Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 11 iyun kuni Istanbul shahridagi Shimoliy Marmara avtomagistralida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi A.H., uning turkiyalik turmush o‘rtog‘i hamda ikki oylik farzandi halok bo‘ldi.
12 iyun kuni esa Istanbulning Tuzla tumanida yuz bergan yana bir yo‘l-transport hodisasi natijasida 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.M. og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi.
Shuningdek, uzoq vaqtdan buyon onkologik kasallik bilan kurashib kelgan 58 yoshli vatandoshimiz ham Istanbuldagi shifoxonalardan birida hayotdan ko‘z yumdi.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik va ta’ziya bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, konsulxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda marhumlarning jasadlarini Vatanga yuborish hamda boshqa zarur tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha tegishli konsullik yordami ko‘rsatilmoqda.