Ma’lum qilinishiсha, maxsus komissiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 25 martdagi 108-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 apreldagi 162-son qarori asosida olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, kuz-qish mavsumida ayrim issiqxonalar sun’iy isitish uchun koʻmir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilgʻi turlaridan foydalangan. Bu esa atmosfera havosiga zararli moddalarining me’yordan ortiq chiqishiga sabab boʻlib, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sir koʻrsatgan. Shu munosabat bilan fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushgan.

Avvalroq oʻtkazilgan reydlar davomida zararli yoqilgʻidan foydalangan issiqxonalarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan va havoni ifloslantiruvchi manbalar bartaraf etilgani qayd etildi.

Hukumat qarorlariga muvofiq, issiqxona xoʻjaliklarini iqlim sharoiti qulayroq boʻlgan hududlarga koʻchirish, tadbirkorlarni isitish tizimi bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlardan xalos etish hamda aholini kuz-qish mavsumida meva-sabzavot mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash koʻzda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 162-son qaroriga asosan, faoliyatini toʻxtatib, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga koʻchadigan issiqxona egalariга qator imtiyozlar beriladi.

Jumladan, xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamgʻarmalar, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda tijorat banklari hisobidan olingan kreditlarni qaytarish muddati 5 yilgacha uzaytiriladi va 3 yilgacha imtiyozli davr belgilanadi. Ilgari taqdim etilgan davlat kafolatlari hamda foiz xarajatlarini qoplash boʻyicha kompensatsiyalar saqlab qolinadi.

Shuningdek, 2028 yil 1 aprelgacha «Surxon-Agro» hududiga koʻchiriladigan issiqxonalarni demontaj qilish, tashish va qayta oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar har bir sotix yer maydoni uchun 500 ming soʻmgacha boʻlgan miqdorda bir marta qoplab beriladi.

Ayni paytda Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarga issiqxonalarni «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga koʻchirish tartibi, taqdim etiladigan imtiyozlar va boshqa shartlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan soʻng issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uzilib, amaldagi shartnomalar bekor qilinadi.