Bu shunchaki moliyaviy operatsiya yoki texnik birja jarayoni emas, balki iqtisodiyotimizning dunyo moliyaviy tizimi bilan integratsiyalashuvidagi yangi bosqich, davlat aktivlarini boshqarish falsafasining oʻzgarishi va mamlakatimiz investitsiya imijining sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarilishidir.
UzNIF
aksiyalari bir vaqtning oʻzida London fond birjasi va “Toshkent” respublika
fond birjasida joylashtirilishi mamlakatimiz kapital bozori tarixida mutlaqo
yangi sahifa ochdi. Shu tariqa UzNIF xalqaro IPOni amalga oshirgan ilk oʻzbek
emitenti sifatida iqtisodiyotimiz tarixidan oʻrin oldi. IPO yakunlari esa
xalqaro investorlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yuqori ishonchi va
qiziqishini yaqqol namoyon qildi.
Jumladan,
603,6 million dollar miqdorida investitsiya jalb etildi. Jamgʻarmaning bozor
qiymati 1,95 milliard dollarga baholandi. Kapitalning 31 foizi ochiq bozorda
joylashtirildi. Investorlar talabi taklif hajmidan toʻrt barobar yuqori boʻldi
va bitimning qariyb 97 foizi xalqaro investorlar hissasiga toʻgʻri keldi.
Mazkur
raqamlarning har biri mamlakatimiz iqtisodiyotida soʻnggi yillardagi
institutsional islohotlar xalqaro moliyaviy doiralar tomonidan eʼtirof
etilayotganining amaliy tasdigʻidir.
Shu
oʻrinda savol tugʻiladi: IPO nima va nega u iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim?
IPO — Initial Public Offering, yaʼni kompaniya aksiyalarining ilk bor ochiq
bozorga chiqarilishi. Oddiy qilib aytganda, kompaniya oʻzining muayyan qismiga
egalik huquqini investorlarga taklif qiladi va evaziga kapital jalb etadi.
Rivojlangan
iqtisodiyotlarda IPO iqtisodiy oʻsishning muhim moliyaviy mexanizmidir. Chunki
kompaniyalar davlat byudjetidan tashqari manbalardan mablagʻ jalb qiladi va
korporativ boshqaruv shaffoflashadi. Shu bilan birga, moliyaviy hisobotlar
xalqaro standartlarga moslashib, bozor intizomi shakllanadi. Eng muhimi, aholi
va investorlarning moliyaviy faolligi oshadi.
Biz
uchun esa IPOning ahamiyati yanada katta. Sababi, mamlakatimiz iqtisodiyoti
uzoq yillar davomida asosan davlat ishtirokidagi iqtisodiy modelga tayanib
keldi. Bu model muayyan bosqichda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlagan
boʻlsa-da, kapital samaradorligi, korporativ boshqaruv va investitsiyaviy
raqobat nuqtayi nazaridan cheklangan imkoniyatlarga ega edi.
Soʻnggi
yillarda esa mamlakatimiz rahbariyati tomonidan iqtisodiyotni
liberallashtirish, davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini
oshirish va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli
islohotlar oʻtkazildi. UzNIF IPOsi aynan shu siyosatning mantiqiy davomi.
UzNIF
mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridagi 13 ta yirik davlat
aktivini birlashtirgan tuzilma. Fond tarkibiga energetika, transport,
telekommunikatsiya, kommunal infratuzilma va bank sohasidagi muhim aktivlar
kiritilgan. Investorlar bitta kompaniya aksiyasini emas, balki butun mamlakat
iqtisodiyotining asosiy infratuzilmaviy segmentlariga bogʻlangan
diversifikatsiyalangan portfelni sotib olmoqda.
Bu
model xalqaro investorlar uchun bir necha jihatdan jozibador. Birinchidan,
risklar diversifikatsiya qilinadi. Yaʼni bir tarmoqdagi muammo boshqasidagi
oʻsish hisobiga qoplanishi mumkin. Ikkinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyotining
umumiy oʻsishi fond aktivlari qiymatiga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi.
