Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda Sergeli tumanida katta oʻzgarishlar amalga oshganini taʼkidladi. Yaqin-yaqingacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida aholi ishlash, daromad topish, dam olish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi.

Bugun esa tumanda muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan oʻzgardi. Soʻnggi oʻn yilda bu yerda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr boʻlgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo qilindi.

Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga koʻpaydi. Tumanda shakllangan budjet tushumlari 382 milliard soʻmdan 2 trillion 200 milliard soʻmga, yaʼni 5,5 barobar oshdi. Aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bogʻlari ishga tushirildi.

Toshkent viloyatidan oʻtgan 13 ta mahalla hisobidan Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Tumanni boshqa hududlar va shahar markazi bilan bogʻlaydigan 9 kilometrlik yoʻl, 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi.

Maktab oʻrinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bogʻcha oʻrinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga koʻpaydi. 50 ta davlat va xususiy klinika ochildi.

Shu bilan birga, transport, yoʻl, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha yechimini kutayotgan masalalar hali koʻpligi taʼkidlandi.

Aholini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha dastlabki natijalar Sergeli tumanidagi real vaziyatni aniq koʻrsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan boʻlsa, xatlov natijasiga koʻra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani maʼlum boʻldi. Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda.

Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bogʻcha, maktab, poliklinika va ish oʻrinlarini aholi oʻsishiga mos ravishda koʻpaytirish boʻyicha hozirdan aniq reja va dastur boʻlishi zarurligi bildirildi.

Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard soʻm, banklar orqali 2 trillion 200 milliard soʻm resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablagʻlarni samarali ishlatib, qoʻshilgan qiymatni 2-3 karra oshirish boʻyicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda poytaxt tumanlari jami 9 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining oʻziga oʻtgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish hamda investitsiya, sanoat, ish oʻrni, eksport va budjet tushumi koʻrsatkichlarini loyiha qilgan tumanning oʻziga yozish tizimini joriy etish topshirildi.

Yigʻilishda yer ustidan oʻtgan metro yoʻnalishi ostida savdo va servis obyektlarini tashkil etish tajribasi ham koʻrib chiqildi. Bunda davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab beradi, qolganini tadbirkorlar amalga oshiradi.

Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo-servis obyekti, 1-1,5 mingta ish oʻrni yaratiladi, tuman budjetiga 20-25 milliard soʻm qoʻshimcha tushum tushadi.

Umuman, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan oʻtgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish oʻrni yaratishi mumkin.

Yerlarni qurilishga ruxsat, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va loyihasi bilan birga tayyor paket shaklida auksionga chiqarish boʻyicha Sergelida yangi tajriba boshlandi. Davlatimiz rahbari mazkur tajribani nafaqat yer uchastkalari, balki sotuvga qoʻyilayotgan davlat obyektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish zarurligini taʼkidladi.

Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qoʻshilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon bor, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Lekin bu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini toʻliq his qilgani yoʻq.

Mazkur mahallalarda yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun oʻrnatilib, kabel tortilgan. Ammo tizim hali ishga tushmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga oʻn kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirildi. Shuningdek, yil yakunigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmogʻiga toʻliq ulash vazifasi qoʻyildi.

Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlarning soni oshgani sababli elektr energiyasiga yillik talab besh yilda 40 foizga koʻpaydi. Ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi meʼyordan 1,5-2 barobar pastligi qayd etildi.

“Shaharoldi”, “Oʻzgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 milliard soʻm ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholiga kafolatli elektr taʼminotini yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Umuman, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga oʻtgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yoʻl boʻyicha birorta hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi taʼkidlandi.

Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badboʻy hiddir. Mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini oʻrnatib, mazkur muammoni bartaraf etish topshirildi.

Kelgusi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr boʻlgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.

Joriy yil aholiga qulaylik yaratish maqsadida Sergelining asosiy 23 kilometr yoʻlida harakat xavfsizligi qayta koʻrib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor oʻrnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanib, 10 ming oʻrinli avtoturargoh tashkil qilinadi.

Kelasi yil Yangi Sergeli koʻchasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yoʻlak qurish rejalashtirilgan. Bu yoʻlak Shota Rustaveli koʻchasi bilan bogʻlanadi. Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bogʻlaydigan Toshkent halqa yoʻlidagi yangi koʻprik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.

Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Ularning koʻpchiligi tarixiy obidalar, istirohat bogʻlari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borib, xotirjam sayr qilishni istaydi.

Buning uchun yoʻl koʻrsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini koʻrsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirildi.

Shuningdek, poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning oʻzida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qoʻyildi. Chiqindi qutilarini keskin koʻpaytirish boʻyicha ham choralar koʻriladi.

Sergelidagi ayrim maktablar quvvatidan 1,5-2 karra yuqori yuklamada ishlamoqda. Yigʻilishda maktablarda oʻquvchi oʻrnini 2 karra koʻpaytirish imkonini beradigan yangi tipdagi maktablar qurish loyihasi taklif qilindi.

Yangi loyihaga koʻra, sport zali, oshxona va ustaxona yertoʻlada joylashadi, yuqori qavatlardan esa sinfxonalar sifatida foydalaniladi. Bu yil Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bogʻchada ushbu yondashuvni joriy etib, “poytaxt tajribasi”ni yaratish topshirildi.

Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sunʼiy koʻl barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergelida – Qoʻshqoʻrgʻon, Sultonobod va Farogʻatli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi.

Ushbu koʻllarni poytaxt iqlimini moʻtadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan maskanlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, “Joʻn” kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan oʻtgan 5 kilometr qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. Sergeli va Yangihayot tumanlari hokimlariga yil yakunigacha kanal boʻyida sayilgoh va salomatlik yoʻlagini tashkil etish topshirildi.

Yigʻilishda mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha poytaxt namunasini yaratish masalasi ham koʻrib chiqildi. Poytaxt tumanlariga respublika rahbarlari biriktirilgani oʻz natijasini berayotgani taʼkidlandi.

Olti oyda oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar kamaydi. 230 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi, 332 ta mahallada jinoyat keskin qisqardi. Kriminogen vaziyati tashvishli mahallalar soni 60 tadan 23 taga tushdi. Bu shaharda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi yondashuvlar samara berayotganini koʻrsatmoqda.

Sergeli tumanida ham xavfsiz muhit yaratish boʻyicha ijobiy natijalar qayd etildi. Kriminogen vaziyati ogʻir deb baholangan 29 ta mahalla “yashil” toifaga oʻtdi. 17 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi. Sergeli bu borada Toshkent shahri tumanlari orasida eng yaxshi natijalardan birini koʻrsatdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzgarish mahallasidagi profilaktika ishlari boʻyicha tajribani ommalashtirish, tumandagi qolgan 46 ta mahallani “yashil” toifaga oʻtkazish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Yigʻilishda hokimlar va masʼullarning axboroti tinglandi.