Yakshanba kuni layner Nyu-Yorkka parvoz qiladi va keyinchalik turli yo‘nalishlar bo‘ylab qatnaydi.

Uzbekistan Airways shanba kuni 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bezatilgan Boeing 787 Dreamliner (UK78706) samolyotini taqdim etdi. Bu kompaniya samolyotining maxsus livreya olgan ilk holatidir.

Taqdimot Uzbekistan Airways Technics aviatsiya ta’mirlash korxonasi angarlaridan birida bo‘lib o‘tdi. Tadbir reper Shahriyor va opera xonandasi Jenisbek Piyazov dueti bilan boshlandi. Mazkur qo‘shiq bir kun avval terma jamoani mundialga kuzatish marosimida taqdim etilgandi.

Aviakompaniya raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Umid Husanov bu kunni o‘zgacha deb atadi va o‘zbekistonliklarni tarixiy voqea bilan tabrikladi.

Havo kemasini brendlashtirish loyihasi xalqaro aviatsiya talablari va texnik standartlarga rioya qilingan holda amalga oshirildi. Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, samolyotga maxsus ramzlarni tushirish kelishuv va ruxsat olish tartib-qoidalaridan o‘tishni talab qiladi, chunki samolyot tashqi ko‘rinishidagi har qanday o‘zgarish xavfsizlik normalari, ekspluatatsiya qoidalari va havo kemasi ishlab chiqaruvchisining talablariga muvofiqligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Layner fyuzelyajining old qismida Go yozuvi tushirilgan bo‘lib, u Uzbekistan yozuvi bilan birgalikda Go Uzbekistan iborasini hosil qiladi. Shuningdek, u yerda milliy terma jamoa ramzi bo‘lgan oq bo‘ri tasvirlangan. Bo‘ri kiygan futbolkada «o‘n ikkinchi o‘yinchi»ni yoki har bir muxlisni anglatuvchi 12 raqami ko‘rsatilgan.

Fyuzelyajning orqa qismida o‘zbek tilida «Olg‘a, O‘zbekiston!» deb yozilgan. Motogondolalarda ham bo‘ri tasviri hamda «UZB2026» va «Oq bo‘rilar» degan yozuvlar tushirilgan.

Kompaniya vakillarining Gazeta'ga ma’lum qilishicha, yakshanba kuni ertalab maxsus livreyadagi «Orzu layneri» Toshkentdan Nyu-Yorkka parvoz qiladi. U nafaqat AQShga, balki boshqa yo‘nalishlarga ham parvozlarni amalga oshiradi va O‘zbekiston futbol terma jamoasi ramzlari turli mamlakatlarda ko‘riladi.

Samolyot ushbu bo‘yoq bilan navbatdagi «chek»gacha, ya’ni rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish muddatiga qadar bir necha oy davomida parvoz qiladi.

Maxsus livreyalar samolyotlarni yuzlab boshqa bortlardan ajratib turadi va ularni spotterlar uchun noyob obyektga aylantiradi.

O‘zbekistonning futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etishi sharafiga Uzbekistan Airways Go Uzbekistan shiori ostida maxsus servisli mahsulotlar kolleksiyasini ham ishlab chiqdi. Bular Nyu-York reyslaridagi yo‘lovchilar uchun brendlashtirilgan bosh suyanchiqlar va yo‘l jamlanmalari, shuningdek, bortkuzatuvchilar uchun maxsus nishonlardir.