Uchinchidan, strategik infratuzilma aktivlari odatda uzoq muddatli barqaror
daromad manbai boʻladi. Toʻrtinchidan, bunday fond modeli davlat aktivlarini
toʻgʻridan toʻgʻri emas, balki professional boshqaruv orqali bozorga olib
chiqish imkonini beradi.
Mazkur
jihatlar UzNIFni oddiy xususiylashtirish jarayonidan ajratib koʻrsatadi.
Aslida, davlat aktivlarini zamonaviy investitsiya ekotizimiga integratsiya
qilish mexanizmi hisoblanadi.
UzNIF
aksiyalarining London fond birjasida joylashtirilishini mamlakatimiz moliya
bozori tarixidagi muhim voqealardan biri sifatida eʼtirof etish mumkin. Chunki
London fond birjasi nafaqat Yevropaning, balki butun jahonning eng yirik va
nufuzli moliyaviy platformalaridan. Ushbu bozorga chiqish har qanday kompaniya
uchun katta imkoniyatlar bilan birga yuksak masʼuliyat va qatʼiy talablarni ham
anglatadi.
Xususan,
bunday xalqaro maydonda faoliyat yuritish uchun emitent moliyaviy
hisobotlarning xalqaro standartlariga toʻliq muvofiq ishlashi, korporativ
boshqaruv tizimida shaffoflikni taʼminlashi, mustaqil audit xulosalariga ega
boʻlishi, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishi hamda ochiq axborot
siyosati yuritishi talab etiladi. Bu esa kompaniyaning faqat ichki bozor
talablariga emas, balki global moliya tizimida qabul qilingan zamonaviy
boshqaruv mezonlariga ham moslasha olganini koʻrsatadi.
Muhimi,
mazkur jarayon mamlakatimiz iqtisodiyotining xalqaro kapital bozorlariga
integratsiyasi tobora chuqurlashayotganini namoyon etmoqda. Shu maʼnoda,
UzNIFning London fond birjasidagi ishtiroki nafaqat bir kompaniyaning
muvaffaqiyati, balki yurtimizda ochiq iqtisodiyot, investitsiyaviy jozibadorlik
va korporativ islohotlar yangi bosqichga koʻtarilayotganining amaliy ifodasidir.
Bu
yerda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Xalqaro investorlar,
ayniqsa, yirik institutsional investorlar muayyan bozorga faqat barqarorlik,
shaffoflik va ishonch muhiti yetarli darajada shakllangandagina kirib boradi.
Zero, bunday moliyaviy institutlar milliardlab dollarlik aktivlarni boshqaradi
va investitsiya qarorlarini qabul qilishda risklarni oʻta sinchkovlik bilan
baholaydi.
Shu
nuqtayi nazardan qaraganda, IPO jarayonida “BlackRock”, “Franklin Templeton”
hamda “Redwheel” kabi nufuzli xalqaro investitsiya kompaniyalarining ishtiroki
mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ishonch indikatori sifatida baholanadi.
Bu, bir tomondan, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va korporativ boshqaruv
tizimi xalqaro moliya bozori ishtirokchilari tomonidan ijobiy qabul
qilinayotganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, Oʻzbekistonning global kapital
bozorlaridagi investitsiyaviy nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan
dalolat beradi.
Xalqaro
investorlar nega yurtimizga qiziqmoqda? Masalaning eng muhim nuqtasi aynan shu
savol bilan bogʻliq. Bugun global kapitalning mamlakatimiz bozoriga eʼtibor
qaratayotgani tasodifiy holat emas. Buning ortida iqtisodiyotimizda soʻnggi
yillardagi tizimli islohotlar va shakllanayotgan yangi iqtisodiy muhit turibdi.
Avvalo,
iqtisodiy liberallashuv jarayoni xalqaro investorlar uchun muhim signal boʻldi.
Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, tashqi savdo cheklovlarining
bosqichma-bosqich qisqartirilishi, xususiy sektor uchun imkoniyatlar kengayishi
hamda bozor mexanizmlarining kuchayishi mamlakatimizning investitsiyaviy
jozibadorligini oshirdi. Zero, har qanday investor kapital kiritishdan oldin
iqtisodiy qoidalarning barqarorligi, bozor munosabatlarining ochiqligi va
davlat siyosatining prognoz qilina olish darajasiga eʼtibor qaratadi.
Yurtimizda aynan shu yoʻnalishda muhim institutsional oʻzgarishlar amalga
oshirildi.
Ikkinchi
muhim omil — makroiqtisodiy barqarorlik. Jahon iqtisodiyotida turbulentliklar
kuchaygan sharoitda ham mamlakatimizda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼati saqlanib
qolayotgani xalqaro moliya institutlari va investorlar eʼtiborini tortmoqda.
Infratuzilma loyihalarining kengayishi, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya
qilish, ichki bozor hajmining oʻsishi hamda investitsiyaviy faollikning ortishi
bizni Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli iqtisodiyotlardan biri sifatida
koʻrsatmoqda.
Uchinchi
omil mamlakatimizning demografik salohiyati bilan bogʻliq. Aholimizning katta
qismi yoshlardan iborat boʻlib, mehnatga layoqatli qatlam ulushi yuqori. Bu
esa, bir jihatdan, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasi uchun keng mehnat
resurslarini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, ichki isteʼmol bozorining uzoq
muddatli oʻsishini kafolatlaydi. Xalqaro investorlar aynan shunday katta va
oʻsib borayotgan bozorlarni strategik yoʻnalish sifatida baholaydi.
Toʻrtinchi
omil — geoiqtisodiy oʻrnimiz. Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan
mamlakatimizga transport, logistika va savdo yoʻlaklari kesishgan muhim hudud
sifatida qaralmoqda. Keyingi yillarda temir yoʻl, avtomobil yoʻllari, quruqlik
portlari va mintaqaviy tranzit infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan
loyihalar mamlakatimizning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa
Oʻzbekistonning nafaqat ichki bozor, balki mintaqaviy xab sifatidagi
jozibadorligini ham taʼminlaydi.
Beshinchi
muhim omil — davlat aktivlarini transformatsiya qilish va korporativ
islohotlarni chuqurlashtirish siyosati. Ayniqsa, davlat ishtirokidagi yirik
korxonalarda korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, moliyaviy
hisobotlarda shaffoflikni kuchaytirish, mustaqil audit amaliyotini kengaytirish
va xalqaro konsalting institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish investorlar
ishonchini mustahkamlamoqda. Chunki global kapital uchun faqat bozor hajmi
emas, balki korporativ boshqaruv sifati va investitsiya xavflarining
boshqarilishi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonga
qiziqish qisqa muddatli konyunktura emas, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida
shakllanayotgan yangi institutsional muhitning natijasi sifatida namoyon
boʻlmoqda.
Jenni
Jonsonning bayonotida ham aynan shu jihatga alohida urgʻu berildi. Uning
taʼkidlashicha, Oʻzbekiston hukumati bilan davlat korxonalarida samarali
korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish
va mahalliy kapital bozorini rivojlantirish borasidagi hamkorlik xalqaro
investorlarda ishonch uygʻotmoqda. Bu esa mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar
global moliya institutlari tomonidan ijobiy baholanayotganini koʻrsatadi.
UzNIF
IPOsini oddiy moliyaviy operatsiya sifatida baholash toʻgʻri boʻlmaydi. Mazkur
jarayon mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli institutsional ahamiyatga
ega muhim qadam. Chunki gap faqat aksiyalar joylashtirish yoki kapital jalb
qilish haqida emas, balki Oʻzbekiston iqtisodiyotida yangi moliyaviy infratuzilma
va bozor munosabatlarini shakllantirish haqida bormoqda.
Mamlakatimiz
iqtisodiyotida koʻp yillar davomida bank kreditlari asosiy moliyalashtirish
manbai boʻlib keldi. Natijada iqtisodiy faollikning katta qismi bank tizimiga
bogʻlanib qoldi va moliyaviy risklar ham asosan shu sektor zimmasiga tushdi. Bu
esa iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligi nuqtayi nazaridan muayyan
cheklovlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Rivojlangan
davlatlar tajribasida esa kapital bozoriga iqtisodiyotning eng muhim moliyaviy
mexanizmlaridan biri sifatida qaraladi. Kompaniyalar aksiya, obligatsiya va
boshqa moliyaviy instrumentlar orqali toʻgʻridan toʻgʻri investorlardan mablagʻ
jalb qiladi. Bu esa iqtisodiyotda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya
qilish, raqobat muhitini kuchaytirish va xususiy kapital harakatini
faollashtirish imkonini beradi.
Shu
maʼnoda, UzNIF IPOsi mahalliy kapital bozori uchun yangi bosqichni boshlab
bermoqda. Avvalo, bozorda likvidlik darajasi oshadi, investorlar bazasi
kengayadi va yangi emitentlar uchun amaliy namuna shakllanadi. Eng muhimi,
aholining investitsiya madaniyati rivojlanib, moliyaviy instrumentlarga
qiziqishi ortadi. Bu esa kelgusida milliy kapital bozorining chuqurlashuvi
uchun mustahkam zamin yaratadi.
IPO
jarayonining yana bir muhim natijasi davlat ishtirokidagi kompaniyalarda bozor
intizomining shakllanishidir. Chunki ochiq bozorga chiqqan har qanday kompaniya
investorlar, auditorlar va moliya bozori ishtirokchilari oldida doimiy hisobdor
boʻladi.
Bu
esa, birinchi navbatda, xarajatlarni optimallashtirish, boshqaruv
samaradorligini oshirish va korporativ qarorlar qabul qilish sifatini
yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, moliyaviy shaffoflik kuchayadi,
mustaqil audit amaliyoti mustahkamlanadi hamda investorlar huquqlarini himoya
qilish mexanizmlari takomillashadi.
Eng
muhimi, davlat aktivlarini bozor tamoyillari asosida boshqarish amaliyoti
kengayib, iqtisodiyotda raqobat muhiti va xususiy kapital ishtiroki ortadi. Bu
esa milliy iqtisodiyot samaradorligini oshirishning muhim omillaridan.
Bozor
mexanizmining joriy etilishi davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanishga
undaydi. Chunki ochiq bozor sharoitida kompaniya faoliyati faqat davlat
nazorati emas, balki investorlar, tahlilchilar va xalqaro moliya institutlari tomonidan
ham muntazam baholab boriladi. Bu esa boshqaruv intizomini kuchaytiradi,
xarajatlarni optimallashtiradi va resurslardan foydalanish samaradorligini
oshiradi.
IPOning
muvaffaqiyatli oʻtishi xalqaro reyting agentliklari va investitsiya fondlari
uchun muhim signal. Zero, bozorda baholangan aktivlar mamlakat iqtisodiyoti
haqida ancha obyektiv tasavvur hosil qiladi. Buning oʻzi investorlar uchun
ishonch darajasini oshiradi.
Talabning
taklifdan toʻrt barobar yuqori boʻlgani esa xalqaro investorlar Oʻzbekiston
aktivlariga katta qiziqish bildirganini yaqqol koʻrsatdi. Bunday koʻrsatkich
mamlakatimizning investitsiya imiji mustahkamlanib borayotgani va iqtisodiy
islohotlar tashqi bozorlarda ijobiy qabul qilinayotganini anglatadi.
Jenni
Jonson taʼkidlaganidek, UzNIF IPOsi boshqa kompaniyalar uchun ham muhim yoʻl
ochuvchi tajriba boʻlishi mumkin. Bu juda muhim jihat. Chunki muvaffaqiyatli
IPO mexanizmi keyingi bosqichda yirik davlat kompaniyalarining xalqaro bozorga
chiqishi, xususiy sektor uchun yangi moliyalashtirish manbalari paydo boʻlishi
va mahalliy fond bozorining chuqurlashuviga zamin yaratadi.
