U avtomobil yo‘llari, temiryo‘l va aviatsiyadagi kamchiliklar, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoit, chipta narxlari va xizmat ko‘rsatish sifatini tanqid ostiga oldi.
Viloyat rahbari Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘lovchi M39 avtomobil yo‘lining Boysunadan keyingi qismi holati qoniqarsiz ekanini aytdi.
«M39 yo‘lini hamma mendan yaxshi bilib turibdi. Boysunadan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksilarimiz dodlab yuboryapti, avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi», — dedi Qosimov.
U temiryo‘l sohasidagi sharoitni ham keskin tanqid qildi.
«Temir yo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovutish tizimi ishlaydi, na sharoit bor, na bilet bor, na vokzalda sharoit bor», — dedi hokim.
Qosimovning ta’kidlashicha, Termizdan Sariosiyoga qatnaydigon shaharlararo poezdlarda ham yo‘lovchilarni tashish uchun zarur sharoit mavjud emas. U transport sohasida nazoratni ta’minlashi lozim bo‘lgan mas’ullarning faoliyatini ham savol ostiga qo‘ydi.
«Nima uchun transport prokuraturasi tomoshabin? Nima uchun qonun ustuvorligi ta’minlanmaydi u yerda? Nima uchun chora ko‘rilmaydi? Transport boshqarmasi qaerga qaraydi?» — dedi u.
Viloyat rahbari aviatsiya sohasidagi holatdan ham noroziligini bildirdi. U aviachiptalar narxi ikki barobarga oshib ketgani, bilet topish qiyinligi va tanish-bilishchilik orqali chipta olish holatlari mavjudligini tanqid qildi.
«Aviabiletlarda umuman sharmanda. Narxi ikki barobar bo‘lib ketgan. Monopoliya degan tashkilot tomoshabin. Qanday borsin kambag‘al odam? Bu bilet narxiga qarab bo‘lmaydi. Umuman tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi», — dedi Qosimov.
Uning fikricha, chipta sotuvi to‘liq shaffof bo‘lishi, biletlar onlayn tarzda ochiq e’lon qilinishi va sun’iy to‘siqlarga chek qo‘yilishi lozim.
«Ikkita kassir xohlagan ishini qilishi kerak emas. Tanishi bor bilet olishi kerak emas. 10 so‘mlik biletni 25 so‘mga sotyapti. Aldab, sun’iy to‘siqlar bilan», — dedi viloyat hokimi.
Qosimov Sariosiyo vokzalidagi sharoitlarni ham tanqid qildi. Xususan, poezddan tushgan yo‘lovchilarning issiqda ko‘chada kutib turishiga to‘g‘ri kelayotganini aytdi.
«Nimaga Sariosiyoga qaytib kelgan odam ko‘chada issiqda o‘tirishi kerak? Nima uchun qurilgan o‘zi zal? Hech kim bepul tashiyotgani yo‘q. Bilet sotib olayaptimi? Pulga xizmat qilish kerak unga», — dedi u.
Viloyat rahbari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini ham tanqid qildi. U xorijda transport xizmatlarida yo‘lovchilarga munosabat va servisga e’tibor yuqori ekanini qayd etib, O‘zbekistonda ham xizmat sifatiga jiddiy yondashish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, hokim poezdlardagi sanitariya holati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini aytdi.
«Operativ xodimlaringiz qaerga qarayapti? Buni SES degan tashkiloti bormi o‘zi? Qaerga qaraydi ular?» — dedi Qosimov.
Hokim mas’ullarga bir hafta ichida Toshkentga qatnaydigon poezdlarni, shuningdek, Sariosiyo yo‘nalishidagi shaharlararo poezdlarni to‘liq tekshirish va zarur jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
«Keyingi hafta dushanba kuni ertalab vokzalka boraman. Vagonni birma-bir, Toshkentga ketadigan sostavni ham to‘liq tekshirib, hammasini jihoz qildirishingizlar shart. Sariosiyoga qatnaydigon shaharlararo poezdni ham. Yuk tashishlarini ham, hammasini nazoratga olasizlar», — dedi u.
Shuningdek, aeroport va aerovokzallardagi sharoitlarni ham to‘liq o‘rganish, hojatxonalardan tortib yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishgacha bo‘lgan barcha jihatlarni tekshirish vazifasi qo‘yildi.
Qosimov mas’ullardan belgilangan muddatda aniq choralar ko‘rishni talab qildi. U bayram arafasida transport obyektlari, poezdlar va vokzallarda yo‘lovchilar uchun munosib sharoit yaratish, xizmat sifatini yaxshilash hamda chipta sotuvida shaffoflikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.