Dastur asosida Mexanika muhandisligi yoʻnalishida 20 nafarga yaqin oʻzbekistonlik talaba tahsil olishni boshladi.

Ayni kunlarda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi.

Safar doirasida u Xuzhou texnologiyalar universiteti Partiya qoʻmitasi kotibi Lyu Yan bilan uchrashdi. Muloqotda qoʻshma taʼlim dasturi doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, dasturda ishtirok etayotgan talabalar sonini oshirish, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga kengroq jalb etish va dual taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Feruza Madrahimovaga Xuzhou texnologiyalar universitetining faxriy professori unvoni taqdim etildi.

Shuningdek, Xuzhou texnologiyalar universiteti, XSMG sanoat kompaniyalari guruhi va Urganch davlat universiteti oʻrtasidagi qoʻshma hamkorlikning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida oʻzbekistonlik talabalarni kutib olish marosimi ham tashkil etildi.

Marosimda XSMG kompaniyalari guruhi Partiya qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari Chjen Venqing, Xuzhou texnologiyalar universiteti Partiya qoʻmitasi kotibi Lyu Yan hamda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Tadbirda taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega malakali mutaxassislar etib tayyorlash hamda xalqaro qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish masalalari taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, 2+1+1 dasturi doirasida Mexanika muhandisligi yoʻnalishida Urganch davlat universitetining 20 nafarga yaqin talabasi Xuzhou texnologiyalar universitetida tahsil olishni boshladi.