Milliy va diniy qadriyatlarimiz bilan bogʻliq ayyomlar — muborak Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami keng miqyosda nishonlandi. Ushbu bayramlar xalqimiz uchun nafaqat diniy, balki madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ham ega.

Ramazon hayiti va Navroʻz kunlarida halollik, hamjihatlik, yaxshi amallar qilish, ehtiyojmandlarga yordam berish, mehr-oqibat kabi qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etdi. Shu nuqtayi nazardan aytganda, keyingi ­yillarda maʼnaviy hayotimiz yuksak pogʻonaga koʻtarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga eʼtibor tobora ortib borayotir.

Jumladan, davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilgani xalqimiz uchun chinakam ulkan maʼnaviy hodisa boʻldi. Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho maʼnaviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-maʼrifat anʼanalarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilm, maʼrifat, ezgulik va komillikka chorlab keladi.

Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi Oʻzbekistonning madaniy va ­intellektual diplomatiyasida muhim bosqich sifatida mamlakatni bilim, bagʻrikenglik va muloqot markazi sifatida namoyon qilishga qaratilgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarni aks ettiradi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan loyiha BMT Bosh Assambleyasida taqdim etilganidan soʻng mintaqadagi eng yirik madaniy tashabbuslardan biriga aylandi.

Xastimom meʼmoriy majmuasiga yondosh joylashgan ushbu markaz oddiy muzey emas. U tadqiqot, taʼlim, konservatsiya va jamoat­chilik bilan muloqotni qamrab olgan koʻp funksiyali platformadir. Markazning arxitekturasi va ekspozitsiyalari islom sivilizatsiyasining Oltin asri bilan Yangi Oʻzbekis­ton gʻoyasini uygʻunlashtirib, intellektual va maʼnaviy anʼanalarning uzviy davomiyligini ifoda etadi.

Markazning yuragi Qurʼon zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy nusxalardan biri — Usmon Musʼhafi saqlanadi. Shuning­dek, islom ilmi va xattotlik sanʼatining rivoj­lanishini koʻrsatuvchi noyob toʻplam taqdim etilgan. Ushbu bebaho durdonaning ahamiyati milliy chegaralardan ancha keng. U islomni bilim, insonparvarlik va ilmiy taraqqiyot manbai sifatida qayta talqin qiladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalararo koʻprik sifatidagi tarixiy oʻrnini tiklaydi. Inklyuzivlik va muloqotga asoslangan zamonaviy madaniy diplomatiya modelini namoyon etadi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekis­tonning kengroq mintaqaviy va global strategiyasini ham aks ettiradi. Madaniyat, taʼlim va xalqaro hamkorlikning asosiy ustunlariga aylanmoqda. ICESCO, IRCICA, Islom hamkorlik tashkiloti va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi nufuzli tashkilotlar markazda faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Bu esa uni global tadqiqot va madaniyatlararo muloqot markaziga aylantiradi.

Bu joy oddiy madaniy muassasa emas, balki strategik va sivilizatsion ahamiyatga ega loyiha. Oʻzbekistonning islom va insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini dunyo miqyosida qayta namoyon etadi. Zaminimiz asrlar davomida jahon tamaddunining muhim markazlaridan biri sifatida islom madaniyati va ilm-fani rivojida beqiyos oʻrin tutib kelgan. Buyuk mutafakkirlar, alloma va muhaddislar yetishib chiqqan bu tuproqda boy maʼnaviy meros shakllangan. Ana shu ulkan merosni asrab-avaylash, chuqur oʻrganish va keng jamoat­chilikka yetkazish maqsadida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida ­namoyon boʻlmoqda.

Geosiyosiy beqarorlik va iqtisodiy muammolar yuz berayotgan pallada Oʻzbekiston oʻzining madaniy va strategik taʼsirini kuchaytirish orqali muhim qadam tashladi. Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning boy tarixiy merosi va butun Yevroosiyo boʻylab islomiy intellektual va madaniy anʼanalarni shakllantirishdagi mavqeini namoyish etadigan muhim loyihaga aylanmoqda. Shiddatli texnologik oʻzgarishlar va global keskinlik­lar davrida ushbu markaz, avvalo, musulmon dunyosida konstruktiv muloqot maydoni boʻlib, Markaziy Osiyoning bagʻrikeng, maʼrifatli islom modelini ilgari surish uchun keng imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, mamlakatning islom sivilizatsiyasi merosini targʻib qilish Oʻzbekistonning Yevroosiyo markazini Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan bogʻlaydigan madaniy va diplomatik koʻprik sifatidagi oʻrnini mus­tahkamlaydi, mintaqaviy aloqalar rivojiga hissa qoʻshadi.

