Muzey ekspozitsiyasi orqali besh asrdan ortiq vaqt davomida Koreya siyosiy va madaniy hayotida alohida oʻrin tutib kelgan Choson qirollik sulolasining koʻp asrlik tarixi va boy madaniy merosi bilan tanishish mumkin.

Oʻzbekiston Birinchi xonimiga sulola vakillarining qadimiy qoʻlyozmalari va sheʼriy asarlari, anʼanaviy liboslar hamda oʻsha davrning turmush tarzi, anʼanalari va badiiy merosini aks ettiruvchi saroy madaniyatiga oid boshqa eksponatlar namoyish etildi.

Muzey ekspozitsiyasi bilan tanishgandan soʻng, Ziroat Mirziyoyeva va Kim Xe Gyon ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdilar.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va Koreya xalqlarini koʻp yillik doʻstlik, oʻzaro hurmat va madaniy mushtaraklikka asoslangan uzviy rishtalar bogʻlab turishi taʼkidlandi.