Joriy yilda tanlov ishtirokchilari Oʻzbekistonning turli hududlaridagi togʻlar, koʻl va daryolar, oʻrmonlar, noyob hayvonot dunyosi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tasvirga oldi. Tanlovga jami 1 172 ta fotosurat yuklangan. Bu koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston Wiki Loves Earth 2026da ishtirok etgan mamlakatlar orasida 20-oʻrinni egalladi.

Saralangan fotosuratlarda Toshkent botanika bogʻi, Zomin milliy tabiat bogʻi, Ugam-Chotqol hududi, Urungʻoch tabiiy yodgorligi, Qoraqalpogʻistondagi Sudochye tabiiy qoʻriqxonasi kabi tabiat maskanlari aks etgan.

Wiki Loves Earth nafaqat fototanlov, balki mamlakatlarning tabiiy merosi haqida ochiq vizual arxiv yaratishga qaratilgan xalqaro loyiha hisoblanadi. Tanlov doirasida olingan fotosuratlar Wikimedia Commons platformasiga joylashtirilib, keyinchalik ensiklopedik, taʼlimiy va maʼrifiy loyihalarda foydalanilishi mumkin.

Endilikda Oʻzbekistonning saralangan 12 ta fotosurati xalqaro bosqichda boshqa mamlakatlardan tanlangan ishlar bilan birga baholanadi.