Ushbu holatni oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish ayni paytda dolzarb vazifalardan. Chunki keyingi paytlarda aholining yosh qatlami bevosita tarmoqlardagi kayfiyat, muloqot taʼsirida voyaga yetmoqda. Afsuski, oʻsmirlarning qoʻlidagi telefonni nazorat qilish mushkul boʻlib qoldi.
Shunday paytda ularga taqiq emas, internetdan foydalanish madaniyatini oʻrgatish bilan vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartirish mumkin. Biroq bizda hali ham internetdan foydalanish madaniyati toʻla shakllanib ulgurmagan. Xususan, ayniqsa, yoshlar orasida kibermakonda tez-tez uchraydigan kiberbulling holati koʻpchilikni xavotirga solayotgan masalalardan boʻlib turibdi. YUNESKO tadqiqotlariga koʻra, dunyodagi oʻquvchilarning qariyb 32 foizi turli shakldagi bullingga duch kelgan, shundan 15-20 foizi kiberbulling qurboni boʻlgan.
Jahon boʻylab ijtimoiy tarmoqlarda oʻsmirlarning tajovuzkor xatti-harakatlari, jumladan, kiberbulling boʻyicha yuz berayotgan holatlar soni ortmoqda. Pew Research Center maʼlumotlariga koʻra, oʻsmirlarning 59 foizi kamida bir marta onlayn haqorat yoki bosimga duch kelgan. JST maʼlumotlari esa kiberbulling qurbonlarida depressiya rivojlanishi xavfi ikki barobar yuqori ekani, oʻz joniga qasd qilish ehtimoli sezilarli darajada ortishini koʻrsatadi.
Virtual tajovuzning turli variantlari mavjud. Ogʻzaki zoʻravonlik, doʻq-poʻpisa, kamsitish yoki boshqa foydalanuvchiga nisbatan masxara, haqorat yoki tahdid shular jumla sidan. Bir guruh odamlarning yozishmalar orqali shaxsni qabul qilmaslik, rad etish va u bilan muloqot qilishni istamaslik holati guruh zoʻravonligidir. Bunga kichik misol — guruhni tanlash yoki boshqalar bilan birga muloqotga qoʻshilish istagiga qaramay, ishtirokchini umumiy suhbatdan majburan chetlatib yuborish. Boshqa shaxslarning foto va videomateriallarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish hamda tarqatish maqsadida ruxsatsiz foydalanish vizual zoʻravonlik deb ataladi.
Olimlar Tvitter, yaʼni X platformasidagi oʻsmirlarning kibertajovuzkorligini tahlil qildi. Natijalar tajovuzkorlarni tavsiflash va aniqlash qiyinroq ekanini koʻrsatdi. Chunki ular oddiy foydalanuvchilar kabi eʼtiborni jalb qilmay, oʻzini juda sipo tutishi mumkin, lekin ayni paytda kiberbullingdan foydalanishga qodir. Bunday holatda agressiya kiberbullingdan tizimli emasligi bilan farq qiladi. Shuning uchun koʻpincha unga jiddiy zarar keltiruvchi sabab sifatida qaralmaydi. Biroq bu jabrlanuvchining psixologik toʻkisligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi va takroriy onlayn taʼqiblar bilan bir xil oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kiberbullingning oʻziga xosligi va ortib borayotgan xavfi shundaki, anonimlik, yaʼni shaxsini yashirgani tufayli tajovuzkor jazosiz qolishi va harakatlari uchun oʻzini aybdor his qilmasligi mumkin. Jabrlanuvchi esa muntazam tashvish va qoʻrquvni his qiladi. Kiberbullingning keng tarqalgan shakllariga qoʻrqitish yoki muntazam yuborilgan haqoratli xabarlar kiradi. Boshqa birovning shaxsiy maʼlumotlarini roziligisiz oshkor etish, boshqa foydalanuvchining obroʻsiga putur yetkazish maqsadida uni kamsituvchi maʼlumotlarni tarqatish yoki chop etish, koʻpincha boshqa foydalanuvchiga qaratilgan tahdidlar bilan birga kibertaʼqib qilish, trolling yoki masxaralash, haqoratlash va odobsiz soʻzlarni ishlatish orqali bulling qurboniga taʼsir koʻrsatadi.
