Biz avvaliga universitet va teatrda tashkil etilgan ijodiy uchrashuvlarda qatnashdik. Keyingi manzilimiz esa shahardagi harbiy qism edi. Bu xabarni eshitishim bilanoq beixtiyor xursand bo‘lib ketdim...

Harbiy shaharchadagi madaniyat saroyiga kirib borar ekanmiz, bizni zalda jam bo‘lgan Vatan posbonlari va xizmatchilar o‘rinlaridan turgan holda kutib oldi. Sahna o‘rtasida mehmonlar uchun alohida joy hozirlanib turar, harbiy qism boshlig‘i qo‘yarda-qo‘ymay hammamizni o‘sha yerga taklif qildi.

Yaxshilab o‘rnashib olganimizdan keyin sheriklarimiz navbati bilan so‘zga chiqa boshladi. Vatan, ozodlik, istiqlol qadri va shunga yaqin mavzular atrofida kechayotgan gurung bir xil maromda davom etyapti. Uchinchi kishi berilib ma’ruza o‘qiyotganida “Qani, o‘zi kimdir eshityaptimi?” degan o‘y bilan sekin zaldagilarga nazar tashlay boshladim va tasodifan Behro‘zni ko‘rib qoldim. Ha, bu aniq o‘sha. Sira o‘zgarmabdi. Faqat nigohlari yanada teranlashgan, butun diqqati bilan minbardagi taniqli madaniyat vakilining gaplariga quloq osib turibdi. Yelkasidagi yulduzlari esa yiriklashibdi. Men oxirgi marta harbiy jurnalist sifatida bu yerga kelganimda u leytenant edi...

* * *

Dekabrning achchiq sovug‘i qo‘sha-qo‘sha kiyimimiz ichidagi badanni teshib o‘tgudek edi. Marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboyev bir tomning ustidan ikkinchi tomga sakrab o‘tayotgan mushuk kunning sovuqligidan o‘rtada muzlab qoladi deb mana shu qahratonni aytgan bo‘lsa kerak. Bu yerda yashayotgan mahalliy aholiga, boshqa viloyatlardan kelib xizmat qilayotgan harbiylarimizga qoraqalpoqcha qilib, “Rahmet”, deging keladi. Shubhasiz, yozi jazirama, qishi ayozli bu maskanda ularni yagona narsa tayanch nuqtasi kabi tutib turadi: Vatan tuyg‘usi...

Reja bo‘yicha harbiy qismlarda joriy etilgan harbiy psixologlar faoliyati bilan tanishishimiz, ular haqida lavha yoki ocherk tayyorlashimiz kerak. Harbiy qismning harbiy psixologi leytenant Behro‘z Murodov bizni mashg‘ulot xonasi tomon yetakladi. Kirsak, xonada harbiy qismning bir guruh ishchi-xizmatchilari va harbiylar o‘tiribdi. Ko‘rinib turganidek, ular ichidan kimdir o‘z xohishi bilan kelgan, yana kimdir esa istagidan tashqari. Buni qoraqalpoqlarga xos tarzda ro‘y-rost bildirganlari ham bo‘ldi. “Nima, biz jinnimizmi?” deb o‘ylashgan-da. Harbiy insonshunosimiz esa bu narsalarga parvo ham qilmay, o‘z ishiga kirishib ketdi. “Odam ham shunday beta’sir bo‘ladimi-yey”, deb yuboradi kishi.

Behro‘z avvaliga yig‘ilganlarning ismi va ismlari tarixi bilan qiziqdi.

— Mening ismim Muhabbat. Otimni rahmatli buvim qo‘ygan ekan, — deya gap boshladi o‘zi aytganidek Muhabbat opa. — Buvimning aytishicha, ota-onam bir-birini yaxshi tanimay, kattalarning xohishiga ko‘ra turmush qurishgan. Men tug‘ilganimdan keyin ular o‘rtasida muhabbat paydo bo‘lsin deb ismimni shunday qo‘yishgan.

Xonada yengil kulgi ko‘tarildi va qolganlar ham birin-ketin ismlari tarixini so‘zlab berdi. Shundan so‘ng mashg‘ulot boshlandi. Leytenant Behro‘z Murodov bugungi mashg‘ulotning nomini aytdi: “Moychechak”. U qatnashuvchilarga bittadan oq qog‘oz bilan ruchka tarqatib chiqdi. Psixolog o‘z ishining ustasi ekani, qalb qo‘rida haliyam saqlanib qolgan beg‘uborlik borligi kimlardir istar-istamas mashg‘ulot shartlarini bajarishga kirishayotganida u o‘zini xuddi hech narsani ko‘rmayotgandek, sezmayotgandek tutishida ko‘rinardi. Biz esa xonaning eshik tomondagi burchagida jimlik saqlagan holda kuzatib o‘tiribmiz.

— Qo‘lingizdagi oq qog‘ozga moychechakning rasmini chizing. Uning guli sakkiz banddan iborat bo‘lsin, — dedi birinchi qadamni tushuntirishga kirishgan Behro‘z. — Qani, chizgan bo‘lsak, hammamiz ko‘rsatamiz.

Erinibgina qog‘oz ko‘targan qo‘llar sekin tushirildi. Psixolog hammaga qarab chiqdi-da, ulardan bir daqiqaga ko‘zlarini yumishlarini iltimos qildi.

— Ana endi, — davom etdi u, — mana shu sakkizta bandning har biriga alohida-alohida qilib o‘zimiz uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan narsalarimizni yozib chiqamiz.

— Mening aziz narsalarim ko‘p-da, nima qilay? — ishtirokchilar ichidan kimdir savol beradi.

— Umumiylashtirsangiz ham bo‘ladi, — Behro‘z muloyimlik bilan javob qaytardi.

Mashg‘ulotni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. Hamma yozib bo‘lgach, ko‘zlar yana bir daqiqaga yumildi. Qog‘ozga tushirilgan qadrlilar tasavvurda jonlandi.

Behro‘z mashg‘ulotning navbatdagi shartini aytganida, ko‘pchilik e’tiroz bildirdi. U dediki:

— Mana shu sakkizta banddan ikkitasini o‘chiramiz...

Ishtirokchilarning e’tirozida jon bor. Axir bu bandlar ichiga ular farzandlari, ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, sog‘lig‘i, g‘ururi, sevimli ishi va har qanday vaziyatda ham har qanday yo‘l bilan asrab qolishga arzigulik “boylik”larini yozgan edi.

— Men bular ichidan hech birini o‘chirolmayman, — deydi Jalg‘as og‘a.

— Iltimos, mashg‘ulot sharti shunday, o‘chiramiz, — dedi Behro‘z bosiqlik bilan.

Bir ishtirokchi titragan qo‘lidagi ruchka bilan ikkita banddagi yozuvlarni o‘chirdi-yu, shu onning o‘zidayoq ulardan ayrilgandek izillab yig‘lab yubordi. Boshqalarning ham ko‘ngli buzildi. Mashg‘ulot shu zaylda qiyinlashib boryapti. Sokin xonada qo‘ldan tushib ketgan ruchkaning partaga va polga tekkanidagi ovozi eshitiladi, xolos.

...Ishtirokchilarda oxirgi ikkita band qolgan. Bo‘lib ham eng qadrli, suyumli va azizlari. Behro‘z esa sovuqqonlik bilan ularni ham o‘chirish kerakligini aytib turibdi. Qatnashuvchilarning navbatdagi e’tirozlari ham qanoatlantirilmadi.

— Mening ota-onam o‘tib ketgan. Ular hozir shu tuproqda yotibdi, — mahzun ohangda gapirayotgan bu ayolning ismi Zulfiya opa. — Shuning uchun boshda bandlarning biriga “Vatan” deb yozgan edim. Vatanni o‘chirib bo‘lmaydi, bolam...

Shu paytgacha o‘z kasbining ustasi ekanini ko‘rsatib kelgan leytenant Murodov bir lahza titrab ketdi-yu, hissiyotga berilsa, mashg‘ulot barbod bo‘lishini o‘ylab, o‘zini yig‘ib oldi.

— Bunday ishni buyurmagan bo‘lardim, ammo mashg‘ulotning sharti shu, opa, — u o‘ta og‘ir va bosiqlik bilan gapirardi. — Tanlovni o‘zingizga qoldiraman...

Boshda ko‘zi yoshlangan opa yana diqqat markazimizda. “Bolalarimdan qanday voz kechaman axir?”.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, psixolog aytgan shartlarning barchasi bajarildi. Ishtirokchilar go‘yo cheksiz koinotda hech kimsiz, hech narsasiz, umidsiz va yashashga bo‘lgan istaksiz qolgandek edi go‘yo. So‘ng ko‘zlar so‘nggi bor bir daqiqaga yumildi va tasavvurdagi mana shu holat butun vujud bilan his qilina boshlandi. Ular o‘sha lahzada hayoti davomidagi eng qo‘rqinchli va azobli tasavvur bilan yuzma-yuz kelgandir, balki? Ehtimol, shunday.

Mashg‘ulotning ikkinchi bosqichi boshlandi. Endi ular bandlardagi yozuvlarni ikkitadan qayta tiklab chiqishga kirishdi. Yuzlaridagi quvonchni ko‘rsangiz! Yo‘qotgan narsalarini bir-bir topishyapti-da. Nihoyat azizlar nomi bitilgan to‘tiyo yozuvlar to‘la-to‘kis tiklandi. Behro‘z esa ularga qarab turib:

— Ishoning, siz dunyodagi eng baxtli insonsiz. Ona Vataningiz taftini his qilib yashayapsiz. Oilangiz, yaqin insonlaringiz doimo yoningizda, yaxshi ko‘rgan ishingiz bor, sog‘lig‘ingizda muammongiz yo‘q. Faqat buni yurak-yurakdan his qilishingiz kerak edi. Ularni asrang, qadriga yeting. Ming afsuski, hayot bugungi mashg‘ulotimiz emas. Ming chiranmaylik, yo‘qotgan narsalarimiz qaytib kelmaydi, — dedi.

Mashg‘ulot avvalida ishtirok etishni istamagan kishilar psixologga eng birinchi bo‘lib rahmat aytdi. Biz ham Behro‘zga qoraqalpoqcha qilib, “Rahmet”, degan edik o‘shanda.

* * *

Miriqib ma’ruza tinglayotgan Behro‘zga qarayman-u, o‘sha voqealar xayolimda qayta jonlanadi. Shu payt so‘z navbati menga kelib, minbarga taklif qilib qolishdi. O‘shanda nimalar haqida gapirganim hozir unchalik yodimda yo‘q, lekin Vatanni o‘chirib bo‘lmaslikka iymon keltirgan o‘sha mashg‘ulot xotiramda umrbod saqlanib qolgan.

Islomjon QO‘CHQOROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir