Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, joriy yilning 19 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli maktabda voyaga yetmagan, 2010 yilda tug‘ilgan o‘quvchi R.R. hamda mazkur ta’lim muassasasi o‘qituvchisi, 2002 yilda tug‘ilgan Z.O. o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan.

Aniqlanishicha, o‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmani bajarmagan va dars mashg‘ulotlarining o‘tilishiga halaqit bergan. Oqibatda ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan va o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan.

Jabrlanuvchi tibbiy yordam so‘rab shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘qituvchi Z.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.