Qayd etilishicha, may oyi boshida Atlantika okeanida harakatlangan xalqaro kemalardan birida xantavirus aniqlangani rost. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holatga Janubiy Amerikaga xos bo‘lgan «Andes» shtammi sabab bo‘lganini tasdiqlagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, mazkur shtamm odamdan odamga yuqishi mumkin, ammo bu faqat juda yaqin va uzoq muddatli muloqot sharoitida sodir bo‘ladi. Virus COVID-19 yoki gripp kabi havo orqali tez tarqalish xususiyatiga ega emas.

Shu sababli xalqaro ekspertlar yangi global pandemiya xavfini juda past deb baholamoqda.

Fanlar akademiyasi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda odamdan odamga yuquvchi «Andes» shtammi hech qachon qayd etilmagan.

Shuningdek, mamlakat hududida uchraydigan xantaviruslar insonlar o‘rtasida yuqmaydi. Infeksiya asosan yovvoyi kemiruvchilar orqali, ularning chiqindilari aralashgan chang yoki noto‘g‘ri saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi mumkin.

Fanlar akademiyasi olimlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tabiiy o‘choqlar doimiy nazorat qilib borilmoqda va hozirgi vaziyat barqaror deb baholanmoqda.

Olimlar aholiga vahimaga berilmasdan, oddiy gigiyena qoidalariga amal qilishni tavsiya qildi. Xususan, uzoq vaqt yopiq turgan xona va yer to‘larni tozalashda niqob taqish, chang ko‘tarmaslik uchun namlab tozalash hamda oziq-ovqatlarni yopiq joylarda saqlash kerakligi ta’kidlandi.