Shu
bilan birga, bunday jarayon Toshkentning mintaqaviy moliyaviy markaz sifatidagi
mavqeini ham mustahkamlaydi.
Nega
talab toʻrt barobar yuqori boʻldi? IPOga talabning taklifdan toʻrt barobar
yuqori boʻlishi alohida tahlil talab qiladi. Bu, avvalo, xalqaro kapitalning
yangi oʻsish bozorlarini izlayotgani bilan izohlanadi. Jahonda anʼanaviy
bozorlarda oʻsish surʼati sekinlashib borayotgan bir sharoitda investorlar
istiqbolli rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga eʼtiborni kuchaytirmoqda.
Markaziy
Osiyo bu jihatdan hali toʻliq ochilmagan bozor sifatida baholanadi.
Mamlakatimiz esa aholi soni, ichki bozor hajmi, tabiiy resurslari, strategik
geografik joylashuvi va islohotlar surʼati bilan mintaqada ajralib turadi.
Investorlar aynan shu uzoq muddatli salohiyatni koʻrmoqda va unga kapital
yoʻnaltirmoqda.
Bundan
tashqari, global investorlar infratuzilma va davlat aktivlari bilan bogʻliq
investitsiyalarga alohida qiziqish bildiradi. Chunki bunday aktivlar, odatda,
iqtisodiy sikllar taʼsiriga nisbatan barqarordir. Energetika, transport,
kommunikatsiya va yirik sanoat obyektlari kabi sohalarga uzoq muddatli daromad
manbai sifatida qaraladi. Shu nuqtayi nazardan, yurtimizda davlat aktivlarini
transformatsiya qilish jarayoni xalqaro kapital uchun muhim investitsiya
imkoniyatlarini shakllantirmoqda.
IPOda
ishtirok etgan investorlarning 97 foizi xalqaro investorlar hissasiga toʻgʻri
kelgani ikki muhim xulosani anglatadi. Avvalo, bu koʻrsatkich Oʻzbekiston
iqtisodiyotiga nisbatan tashqi ishonch yuqori darajaga koʻtarilayotganini
koʻrsatadi. Yaʼni xalqaro moliya bozori ishtirokchilari mamlakatimizning uzoq
muddatli iqtisodiy salohiyatini ijobiy baholamoqda.
Biroq
mazkur raqam ikkinchi muhim masalani ham ochib beradi. Yaʼni mahalliy
institutsional investorlar bozori hali yetarlicha shakllanmagan. Rivojlangan
mamlakatlarda IPO jarayonida pensiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari,
investitsiya va pay jamgʻarmalari kabi yirik ichki institutlar faol ishtirok
etadi. Ular ichki kapital bozorining barqaror tayanchidir. Yurtimizda esa
bunday institutlar hali rivojlanish bosqichida turibdi. Shu bois, kelgusida mahalliy institutsional
investorlarni shakllantirish strategik vazifalardan biriga aylanadi. Xususan,
aholi mablagʻlarini kapital bozoriga kengroq jalb qilish, moliyaviy
savodxonlikni oshirish, pensiya va investitsiya jamgʻarmalari faoliyatini
rivojlantirish hamda uzoq muddatli ichki kapital manbalarini koʻpaytirish juda
muhim.
Har qanday yirik iqtisodiy islohot
singari IPO jarayoni ham muayyan risk va chaqiriqlardan xoli emas. Chunki
xalqaro kapitalni jalb qilishning oʻzi kamlik qiladi. Eng muhimi — ushbu
ishonchni uzoq muddat saqlab qolish.
IPOdan keyin investorlar endi
bayonotlar yoki islohotlar haqidagi rejalarni emas, balki real natijalarni
kuzatadi. Xalqaro bozorda kompaniya qiymati, birinchi navbatda, uning
samaradorligi, shaffofligi va boshqaruv sifati bilan baholanadi.
Agar kompaniyalarda samaradorlik
oshmasa, moliyaviy shaffoflik taʼminlanmasa, davlat aralashuvi yuqori darajada
saqlanib qolsa yoki menejment mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatiga ega
boʻlmasa, investorlar ishonchi pasayishi mumkin. Bu esa kelgusida kapital jalb
qilish imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shu maʼnoda, IPO islohotlarning yakuni
emas, balki ularning yangi va ancha masʼuliyatli bosqichidir. Chunki ochiq
bozorga chiqqan kompaniya endi global investorlar oldida doimiy ravishda oʻz
samaradorligi va boshqaruv sifati bilan hisobdor boʻladi.
Kapital bozori bir marta oʻtkazilgan
IPO bilan shakllanib qolmaydi. Unga xizmat qiladigan butun bir institutsional
muhit zarur. Agar shu muhit boʻlmasa, hatto muvaffaqiyatli deb baholangan
joylashtiruv ham uzoq muddatli samara bermasligi mumkin.
Kapital bozorini barqaror
rivojlantirish uchun quyidagi shartlar hal qiluvchi ahamiyatga ega: kuchli
brokerlik tizimi, mustaqil audit amaliyoti, yuqori sifatli tahlil maktabi,
ishonchli huquqiy himoya, sud tizimining samaradorligi hamda korporativ
axborotning oshkoraligi. Bu omillar oʻzaro uzviy bogʻliq. Ulardan biri zaif
boʻlsa, bozor butunlay muvozanatini yoʻqotishi mumkin.
UzNIF IPOsi birinchi qadam, xolos.
Asosiy vazifa endi shu bitimni alohida voqea emas, balki kapital bozorini
tizimli ravishda shakllantirish jarayonining boshlanishi sifatida davom
ettirishdir.
Global moliyaviy bozorlar tabiatan juda
oʻzgaruvchan. Geosiyosiy ziddiyatlar, markaziy banklarning foiz stavkalari
boʻyicha qarorlari, energiya narxlari, xomashyo bozorlaridagi tebranishlar va
ehtimoliy global retsessiya xavflari rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga
toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi. Demak, tashqi muhitdagi har bir siljish
investitsiya oqimlariga ham, bozor kayfiyatiga ham taʼsir etmasdan qolmaydi.
Biz uchun eng muhim vazifalardan biri
makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va tashqi shoklarga chidamli iqtisodiy
modelni mustahkamlashdir. Investor kapitalni barqarorlikka tikishni istaydi,
agar ushbu barqarorlik zaiflashsa, eng jozibali aktiv ham qiziqishni yoʻqotishi
mumkin. Shuning uchun investitsiyaviy jozibadorlikni saqlab qolish faqat bir
martalik muvaffaqiyat emas, balki doimiy iqtisodiy intizomni talab qiladi.
UzNIF IPOsi yana bir strategik savolni
kun tartibiga olib chiqdi. Oʻzbekiston kelajakda Markaziy Osiyoning moliyaviy
markazlaridan biriga aylana oladimi? Bu savol ortiqcha emas. Aksincha, u
mamlakatimizning keyingi iqtisodiy trayektoriyasi qaysi tomonga burilishini
belgilaydi.
Bu maqsadga erishish uchun bir nechta
zarur shart mavjud. Birinchidan, kapital bozori chuqur va likvid boʻlishi
kerak. Yaʼni bozorda bitimlar koʻp, ishtirokchilar turli va aktivlar erkin
sotilib-sotib olinadigan muhit shakllanishi lozim. Likvidlik boʻlmagan joyda
moliyaviy markaz haqida gapirish qiyin.
Ikkinchidan, huquqiy tizim investor
uchun ishonchli boʻlishi shart. Investor oʻz kapitali himoya qilinishiga
ishonmasa, hech qanday imtiyoz yoki reklama uni bozorda uzoq muddat ushlab tura
olmaydi. Shu bois, huquq ustuvorligi moliyaviy markazning asosiy
tayanchlaridan.
