U qalbimiz sadosi, borligʻimiz koʻzgusi. Ona tilimiz bizni eng qadim ajdodlarimiz bilan bogʻlab, kim ekanimizni, tomirlarimiz qaysi daryolardan suv ichganini eslatib turadi. Asrlar boʻroni, yillar silsilasidan omon chiqishning yoʻli bitta — tilni yoʻqotmaslik.

“Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti bu — uning milliy tili va adabiyotidir”, deydi Abdulla Avloniy. Abdulla Qodiriy esa tilimizni kambagʻal deguvchilarga bunday javob bergan: “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”.

Mirtemirning “Ona tilim” sheʼrini qayta-qayta oʻqir ekansiz, koʻz oʻngingizga oʻzbekning bagʻridek keng yobonlari, cheksiz bogʻu boʻstonlari, serhosil dalalari, oqar daryolari, onalar aytgan allalari, jon tomiringga singib ketgan buloqlari keladi.

Faqat oʻzbek tilida daryolar arslondek ayqiradi. Faqat oʻzbek tilidagi dostonlarda mardlar Alpomishdek or talashib maydonga chiqadi. Oʻzbek tilining muqaddasligi Oybarchin boʻlib sadoqatdan soʻzlaydi.

Dunyoning eng yuksak minbari boʻlgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari oʻzbek tilida maʼruza qilgan lahzalar tariximizga oltin harflar bilan yozildi. Mamlakatimiz hayotida muhim oʻrin tutgan unutilmas maʼruza oʻzbek tilida yangrashi tilimizning jahon maydonidagi salohiyatini, munosib oʻrni, obroʻ-eʼtiborini, asriy orzu va armonlarini namoyishi boʻldi.

“Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”, degan edi Prezidentimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida.

Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan yurtimizda barcha sohalarda davlat tilining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida yoʻqolib ketish arafasida turgan folklorshunoslik yoʻnalishi qayta tiklandi. Dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik kabi unutilayotgan yoʻnalishlar ochilib, ilmiy ishlar uchun yangi imkoniyatlar ­yaratildi. Mamlakatimizning barcha oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganish boʻyicha oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalar, risola hamda monografiyalar nashr etilib, ilmiy anjumanlar oʻtayotgani ona tilimizning istiqbolidan dalolat beradi.

Adabiyotimizning buyuk vakillari, oʻzbek tilining jonkuyarlariga Milliy bogʻ hududida tashkil etilgan Adiblar xiyobonida qoʻyilgan yodgorliklar poyida oʻtayotgan adabiy kechalar, yangi asarlar taqdimotlari, ilmiy-amaliy simpoziumlar ona tilimiz va milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada oʻtayotgan kitob taqdimotlariga, adabiy uchrashuvlarga mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari aʼzolari ham taklif etilayotgani tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Oʻzbek tilidagi romanlar, qissalar, hikoyalar, dostonlar, gʻazallar, sheʼrlar, ertaklar, maqollar orqali qadim tarixni oʻrganib, qayerdan kelayotganimizni anglaymiz. Qoʻshiqlar, laparlar, aytishuvlar, termalar bilan tilimizni, ongimizni, oʻy-xayollarimizni nurlarga chulgʻaymiz. Shu tilda orzu-umidlarimizni bayon etamiz.

Toʻgʻri, tilimizga eʼtibor katta. Lekin hali muammolar ham yetarli. Zero, ona tilimiz oldidagi qarzimizni bir lahza boʻlsa-da unutishga haqqimiz yoʻq. Eslab koʻraylik, 21-oktyabr — oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida til haqidagi fikru mulohazalarimiz, OAVdagi chiqishlarimiz, bosma nashrlardagi muhokama, mulohaza, munosabatlarimiz qizigandan-qiziydi. Lekin til bayrami oʻtishi bilan sekinlashadi.

Tilimizni asrash haqida gap ketganda, koʻpchiligimiz shahar va qishloqlarimiz, yoʻllarimiz, devoru darvozalarimiz peshlavhalarida ajnabiy soʻzlar va yot tillardagi yozuvlar koʻpayib ketgani, hatto ayrim joylarda oʻzbek tilidagi yozuvlar orqa oʻringa oʻtib, past qatorga tushib qolayotgani haqida achinib gapiramiz. Aslida, bunday muammolar koʻp...

Ona tilimizga eʼtiborsizlikning boshlanish joyi maktab darsliklarimizdagi kamchiliklarda. Oʻzbek tili va oʻzbek adabiyoti dars soatlari kamayib ketganida. Har uch yilda oʻzgarib turgan darsliklarda uchraydigan xatolar, gʻalizliklar barchani chalgʻitib tashladi. Adabiyot darsliklarida sheʼriyatga oid dars soatlari kam ajratilgan. Oʻquvchi sheʼr yodlash orqali soʻz yodlaydi. Sheʼr yodlash orqali xotirasi mustahkamlanadi. Sheʼr yodlash tufayli unda fikrlarni jamlash koʻnikmasi ortadi.

Ming afsuski, hozir aksariyat 8-sinf oʻquvchilari 8 ta sheʼr bilmaydi. Oʻrta maktabni bitirib chiqayotgan minglab oʻquvchilar vatan haqida bitta ham sheʼr bilmasligini oddiy hol deb qabul qilish mumkinmi? Vatanparvarlik oʻz tilida, oʻz onasi va oʻz yurti haqidagi satrlarni qalbiga qasamdek joylashidan boshlanmaydimi?

Oʻzimizning goʻzal soʻzlarimiz oʻrniga ajnabiy soʻzlarni qoʻllashga odatlandik. Darslar rus, ingliz tillarida oʻtiladigan maktablarimiz soni koʻpayib bormoqda. U maktablardagi aksariyat oʻzbek bolalar oʻzbek tilini tushunmaydi. Chunki bunday maktablardagi ona tilidan dars oʻtayotgan baʼzi oʻqituvchilarning oʻziga ham oʻzbek tili qoidalarini oʻrgatish kerak. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktablardagi oʻzbek tili darslaridagi maʼlumotlar oʻzbek tilli ­maktablar darsliklaridagi maʼlumotlarga toʻgʻri kelmasligi ham muammolar keltirib chiqarmoqda.

XX asr boshida olti — oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan alloma Isʼhoqxon Ibratning quyidagi hikmatli soʻzlarini unutmaylik:

“Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat bu — vataniy ishdir”.

Hech bir jabhada tilga eʼtiborsizlik kechirilmasligi kerak. Bugun davlat roʻyxatidan oʻtib olib, oʻz uyidan bosmaxona ochgan, gʻij-gʻij xatolar bilan “kitoblar” chop etayotgan “tadbirkor”larning bozori chaqqon. Xususiy nashrlarda chop etilayotgan asarlardagi qoʻpol xatolar uchun kimdir javobgarlikka tortilmas, ular ustidan nazorat oʻrnatilmas ekan, kitobdan yoppasiga bezish davom etadi.

Oʻzbek tili shevalari koʻpligi, jozibadorligi bilan olamda yagona. Shevalar ham til sandigʻimizning xazinasi. Ming ­afsuski, shevalarimiz ham yoʻqolib bormoqda. Shevalar yoʻqolishi ham til fojiasidir.

Vodiyda shamchirogʻim, pahlavonim, koʻzgavharim, vohada moʻngʻim, oynam, dono qushim, aqljonim, aqlmirzom, girgittonim, norittonim kabi sheva soʻzlar unutilib bormoqda. Hozirgi yoshlar bu shevalarni bilmaydi ham, tushunmaydi ham. Qoraqalpogʻiston, Xorazm tomonlargagina xos boʻlgan shevalar shu qadar shirinki, bunday durdona kalomlar faqat donoyu donishmandlar kamol topayotgan maskanlarda yangrashi aniq. Afsuski, qoraqalpoqcha, xorazmcha shevalarni rus tilidan kirib kelgan soʻzlarga qoʻpol ravishda almashtirib, davrlar nafasi, ajdodlarning betakror ovozlarini befarqlik toʻzonlariga tashlamoqdamiz.

Tilimizdagi ena, nana, biyi, acha, oya, buva, boʻla, buvak, jezda, jijji, jorqin kabi minglab sheva soʻzlarning yaqin orada yoʻqolishga yuz tutayotgani bor gap. Shevalar ham davrlarni oʻziga xos rishtalar bilan bogʻlab turadigan tilla zanjirlar ekanini unutmaylik. Agar sekin-asta shevalar boy berilsa, ularning oʻrnini toʻldiradigan soʻzlarni hech qachon topolmaymiz.

Alifbodagi oʻlda-joʻlda islohotlar, darsliklardagi sifatsizliklar soʻnggi yillardagi talaffuzimizu toʻgʻri yozish qoidalarimizgacha buzib tashlamoqda. Ism-shariflarda Nahalov — Naxalov, Xoltoʻrayev — Xalturayev, Jumayev — Djumayev, Boltaboyev — Baltabayev, Gʻoziyev esa Gaziyev boʻlib ketgani, Razzakov, Aksakalov, Tuxliyev, Erdankulov, Kurkmasov kabi familiyalarning qanday paydo boʻlib qolganiga qiziqsangiz, barisida oʻzbek tiliga behurmatlik va shafqatsizlik hosilasini koʻrasiz.

Yana bir gap. Mafkura insonning goʻdakligida tafakkuriga nima eksa, oʻsha bilan bir umr yashab qoladi. Bola maktabi nomi bilan atalgan adib, olim, mutafakkirning kimligini bilgach, uni ulugʻlaydi, u bilan gʻururlanadi, unga oʻxshagisi keladi. Mustaqillikdan keyin maktablarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulugʻbek, Furqat, Muqimiy, Qori Niyoziy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon va boshqa oʻzbek adiblari, olimlari nomi bilan yuritila boshlandi. Hozir esa maktablarimizdan nomlar olib tashlanib, raqamlab qoʻyildi. Bu qanchalik toʻgʻri, bilmadim? 

Menimcha, maktablarimizni oʻz ulugʻlarimiz nomi bilan atasak, bu, eng avvalo, millatimiz maʼnaviyatiga, fanimiz, adabiyotimiz, tariximizga, tilimizga hurmat boʻlar edi. Oʻquvchi birinchi sinfdaligidayoq maktab darvozasi peshtoqida buyuklarimiz nomini tilimizda oʻqisin, faxrlansin va ularga oʻxshashni orzu qilsin. Oʻzbek bolasining tili oʻz ulugʻlarimizning nomi va asarlari bilan charxlansin.

Atoqli shoir va adiblarimiz nomidagi ijod maktablarida tahsil olayotgan isteʼdodlarning oʻz maktablari nomi bilan gʻururlanishini ular bilan suhbatlarda eshitib, quvonchga toʻlamiz.

Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarining oʻquvchilari erishayotgan yutuqlarda ham milliy adabiyotimizga yuksak hurmat va sadoqat mujassam.

Umumtaʼlim maktablarini ham vatan va millat manfaati yoʻlida umrini tikkan olimlarimiz, millatimiz fidoyilari nomi bilan atashimiz yoshlarda ona tilimiz, adabiyotimiz, tariximiz, milliy qadriyatlarimizga mehru muhabbatni yanada oshirishga xizmat qilgan boʻlur edi.

Muxtasar qilib aytganda, ona tilimiz sofligini birgalikda asrab qolishimiz shart va zarur! 

Davlatimiz yetakchisining “Ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Davlat tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom ettiriladi”, degan soʻzlari har birimizga katta masʼuliyat yuklaydi.

Oʻzbek tili asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan maʼnaviy xazinadir. Bu xazinani asrash hamda avlodlarga sofligicha yetkazish uchun har birimiz masʼulmiz. To hayot ekanmiz, bu masʼuliyatni sharaf deb bilmogʻimiz shart.

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi