miqdorida inves-titsiya jalb etilishi kutilmoqda. Jarayon yalpi ichki mahsulot o‘sishining muhim omil¬laridan biriga aylanishi, iqtisodiyotda yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirishi mumkin. Shu bilan birga, har yili moliya, huquq, texnologiya va menejment kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarda 15 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilishi, 10 ming nafar mahalliy mutaxassisning xalqaro standartlar asosida malaka oshirishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, mamlakatning xalqaro kredit reytingi yaxshilanib, tashqi moliya bozorlaridan mablag‘ jalb qilish qiymati pasayishi davlat va xususiy sektor uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Toshkent xalqaro moliya markazining ahamiyatini faqat jalb etiladigan investitsiyalar hajmi yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan baholab bo‘lmaydi. Markazning asosiy qiymati O‘zbekiston iqtisodiyotida zamonaviy institutsional muhitni shakllantirishi, huquq ustuvorligi, shaffoflik va xalqaro ishonch tamoyillarini mustahkamlashi bilan belgilanadi. Chunki bugungi global raqobat sharoitida davlatlarning ustunligi nafaqat resurslari, balki ishonchli institutlari va samarali boshqaruv tizimi bilan o‘lchanadi.

O‘zbekiston tanlagan yo‘l aynan shu tamoyillarga asoslanadi. Toshkent xalqaro moliya markazi mamlakatning global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvini tezlashtiradigan, mintaqada yangi moliyaviy ekotizimni shakllantirishga xizmat qiladigan strategik institutga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Albatta, markazning haqiqiy samarasi uning huquqiy asoslari amaliyotda qay darajada ishlashiga bog‘liq. Sud mustaqilligi, regulyator faoliyatining xolisligi, investorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishi va belgilangan qoidalarning izchil qo‘llanilishi asosiy mezon bo‘lib qoladi.

Tajriba shuni ko‘rsatadiki, nufuzli moliya markazlari faqat zamonaviy infratuzilma orqali emas, avvalo, ishonch muhiti orqali shakllanadi. Ana shu ishonch mustahkamlangan taqdirda, Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekiston iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtasiga, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro moliya maydonidagi o‘rnini belgilaydigan muhim institutga aylanishi mumkin.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri