Bugun Vellington shahridagi “Government House” qarorgohida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada oʻrindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat General-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.

Oʻzbekiston elchisi Yangi Zelandiyaning maori tub aholisiga xos qadimiy anʼanalar asosida tantanali ravishda kutib olindi.

Rasmiy marosim va undan keyingi suhbat chogʻida soʻnggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston – Yangi Zelandiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

General-gubernator Dame Sindi Kiro Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi. U davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilayotgan natijalarni alohida taʼkidladi.

Suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa oʻzaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, Yangi Zelandiya tomoni mamlakatlar oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni hamda boshqa sohalarda yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida General-gubernator Dame Sindi Kiro ikki tomonlama munosabatlarni bundan buyon ham mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yoʻlladi.