Bu haqida «Dunyo» AA xabar berdi.
Minsk shahrida boʻlib oʻtgan muloqotda Oʻzbekistonning MDH doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikdagi ishtiroki va uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sergey Lebedev soʻnggi oʻn yillikda Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik faoliyatidagi ishtiroki sezilarli darajada kengayganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakat MDH doirasida qabul qilinayotgan hujjatlarga faol qoʻshilish bilan birga, yangi tashabbuslar muallifi sifatida ham ishtirok etmoqda.
MDH bosh kotibi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy zonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish, startaplar va innovatsiyalarni ilgari surish kabi tashabbuslar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotayotganini qayd etdi.
Shuningdek, MDH venchur platformasini yaratish va energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini tayyorlash loyihalari ham muhim tashabbuslar sifatida eʼtirof etildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda Toshkent MDHning birinchi Yoshlar poytaxti boʻldi. 2025 yilda esa Oʻzbekiston poytaxtida MDHga aʼzo davlatlarning birinchi Mintaqalar forumi oʻtkazildi. Joriy yilda «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat koʻrgazmasi va «MDH Innovatsion sanoati» forumi kabi yirik tadbirlar ham muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Uchrashuvda 2027 yilda Oʻzbekiston MDHga raislik qilishi ham qayd etildi. Mamlakat Hamdoʻstlikka ikkinchi bor raislik qiladi. Oʻzbekiston 2020 yilda, pandemiyaning murakkab sharoitlariga qaramay, ushbu masʼuliyatli vazifani munosib uddalagan edi.