Uchinchidan, xalqaro moliyaviy
institutlar va investitsiya banklari uchun qulay muhit yaratilishi zarur. Bu
faqat regulyator yengilligi degani emas. Bu qoidalarning aniqligi, bozorga
kirish va chiqish mexanizmlarining soddaligi, axborot ochiqligi va
institutsional barqarorlik degani.
Toʻrtinchidan, milliy valyuta
barqarorligi va iqtisodiy prognozlanuvchanlik taʼminlanishi shart. Valyutadagi
keskin tebranishlar kapitalning uzoq muddatli qarorlarini zaiflashtiradi. Shu
sabab moliyaviy markaz faqat texnik infratuzilma emas, balki ishonchli
makroiqtisodiy muhit bilan ham baholanadi.
Beshinchidan, inson kapitali yetarli
darajada shakllanishi kerak. Moliyaviy tahlilchilar, investitsiya bankirlari,
korporativ huquqshunoslar, risk-menejerlar, audit va komplayens mutaxassislari
qatlami kengaymas ekan, moliyaviy markazning mazmunli poydevori boʻlmaydi.
Shu nuqtayi nazardan, UzNIF IPOsi
Toshkentni moliyaviy markazga aylantirish yoʻlidagi birinchi yirik qadam
sifatida baholanishi mumkin. Ammo bu qadamning qiymati shundaki, u keyingi
islohotlar uchun mezon ham, sinov ham boʻlib xizmat qiladi. Yaʼni endi masala
bir bitimda emas, balki butun tizimni ishlaydigan holatga keltirishda.
Kapital bozorining rivojlanishi faqat
yirik investorlar manfaati bilan cheklanib qolmaydi. Uning taʼsiri keng
jamoatchilik hayotiga ham bevosita yetib boradi. Zero, samarali kapital bozori
aholi jamgʻarmalarini iqtisodiyotga yoʻnaltirish, biznes uchun qoʻshimcha
moliyalashtirish manbalarini yaratish va mamlakatning umumiy iqtisodiy
dinamikasini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Uzoq muddatli istiqbolda bunday
jarayonlar quyidagi ijobiy natijalarni beradi: aholining investitsiya qilish
madaniyati shakllanadi, shaxsiy jamgʻarmalar iqtisodiyotga jalb etiladi, biznes
uchun nisbatan arzon kapital manbalari paydo boʻladi, yangi ish oʻrinlari
ochiladi va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish surʼati tezlashadi. Eng
muhimi, iqtisodiyot davlat byudjetiga ortiqcha bosim oʻtkazmasdan ham barqaror
rivojlanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Qisqasi, Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun
yangi davr boshlanmoqda. UzNIF IPOsini oddiy moliyaviy bitim sifatida baholash
yetarli emas. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi model shakllanayotganining
yaqqol belgisidir. Mazkur model davlatga qattiq bogʻlangan iqtisodiy tartibdan
bozor tamoyillariga tayanadigan iqtisodiyotga, yopiqlikdan global
integratsiyaga, maʼmuriy boshqaruvdan korporativ boshqaruvga hamda byudjet
mablagʻlariga suyangan moliyalashtirishdan investitsiyaviy moliyalashtirishga
oʻtishni anglatadi.
Albatta, oldinda hal qilinishi lozim
boʻlgan murakkab vazifalar kam emas. Biroq eng muhim natija shundaki,
Oʻzbekiston xalqaro kapital bozori xaritasida oʻz oʻrnini koʻrsatdi. London
fond birjasidagi IPO mamlakatimizning investitsiyaviy imijiga, iqtisodiy
islohotlariga va strategik transformatsiya jarayoniga berilgan jiddiy xalqaro baho
boʻldi.
Global investorlar endi yurtimizga
faqat xomashyo manbasi yoki isteʼmol bozori sifatida emas, balki uzoq muddatli
iqtisodiy hamkor sifatida qaramoqda. Aynan shu nuqta UzNIF IPOsining haqiqiy
tarixiy ahamiyatini belgilab beradi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar
masalalari qoʻmitasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor