Ammo bu raqamlar ortida dehqon mahsulotining bozorga oʻz vaqtida yetib borishi, kichik tadbirkorning onlayn xaridor topishi, ishlab chiqaruvchining barqaror energiya taʼminoti va minglab ish oʻrinlari ochish masalasi turibdi.
Fargʻona vodiysida gilos pishganida yoki Samarqandda shaftoli
terimi boshlanganida dehqon uchun bitta asosiy savol tugʻiladi: mahsulot dunyo
bozori, jumladan, Rossiyaga vaqtida yetib boradimi, yoʻlda sifati buzilmaydimi,
puli xavfsiz keladimi? Toshkentdagi tikuvchi yoki Buxorodagi hunarmand oldida ham
shunga oʻxshash savol paydo boʻladi: mahsulotni Moskva, Qozon yoki Yekaterinburgdagi
xaridorga qanday yetkazish mumkin?
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston — Rossiya iqtisodiy hamkorligi faqat
diplomatik bayonotlar mavzusi emas, balki chegaradagi navbat, temir yoʻldagi vagon,
bankdagi pul oʻtkazmasi, gaz bosimi, internet doʻkonidagi buyurtma va oddiy oilaning
daromadi bilan bogʻliq amaliy masaladir.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekistonning
tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetgan. Bu 2024 yildagiga nisbatan
20,7 foiz koʻp. Mazkur savdoda Xitoy 21,2 foiz ulush bilan birinchi, Rossiya 16
foiz ulush bilan ikkinchi yirik hamkor boʻldi. Rossiya bilan savdo hajmi 13 milliard
dollarga yaqinlashdi.
2026 yilning dastlabki toʻrt oyida ham bu tendensiya saqlandi:
Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoy 6,2 milliard dollar, Rossiya esa 4,5
milliard dollar bilan eng yirik sheriklar qatoridan joy oldi. Demak, Rossiya bozori
Oʻzbekiston uchun nafaqat anʼanaviy, balki hamon juda katta va amaliy ahamiyatga
ega bozor boʻlib qolmoqda.
Bu, xalqona tushuntirganda, har yili ikki
mamlakat oʻrtasida minglab shartnoma, yuz minglab toʻlov, millionlab tonna tovar
va xizmatlar harakatlanadi degani. Ushbu jarayonda fermer, logistika kompaniyasi,
bank, ishlab chiqaruvchi, onlayn sotuvchi va isteʼmolchi yagona zanjirga ulanadi.
Ikki davlat 2030-yilgacha oʻzaro savdo hajmini 30 milliard
dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun koʻproq tovar
sotishning oʻzi yetarli emas. Savdo tarkibi ham oʻzgarishi, xomashyo oʻrnini
tayyor mahsulot, oddiy eksport oʻrnini qoʻshma ishlab chiqarish va uzoq
muddatli sherikchilik egallashi kerak.
Oʻzbekiston dengizga chiqish imkoniga ega emasligi bois,
eksportining katta qismi temir yoʻl, avtomobil yoʻli va aviatsiyaga bogʻliq. Yoʻl
ishonchli boʻlmasa, eksportchi shartnoma tuzishdan qoʻrqadi, dehqon mahsulotini
ichki bozorda arzon sotishga majbur boʻladi, zavod esa xomashyoni kech oladi.
2025-yilda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida temir yoʻl orqali
yuk tashish koʻrsatkichi 19,3 foiz oshib, 8,6 million tonnaga yetdi.
Aviaqatnovlar ham iqtisodiy aloqalarning muhim qismiga aylanmoqda: ikki
mamlakat shaharlari oʻrtasida haftasiga yuzlab reyslar qatnamoqda. Bu faqat
yoʻlovchi oqimi emas, balki xizmatlar, kichik hajmli yuklar, ishbilarmonlik
safarlari va turizm uchun ham imkoniyatdir.
Meva-sabzavot eksportida ham vaqt alohida ahamiyatga ega.
Gilos yoki shaftoli uchun bir kunlik kechikish ham narx, sifat va xaridor
ishonchiga taʼsir qiladi. Shuning uchun muzlatkichli konteynerlar, tezkor temir
yoʻl yoʻnalishlari, “Agroekspress” kabi loyihalar va fitosanitar tekshiruvlarni
soddalashtirish eksport uchun hal qiluvchi omildir.
Tadbirkorga kerakli asosiy omil — adolatli yoʻlak: tarif
oldindan maʼlum boʻlishi, hujjat talablari tushunarli, chegaradagi tekshiruv
shaffof va tez oʻtishi kerak. Bunday tizim yoʻlga qoʻyilsa, hamkorlikning
foydasi birinchi boʻlib eksportchi va isteʼmolchiga tegadi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston — Rossiya
savdosida yangi tushuncha paydo boʻldi: marketpleyslar va raqamli xizmatlar.
Avval tashqi bozorga chiqish uchun yirik distribyutor yoki ulgurji xaridor
topish kerak edi. Hozir esa kichik ishlab chiqaruvchi ham mahsulotini onlayn
platforma orqali Rossiyaning turli shaharlariga taklif qila oladi.
Wildberries, Ozon va boshqa platformalar Oʻzbekiston
tadbirkorlari uchun yangi eksport eshigiga aylanmoqda. Bu eshikdan tikuvchilik,
uy-roʻzgʻor buyumlari, hunarmandchilik mahsulotlari, oziq-ovqat va kosmetika
tovarlari oʻtadi. Qulay logistika va sertifikatlash toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa,
kichik sex ham tashqi bozorda oʻz xaridorini topishi mumkin.
Biroq raqamli savdoda ham qoidalar aniq boʻlishi shart.
Onlayn toʻlov xavfsizmi, elektron shartnoma ikki tomon uchun teng kuchga egami,
qaytarilgan tovar uchun javobgarlik kimning zimmasida, shaxsiy maʼlumotlar
qanday himoya qilinadi? Bu savollarga tushunarli javob boʻlmasa, kichik
tadbirkor yangi bozorga kirishdan choʻchiydi.
Shuning uchun elektron hujjatlarni oʻzaro tan olish, toʻlov
tizimlarini uygʻunlashtirish, isteʼmolchi huquqini himoya qilish va soliq
hisobotini soddalashtirish savdo aylanmasiga bevosita taʼsir etadi. Bu
masalalar yechilsa, onlayn savdo yirik kompaniyalar emas, minglab kichik biznes
subyektlari uchun ham real imkoniyatga aylanadi.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning 4-5-iyun kunlari Rossiyaga
amaliy tashrifi doirasida 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida
“Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusini
ilgari surgani gʻoyat katta ahamiyatga ega.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad sanoat kooperatsiyasining
yagona raqamli platformasi bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik
klasterlarning oʻzaro bogʻliq tizimini yaratishdir.
— Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda
namoyon boʻlmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida
ham uning taʼsiri sezilmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.
Ikki mamlakat hamkorligining
madaniy-gumanitar yoʻnalishini mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan
Peterburggacha” kreativ-turistik yoʻlagi loyihasini ishga tushirish taklifi
sanʼat va kino festivallari, muzey koʻrgazmalari, gastronomiya haftaliklari va
musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.
Bugun dunyo chuqur qayta qurish
jarayonini boshdan kechirmoqda. Transport yoʻnalishlari oʻzgarmoqda, yangi
ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda. Zamonaviy texnologik platformalar
paydo boʻlib, barcha sohada sunʼiy intellekt joriy etilmoqda. Energetika,
oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda.
Ishlab chiqaruvchi uchun energiya koʻrinmas, lekin eng muhim
tayanch. Elektr energiyasi yoki gaz tarmogʻi uzilsa, dastgoh ishlashdan
toʻxtaydi, muzlatkich oʻchadi, buyurtma kechikadi, ishchi daromadi xavf ostida
qoladi. Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsgani sari energiyaga talab ham oshib
bormoqda.
Rossiya gazi shu nuqtayi nazardan qisqa va oʻrta muddatli
barqarorlik omiliga aylandi. 2024-yilgi hisobotlarga koʻra, Rossiyadan
Oʻzbekistonga gaz yetkazib berish hajmi 5,64 milliard kub metrni tashkil etdi.
Keyingi kelishuvlarda yillik yetkazib berish hajmini 7,7 milliard kub metrgacha
oshirish koʻzda tutilgan. Bu qish oylarida aholi va sanoat uchun muhim yordam
boʻlishi mumkin. Ammo gaz importi energetika sohasidagi muammoni hal etishdagi
yagona chora emas. Uzoq muddatda Oʻzbekiston mahalliy ishlab chiqarish, qayta
tiklanuvchi energiya, energiya tejamkor texnologiyalar va import manbalarini
birgalikda diversifikatsiyalashi kerak.
Tashrif doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev
va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida mamlakatimizda
integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini
qurishga start berilgani energetikadagi eng yirik va eng masʼuliyatli
loyihalardan biridir.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi
Oʻzbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni
boshlab berib, yangi tarmoq — atom energetikasini rivojlantirish uchun asos
yaratadi. Stansiyani qurish va ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari eng
zamonaviy xalqaro standartlar, ilgʻor muhandislik yechimlari asosida hamda
Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazoratida bajarilmoqda. Ushbu
ulkan loyihaning amalga oshirilishi Oʻzbekiston — Rossiya keng qamrovli
strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga
xizmat qiladi.
Loyiha toʻliq quvvatga oʻtgach, yiliga taxminan 17,2 milliard
kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va mamlakat isteʼmolining 14
foizgacha qismini qoplashi kutilmoqda. Bu Oʻzbekiston uchun bazaviy elektr
generatsiyasini mustahkamlash imkoniyatidir.
Shu bilan birga, atom energetikasi faqat megavatt yoki
milliard kilovatt-soat bilan oʻlchanmaydi. Jamoatchilik uchun ochiq axborot,
mustaqil nazorat, xavfsizlik madaniyati, kadrlar tayyorlash, favqulodda
holatlarga tayyorgarlik va ekologik monitoring loyihaning ajralmas qismi
boʻlishi kerak.
Prezidentimiz forumda yana bir muhim tashabbusni ilgari
surdi. Bu kapital bozorini yanada rivojlantirish, barqaror moliyaviy va
investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida eng yaxshi standartlar
asosida faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil
etishdir. Markazning maxsus huquqiy maqom va soliq imtiyozlariga ega ekani
investorlarga biznes yuritish uchun qulay vosita va ishonchli kafolatlarni
taqdim etadi.
Bu korxonalar pul bilan birga yangi texnologiya, boshqaruv
tajribasi, bozor standartlari va ish oʻrinlari ham olib keladi. Mahalliy biznes
uchun esa bunday sheriklik yangi mahsulot ishlab chiqarish, eksport qilish va
raqobatbardoshlikni oshirish imkoniyati.
Investor uchun eng muhim omil —
prognoz qilinishi mumkin boʻlgan qoidalar. Soliq, valyuta, litsenziya, sud va
yer ajratish jarayoni qanchalik aniq boʻlsa, xavf shunchalik kamayadi.
Oʻzbekistonda 2025-yili YAIM real hisobda 7,7 foiz oʻsgani, inflyatsiyaning 2024-yil
oxiridagi 9,8 foizdan 2026-yil aprelida 7 foizgacha pasaygani va xalqaro
zaxiralarning 2026-yil 1-may holatiga koʻra, 70,9 milliard dollar atrofida
boʻlgani iqtisodiy barqarorlik uchun muhim ishoradir.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdoni 30 milliard
dollarga yetkazish maqsadiga faqat miqdor sifatida qarash toʻgʻri emas. Savdo
hajmi oʻsishi bilan birga sifati ham oʻzgarishi kerak.
Oʻzbekiston uchun bu — meva-sabzavotni qayta ishlangan va
qadoqlangan mahsulot sifatida sotish, ip-kalavani tayyor toʻqimachilik
mahsuloti koʻrinishida eksport qilish, mehnat va xomashyodan koʻra brend,
dizayn, logistika va servisdan koʻproq daromad olish degani. Rossiya uchun esa
Oʻzbekiston bozorida oddiy mahsulot yetkazib beruvchi emas, texnologiya va
qoʻshma ishlab chiqarish boʻyicha uzoq muddatli sherik boʻlish imkoniyati.
Hamkorlik kengayishi bilan birga xavflar ham mavjud:
toʻlovlar, sanksiyaviy cheklovlar, valyuta oʻzgarishi, logistikadagi
uzilishlar va bozorga ortiqcha bogʻlanib qolish ehtimoli. Shu sababli eksport
yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash, raqobat muhitini saqlash va ichki ishlab
chiqaruvchilar manfaatini himoya qilish muhim.
Iqtisodiy
hamkorlikni qaramlik yoki siyosiy shior emas, manfaatlar muvozanati sifatida
koʻrish kerak. Asosiy savol bitta: bu aloqa tadbirkorning ishini
osonlashtiradimi, isteʼmolchiga tanlash imkoniyatini beradimi, ish oʻrni
ochadimi? Agar yoʻllar, raqamli qoidalar, energiya va investitsiya muhiti shu
maqsadga xizmat qilsa, 13 milliard dollarlik bugungi savdo kelajakda yanada
barqaror va foydali iqtisodiy sheriklikka aylanishi shubhasiz.
Ziyodulla
MUHIDDINOV,
Makroiqtisodiy
va hududiy tadqiqotlar instituti