Bu haqida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, shu yilning 3–4 iyul kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Gruziyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida mamlakatning asosiy transport infratuzilmasi obyektlari — Anakliya, Poti va Batumi portlari hamda Poti erkin sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi.

Tashrifning asosiy maqsadi Oʻzbekistonning eksport-import yuklarini Gruziya orqali tashish imkoniyatlarini kengaytirish, logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilish va xalqaro transport yoʻlaklarida mamlakat ishtirokini kuchaytirishdan iborat boʻldi.

Anakliya portida Oʻzbekiston tomonining Gruziyada qurilayotgan chuqur suv porti loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Qurilish yakunlangach, mazkur port barcha turdagi yirik kemalarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa uni Qora dengiz orqali Yevropa va boshqa bozorlarga chiqishni taʼminlaydigan muhim transport tuguniga aylantirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, port Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi bilan uygʻunlashganda Markaziy Osiyodan Qora dengizga chiquvchi yangi multimodal transport yoʻlagining muhim boʻgʻiniga aylanishi mumkin.

Poti portida Oʻzbekiston eksport-import yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini tashkil etish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bu esa yuklarni saqlash, qayta ishlash va tezkor yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Batumi portida Qora dengiz orqali yuk tashish hajmini oshirish va transport hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida Oʻzbekiston kompaniyalari ishtirokida konsortsium tuzish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan hamkorlik bitimlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashqi savdo geografiyasini kengaytirish va eksport mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazishda muqobil transport yoʻlaklarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu jarayonda Kavkaz orqali Qora dengiz portlariga chiqish imkoniyatlari strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Gruziya portlari bilan hamkorlikning kengayishi mamlakat eksportchilari uchun logistika xarajatlarini optimallashtirish, yuklarni yetkazib berish muddatini qisqartirish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.