Aksariyat hollarda xulq-atvori tajovuzkor oʻsmirlar kiberhujum qurbonlaridan kam boʻlmagan darajada yordamga muhtoj. Rossiyalik tadqiqotchilar har xil darajadagi kiberbulling xavfi ostida boʻlgan oʻsmirlarning turli darajali holatini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, ularning aksariyati uchun tashqaridan yordam soʻrash odatiy hol emas va paydo boʻladigan xavflarni mustaqil yengish qobiliyati intensiv foydalanish bilan bogʻliq. Bundan tashqari, AQSHlik oʻsmirlar orasida onlayn bezorilik tarqalishini tizimli koʻrib chiqish maqsadida oʻtkazilgan 32 ta tadqiqot natijasida mamlakatda kiberbullingning tarqalishi 1 dan 41 foizgacha oʻzgarib turishi maʼlum boʻldi. Shu bilan birga, qurbon boʻlish xavfi 72 foizgacha, tajovuzkor pozitsiyasini egallash esa 16,7 foizgacha yetishi mumkin. 2019-yilda Rossiyada yosh foydalanuvchilarning qariyb 70 foizi kiberbullingdan aziyat chekayotgani, 44,3 foizi esa boshqa odamlarga nisbatan kiberbullingdan foydalanishi qayd etilgan.
Bu oʻsmirlarni kiberbullingga nima undaydi degan savol bugun aksariyat tadqiqotchilar, oʻqituvchilar va ota-onalarni birday qiziqtirayotgani tabiiy. Oʻrganishlarga koʻra, oʻsmirning oʻtmishda tahqirlangani uchun qasos olishga intilishidir. Tengdoshlarining bosimi ham oʻquvchilarni onlayn bezorilikka undashi mumkin. Chunki ular oʻzi uchun obroʻli shaxs sifatida harakat qiladigan doʻstlar guruhiga moslashishga intiladi.
Baʼzi tadqiqotlarga koʻra, kiberbulling qurboni boʻlish ehtimoli ayollar orasida yuqori. Internetda koʻp vaqt oʻtkazadigan va onlayn xavfli xatti-harakatlarga jalb qilingan, shuningdek, anʼanaviy maktab bezoriligi qurboni boʻlganlar aksariyat hollarda qizlardir.
Oʻsmir bolalar kiberbullingga koʻproq moyil boʻladi. Qizlardan farqli oʻlaroq, ular oʻsmirlik davrida tajovuzkor zoʻravonlikni boshdan kechiradi va bu haqda ota-onalarga yoki oʻqituvchilarga kamroq xabar beriladi.
Kiberbulling bolalar va oʻsmirlarning psixologik toʻkisligiga sezilarli taʼsir koʻrsatsa-da, bu taʼsirni kamaytiradigan qator omillar mavjud. Birinchi navbatda, oilaviy munosabatlardan qoniqish hissi kiberbulling qurbonlarining oʻz joniga qasd qilish niyatini kamaytiradi. Bunday xavfni kamaytiradigan yana bir omil maktabdagi muhitning nazorat qilinishi va tartibga solinishidir. Shuningdek, kiberbullingning oldini olishdagi asosiy yoʻnalishlar sifatida internet platformalarining xavfsizlik darajasini oshirish, bolalar va ota-onalarni internetda adekvat xatti-harakatlarga oʻrgatish kabi mezonlar muhim.
Baʼzi ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarda maxfiylik sozlamalarini oʻrnatish imkoniyati mavjud. Bu esa foydalanuvchilarga salbiy sharhlardan qutulish va huquqbuzarlarni bloklash imkonini beradi. Shu bilan birga, tarmoq maʼmuriyatiga yozish yoki zoʻravonlik holatlari haqida xabar berish mumkin.
Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sayin bizning jamiyatga ham kiberbulling xavfi ortib bormoqda. Maktablarda oʻsmirlarning tajovuzkor xatti-harakatlarining oldini olish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilishi lozim. Pedagoglarning psixologik kompetensiyasini oshirish va voyaga yetmaganlarning tengdoshlari bilan munosabatlaridagi psixologik muammolarni bartaraf etish zarur. Virtual zoʻravonlikdan aziyat chekkanlar bilan individual va guruhli psixoterapiya usullari orqali shugʻullanish tavsiya etiladi.
Kiberbulling va anʼanaviy maktab zoʻravonligining oʻzaro bogʻliqligi dolzarb masaladir. Bezorilikning bu turlaridagi odatiy ketma-ketlik va rivojlanish qay holatda ekani, muloqotning qanday shakllaridan foydalanilishi va ularni bezorilik jarayoni ishtirokchilari qanday qabul qilishini aniqlash virtual hamda real tajovuzning tuzilishi va dinamikasini aniqlashga yordam beradi.
Kamoliddin TOʻRAYEV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent