Hodisa 29-avgust kuni ertalab Vengriyaning Kalocha shahrida sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, Robert ismli yigit aerodrom hududiga kirib, yerga mahkamlab qoʻyilgan Cessna 172 samolyotini boʻshatgan va havoga koʻtarilgan.
U Paksh shahri tomon yoʻl olgan. Bu yerda Vengriyadagi yagona atom elektr stansiyasi joylashgan. Yigit AES atrofidagi cheklangan havo hududiga kirib, xavfli manyovrlar qilgani aytilmoqda.
Shundan soʻng uning ortidan JAS 39 Gripen harbiy qiruvchi samolyotlari havoga koʻtarilgan. Oradan bir necha daqiqa oʻtib, Cessna samolyoti Geryen qishlogʻi yaqinidagi kungaboqar dalasiga majburiy qoʻndi.
Qattiq qoʻnish oqibatida samolyotning shassi qismi shikastlangan, fyuzelyaj esa yonboshiga agʻdarilgan. Biroq yigit jarohat olmagan.
U samolyotni tashlab, yaqin atrofdagi 512-avtomobil yoʻliga chiqqan va oʻtib ketayotgan avtomashinani ham oʻgʻirlashga uringan. Ammo haydovchi uni toʻxtatib qolgan va politsiya chaqirgan.
Tekshiruvlar chogʻida yigit mast holda boʻlgani aniqlangan. U politsiyaga voqea vaqtida shu qadar mast boʻlganini, samolyotni oʻgʻirlagani va parvoz qilganini umuman eslay olmasligini aytgan.
Maʼlum boʻlishicha, uning uchuvchilik litsenziyasi ham, haydovchilik guvohnomasi ham boʻlmagan. Yaqinlarining soʻzlariga koʻra, u bir necha marta haydovchilik guvohnomasini olishga uringan, ammo imtihondan oʻta olmagan. Uning hech qanday uchish tayyorgarligi ham boʻlmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov olib borilmoqda. Shuningdek, politsiya va aviatsiya idoralari Kalocha aerodromidagi xavfsizlik choralarini tekshirishni boshlagan.