Xoʻsh, u qanday kasallik? Infeksiyaning Oʻzbekistonda tarqalish ehtimoli bormi?
Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov batafsil javob berdi.
— Avvalo shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda xantavirus bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror.
Xantavirusning Yer yuzida 20 dan ortiq turi mavjud boʻlib, ularning faqat ayrimlarigina odamlarda xastalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar ushbu infeksiyaning dunyo boʻylab tarqalish geografiyasiga eʼtibor bersak, Osiyo va Yevropa davlatlarida ancha kam uchraydi. Uning baʼzi turlari, asosan, Argentina, Chili, Braziliya kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida kuzatiladi.
Xantavirus koʻpincha kemiruvchilar orasida uchraydigan virusli xastalik boʻlib, odamlarga kam hollarda yuqadi. Infeksiya, odatda, bunday jonivorlarning peshobi, axlati yoki soʻlagi bilan ifloslangan narsalar, chang hamda oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonga oʻtishi mumkin. Ayrim hollarda zararlangan muhitda uzoq vaqt boʻlish yoki kemiruvchilar bilan yaqin va muntazam kontaktda boʻlish ham virus yuqish xavfini oshiradi.
Afsuski, dunyoda xantavirusga qarshi maxsus vaksina ishlab chiqilmagan. Buning uchun tegishli davolash protokoli ham mavjud emas. Muolaja, asosan, simptomatik, yaʼni bemordagi belgilarga qarab olib boriladi.
Mamlakatimizda xantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda.
Shunday boʻlsa-da, yurtdoshlarimizga bir nechta profilaktik choralarga amal qilishni tavsiya etamiz. Jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yashash va ish joylari ozodaligiga eʼtibor qaratish, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz saqlash, meva va sabzavotlarni isteʼmol qilishdan avval yaxshilab yuvish, kemiruvchilar chiqindilarini supurishdan avval namlab tozalash, omborxona va yopiq xonalarni muntazam shamollatish lozim.
Mabodo endemik hududga borib kelgan boʻlsangiz, bu haqda hududingizdagi oilaviy poliklinikaga xabar bering.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin boʻlgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 53 ta chegara punktida doimiy nazorat yoʻlga qoʻyilgan.