Markaz madaniy vazifadan tashqari, radikallashuvga qarshi kurashish, inklyuziv islomni targʻib qilish, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro tinchlik asosidagi meʼyorlarni targʻib qilish uchun faol platformaga aylanadi. U tarixiy meros mamlakatning strategik taʼsirini kuchaytiruvchi vositaga aylanishi mumkinligini namoyish etmoqda. Yangi inshootning ochilishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi oshib borayotgani, dunyoda ishonchli hamkor sifatidagi roli ortayotganini ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga, mamlakatimiz geografik markazlashuvi, demografik salohiyati va islohotlar kun tartibidan iqtisodiy ochiqlik, mintaqaviy xavfsizlik va madaniy yetakchilikni ilgari surish uchun foydalanmoqda.

Yangi majmua bugun musulmon Sharqida yana bir Renessans boshlanayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston hozirga qadar Birinchi va Ikkinchi Renessansga beshik boʻlgan tabarruk zamin. Shu bois, dunyoning istalgan burchagida islom haqida soʻz ketganda, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Termiziy birinchi galda tilga olinadi. Bu ­oʻlkaning ilm-maʼrifat tarixidagi tamal toshi, shubhasiz, mustahkam.

Muhtasham majmua qadimiy va milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida qurilgan. Unga toʻrt tomondan toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi oyatlar hamda hadislar bilan bezatilgan.

Ichkarisida esa eng zamonaviy texnologiya keng qoʻllangan. Virtual va kengaytirilgan reallik, sunʼiy intellekt hamda gologramma yordamida qadimiy qoʻlyozmalar “jonlantiriladi”, tarixiy ilmiy muhit raqamli shaklda qayta tiklanadi. Tomoshabin bevosita jarayon ishtirokchisiga aylanadi, buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilib, ilmiy tajriba muhitini his etadi. Yosh avlodga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “1001 ixtiro” laboratoriyasi orqali bolalarda ilm-fan, texnika va muhandislikka barvaqt qiziqish uygʻotish maqsad qilingan. Bu ham kelajak avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majmua faqat koʻrgazma maydoni emas, balki yirik ilmiy-taʼlim maskani hamdir. Bu yerda ulkan kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va zamonaviy raqamli arxiv faoliyat yuritadi. Hududda qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari joylashgani xalqaro ilmiy markaz ahamiyatini yanada oshiradi. Umuman, majmuani Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy-ilmiy loyihalardan biri sifatida ­baholash mumkin. Shu sababli dunyo ekspertlari va mutaxassislari markazni islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini zamonaviy texnologiya orqali jahonga taqdim etuvchi yangi platforma deb atayapti. Ayni vaqtda koʻpchilik uni madaniy diplomatiya va turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi strategik obyekt sifatida taʼriflamoqda.

Eʼtiborlisi, loyiha ustida 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etgan. Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz davrida Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi ilm-fan markazlaridan biriga aylantirgan muassasalar anʼanasini davom ettirgan Xorazmdagi Maʼmun akademiyasi yoki Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi kabi boy intellektual merosni qayta tiklash va oʻrganishda muhim maskan vazifasini oʻtashi kutilmoqda. Bu holat Toshkent shunchaki yangi muzeyni taqdim etmayotgani, balki oʻzining ilm-fan chorrahasi sifatidagi tarixiy maqomini qayta tiklashga urinayotganini koʻrsatmoqda. Markazning BMT Sivilizatsiyalar alyansi bilan imzolagan memorandumi esa uning global miqyosdagi maʼrifiy va gumanitar ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxona fondini boyitish ishlari davlat darajasidagi strategik vazifa sifatida amalga oshirilmoqda. Markaz jamoasi buyuk allomalarimizning dunyo boʻylab sochilib ketgan ilmiy merosini qaytarish ustida tinimsiz ishlamoqda. Bugun kutubxona fondi qator manbalar hisobiga muntazam kengaymoqda. Xususan, ­dunyoning eng yirik kitob va sanʼat auksionlarida sotuvga qoʻyilgan qoʻlyozma va toshbosma asarlar xarid qilinmoqda. Yevropa, Osiyo va arab davlatlaridagi kutubxona va arxivlar bilan hamkorlik qilinib, allomalarimiz asarlarining nusxalari va ilk nashrlari olib kelinmoqda. Koʻplab kolleksionerlar va jadid­lar avlodlari oʻzida saqlanib qolgan nodir manbalarni markazga taqdim etmoqda.

Kutubxonada nafaqat jadidlar, balki Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy kabi buyuk mutafakkirlar tashkil etgan ilmiy maktablar boʻyicha ham alohida boʻlimlar mavjud. Bu yerda ularning asarlariga yozilgan sharhlar va zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning toʻplanishi Birinchi, Ikkinchi va Uchinchi Renessans oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprikni mustahkamlaydi. Bu kutubxona shunchaki kitob saqlash joyi emas, balki millatning “genetik kodi”ni asrovchi xazinadir. Jadid bobolarimiz aytganidek, “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda”.

Bugun markazda toʻplanayotgan har bir nodir qoʻlyozma va kitob Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagi uchun xizmat qiladigan ilm bulogʻidir. Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosini oʻrganish va xalqqa yetkazish bizning nafaqat qarzimiz, balki yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagiga qoʻyilgan eng katta sarmoya.

Qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi esa barcha moʻmin-musulmonlar uchun eng munosib tuhfa boʻldi. Yurtimizda rivoj­langan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod qilish uchun, eng avvalo, ilm va taʼlim degan oliy maqsad hayotga joriy etilmoqda. Zero, muqaddas islom dini insonni doimo ilmu maʼrifatga daʼvat etadi.

Imom Buxoriy majmuasi buyuk ajdodimiz nomiga munosib muhtasham ziyoratgohga aylandi. Majmuaga kirganlar allomani nafaqat ziyorat qilsin, balki u zot qoldirgan ulkan ilmiy va maʼnaviy merosni oʻrgansin deb bir goʻzal muzey ham barpo etildi. Aniqrogʻi, oddiy muzey emas, katta bir ilmiy majmua bunyod boʻldi.

Ikkala goʻzal inshoot mohiyatida ota-bobolarimizning ham islomga, ham dunyo tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasi aks etib turibdi. Ushbu ilm-maʼrifat, tinchlik va ezgulik maj­mualari mamlakatimizda yangi bir uygʻonish — Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratish gʻoyasining hayotga izchil tatbiq qilinayotganidan yana bir nishonadir. Bu obidalar xalqimizning intellektual salohiyati, maʼnaviyati yanada yuksalishi, boy merosi yanada chuqur ­oʻrganilishi va dunyo miqyosida eʼtirof etilishiga hissa qoʻshishi shubhasiz.

Qisqasi, yurtimizda fuqarolar diniy erkinligini taʼminlash, bagʻrikenglik, islom maʼrifati gʻoyasini targʻib qilish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi masjidlar, ulugʻ ajdodlarimiz nomi bilan atalayotgan majmualar barpo etilmoqda, diniy taʼlim muassasalari ochilyapti. Sohada xalqaro hamkorlik tobora rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolar tez-tez diyorimizga tashrif buyurmoqda, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Bularning barchasi yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch va oʻzgacha gʻurur bagʻishlaydi.

Bugun dunyoda tinchligi va xotirjamligini yoʻqotgan mamlakat va u yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayoti, taʼbir joiz boʻlsa, nurini yoʻqotgan, zimistonda qolganga oʻxshaydi. Bu voqealarni koʻrib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosa chiqarib, oʻzlari uchun inʼom qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashi, asrab-avaylashi lozim.

Shuning uchun ham biz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, turli gʻarazli xuruj va hamlalardan, fitna va boʻhtonlardan himoya qilish, gʻarazli va manfur kimsalarning makr va puch gʻoyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yoshlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etishni dolzarb vazifa sifatida bilmogʻimiz lozim.

Ismoil SAIFNAZAROV,

falsafa fanlari doktori, professor